Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:31

Jizzaxda 12 yashar qiz o‘z joniga qasd qildi. Onasi maktabni ayblamoqda


E’zozaxon Siddiqova kasalxonada bir hafta davolandi. Surat onasining ruxsati bilan e’lon qilinmoqda.
E’zozaxon Siddiqova kasalxonada bir hafta davolandi. Surat onasining ruxsati bilan e’lon qilinmoqda.

1 iyun kuni Jizzax viloyat, Zomin tuman, Dashtobod shahridagi 50-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi E’zozaxon Siddiqova, onasining aytishicha, o‘z joniga qasd qilgan.

Onasi fikricha, qiz o‘z joniga sinf rahbari yakkalab qo‘ygani uchun qasd qilgan.

Kasalxonada qizning hayoti saqlab qolingan.

Maktab psixologlarining Ozodlikka aytishicha, iqtidorli o‘quvchining o‘z joniga qasd qilishiga sinf rahbari tomonidan yakkalab qo‘yilishi sabab bo‘lgan.

Sinf rahbari o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qilganini inkor etar ekan, uni hech qachon yakkalab qo‘ymaganini iddao qildi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mulozimi bu ish yuzasidan surishtiruv davom etayotganini aytdi.

Zomin tumanidagi 50-umumta’lim maktabi
Zomin tumanidagi 50-umumta’lim maktabi

O‘z joniga suiqasd

Zomin tumanidagi Dashtobod shahrida 50-umumta’lim maktabining 6 “d” sinfida o‘qiydigan 12 yashar qizi E’zozaxon Siddiqova 1 iyun kechasi ko‘p miqdordagi dori ichib, o‘z joniga qasd qilgan.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan qizchaning onasi 48 yashar Shahodat Haydarovaning aytishicha, o‘sha kuni fojia sodir bo‘lmasdan avval uni uyidan ichki ishlar bo‘limiga olib ketishgan edi:

- Maktab rahbarlari mening ustimdan “bizning bolamizni o‘ldirishga ahd qildi” deb tuhmat qilgan ekan. IIB boshlig‘i men bilan suhbatlashib, sizga tuhmat uyushtirilibdi, men jinoyat alomatlarini ko‘rmayapman, deb javob berdi. Qizim meni militsiya xodimlari olib ketishganini ko‘rgan edi. Uyga kelsam bolalarim uyg‘oq. Uxlanglar, men charchadim, dedimda yotdim. O‘sha kechasi qizim men sabab onamni endi qamashadi deb o‘ylab, mening uyqu dorimdan besh-oltitasini ichgan ekan. Ertalab stolning ustida dorining bo‘sh qutichasi turganini ko‘rib qo‘rqib ketdim, yugurib borib qarasam, qizimning og‘zi qiyshayib, ko‘zining oqi ko‘rinib qopti. Qo‘shnining mashinasida do‘xtirga olib bordik. U yerda ichini yuvishdi va bir hafta kasalxonada yotib chiqdi.

Ona o‘qituvchini ayblamoqda

Onaning aytishicha, qizining o‘z joniga qasd qilishiga uning sinf rahbari Ra’no Qodirovaning xatti-harakatlari sabab bo‘lgan.

- Sinf rahbari qizimni yomon ko‘rib qolgan va bunga men sababchiman. Chunki, men sinfdagi ota-onalar kengashi raisiman. O‘qituvchi sinfdan juda ko‘p pul yig‘ardi. Men bu pul yig‘ishlarga qarshi bo‘ldim. 2018 yilda sinf remonti uchun 520 ming so‘m yig‘ib berasizlar, dedi. Ota-onalar ham, men ham qarshi bo‘ldik. Men remontga ketadigan kraskayu ohaklarni o‘zimiz olib kelib, hashar yo‘li bilan remont qilib bersak bo‘lmaydimi dedim. Lekin bu gapimning bolamga zarari tegishini bilmagan edim.

Shahodat Haydarovaning aytishicha, shundan so‘ng sinf rahbari tomonidan uning qizini ta’qib qilish boshlangan:

- O‘qituvchisi ochiqdan-ochiq qizimni boshqa bolalardan ajrata boshladi, qizim bilan do‘stlashmaslikni aytib, qizimni sinfdoshlaridan yakkaladi. Sinf rahbarimiz, o‘rtoqlarim meni yomon ko‘radi, deb yig‘layverdi. Keyin qizim maktabga bormayman, deb turib oldi. O‘quv yili boshida uch oy maktabga bormadi, men esa uni zo‘rlolmadim. Shu ikki oy davomida bitta o‘qituvchisi ham nega maktabga bormayapti deb so‘ramadi.

“Psixologlar qizingizda suitsidga moyillik bor deyishdi”

Ona shundan so‘ng maktabga borib bu holatni o‘rganishlarini, qizining sinfini yoki sinf rahbarini o‘zgartirib berishni iltimos qilgan:

- Hech kim e’tibor qilmadi. O‘qituvchiga chora ko‘rilmadi. Viloyat Xalq qabulxonasiga bordim. Prokuraturaga chiqdim. Keyin sinf rahbari, maktab rahbarlari hammasi meni o‘rtaga oldi-da, arizangizni qaytarib oling, bo‘lmasa o‘zingizga yaxshi bo‘lmaydi, dedi. Keyin maktab psixologlari kelishdi. Ular bola bilan suhbatlashib, ancha yordam qilishdi. Suitsidga moyillik bor, ehtiyot bo‘ling, deyishdi. Lekin maktabdagi muhit yaxshilanmadi. Bolam kun sayin so‘lib bordi. Psixologlar prokuraturani suitsid ehtimoli borligidan ogohlantirishdi.

“Tergovchi o‘zgarganidan keyin ish teskarisiga qarab ketdi”

Shahodat Haydarova tuman prokuraturasiga murojaat qilganini avval surishtiruv yaxshi boshlanib, ish boshqa tergovchiga o‘tganidan so‘ng, vaziyat o‘zgarganini aytadi:

- Boshqa tergovchi menga jinoyatchiga qaraganday qaradi. Mening bolamni himoya qilish o‘rniga meni jinniga chiqarmoqchi bo‘lishdi, onalikka noloyiq deb topishmoqchi bo‘lishdi. Maktab direktori o‘rinbosari meni onalikka noloyiq deb, ko‘rsatma, beryapti. Direktor menga aytyapti, tepadan shunday buyruq bo‘lgan, Zomindan suitsid holati chiqishi mumkin emas. Uning majlisda bu haqda aytganlarining audioyozuvi bor menda.

“Bolaga nisbatan nohaqlik bo‘lgan”

50-maktabning ismi sir qolishini so‘ragan psixologlaridan birining aytishicha, u E’zozaxon Siddiqova bilan suhbatlashganda, haqiqatan ham o‘quvchi qiz uni sinf rahbari yakkalab qo‘yganini, hamma narsadan ko‘ngli sovib maktabga borgisi kelmaganini aytgan:

- E’zozaxon bilan biz maktabning ikki psixologi juda ko‘p suhbatlashdik. U tadbirlarda, bayramlarda qatnashib she’r aytgisi kelganini, raqslarga tushmoqchi bo‘lganini, lekin sinf rahbari uni chetlab qo‘yganini aytdi. Uning besh yo‘nalish bo‘yicha iqtidori borligini aniqladik. Ikki yil davomida o‘quvchining yakkalanib qo‘yilishi uning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilgan, bu yakkalab qo‘yishlar oxiri yig‘ilib-yig‘ilib, o‘zining joniga qasd qilishgacha olib kelganiga, biz psixologlar, amin bo‘ldik. Bolaga nisbatan nohaqlik bo‘lgan.

Psixologning aytishicha, bola uch oy davomida maktabga kelmagani haqida na sinf rahbari, na maktab rahbariyati ularga xabar bergan:

- Xalq ta’limi bo‘limidan Rayimqul Malikov aprelning oxirida maktabga kelganida, biz psixologlar bolaning uch oy davomida o‘qimaganini o‘shanda bildik. Shu paytgacha sinf rahbari ham, ma’naviyatchi direktor o‘rinbosari ham bizlarga murojaat qilmagan. Maktab direktori, mana sinf rahbarini almashtirdik, degan soxta buyruqni ko‘rsatib, hammani aldadi. Qizning onasi ham sizlarni ovora qilibman, deb uzr so‘radi.

Psixologning aytishicha, o‘quvchi may oyida darsga kelganida qog‘ozda ishdan olingan, lekin amalda ishlayotgan sinf rahbari tomonidan yana boshqalardan ajratish boshlangan:

- 20 may kuni E’zozaxon bir dugonasi bilan sinfdan tashqariga chiqib ketganda, sinf rahbari kelib o‘quvchilarni ertaga Zomin qo‘riqxonasiga sayrga olib borishini, bu haqda E’zozaxonga aytmaslikni tayinlaydi. Ertasi kuni u maktabga borsa, sinfdoshlaridan 3-4 nafari bor, xolos. Ular qaytib kelganidan so‘ng sinfdoshlari E’zozaxonga sayrni maqtashadi va uni chaqirmaslikni sinf rahbari tayinlaganini aytishadi. Shundan so‘ng, o‘quvchi sinf rahbarim almashmabdi, meni yakkalashda davom etyapti, deb yana tushkunlikka tushib qoldi. Biz yana borib, uyida suhbatlashdik. O‘shanda suitsidga moyilligi kuchli edi. Onasiga ehtiyot bo‘lishni tayinlab keldik. Prokuraturani ogohlantirdik.

Tergovchi o‘zi aytgan narsani yozib berishimizni talab qildi

Psixologning aytishicha, Zomin tuman prokuraturasining Shahodat Haydarova arizasi bo‘yicha ish olib borayotgan tergovchisi o‘zgargach, o‘quvchining suitsid sodir etishiga nimalar sabab bo‘lgani o‘rganilmasdan, aksincha bosim kuchaygan:

- Tergovchi o‘zgardiyu, biz psixologlarni yana chaqirtirdi. O‘quvchining nima uchun suitsid qilganiga qiziqmadi ham. Bizga diktovka qilib, o‘qituvchilar qizning onasiga qarshi ko‘rsatma bergan, sizlarning ko‘rsatmalaringiz ularga qarshi yozilgan, shuni yozib ber, deyapti. Biz yozmadik va prokuratura tergovchisining bu xatti-harakatidan norozi bo‘lib, Xalq qabulxonasiga ariza yozdik.

“Zomindan noxush xabar chiqmasligi kerak”

Shahodat Haydarovaning iddao qilishicha, ayni paytda bu ishni bosti-bosti qilish va qizini o‘z joniga qasd qilmagan qilib ko‘rsatishga harakat bo‘lmoqda:

- Men o‘zim yolg‘iz onaman. Ishsizman, uyda tikuvchilik qilib ro‘zg‘or tebrataman. Ikki bolam bor. Kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida turaman. Mening hech ortiqcha da’vom yo‘q edi. Men faqat qizimning o‘qituvchilar tomonidan yakkalab qo‘yilishiga, unga ruhiy azob berishganiga qarshiman. Lekin mening murojaatlarimga hech kim quloq solmadi, oxir-oqibat qizim o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Qaysi ona bunga chidab tura oladi? Hozir esa Zominda suitsid bo‘lganini xaspo‘shlash, go‘yoki qizim dori ichmagan, bu hammasi bo‘hton degan gapni tarqatishga va guvohlar ko‘rsatmalarini o‘zgartirishga jon-jahdlari bilan harakat qilishyapti. Menga hamma tomondan, maktabdan ham, prokuraturadan ham bosim bo‘lyapti. Chorasiz qoldim.

Sinf rahbari: “Men o‘quvchini yakkalab qo‘ymagandim”

50-umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Ra’no Qodirova Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchisining o‘z joniga qasd qilishiga uning xatti-harakatlari sabab bo‘lganini inkor qildi:

- Unaqa narsa bo‘lmagan, E’zozaxonning o‘zini o‘ldirishga harakatiga unaqa sabab bo‘lmagan, uni qabul qilgan vrach ham prokuraturaga dori ichmagan deb yozib bergan. Onasi shantaj qilgan, birinchidan u qamalib chiqqan, ikkinchidan uning jinniligi haqida spravkasi bor, prokuraturada turibdi, hammasi. Men u bolani hech qachon yakkalab qo‘ymaganman. Hamma yozgan tushuntirish xatlarimda ham yozganman buni.

Rasmiylarning javoblari

50-umumta’lim maktabining direktori Ulfat Xoliqov Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Maktab direktorining ma’naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchi E’zozaxon Siddiqovaning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlar ekan, buning uchun sinf rahbari jazolanganini aytdi:

- 1-may kuni (o‘quvchisi E’zozaxon Siddiqova o‘z joniga qasd qilishidan 1 oy oldin -tahr.) Ra’no Qodirova sinf rahbarligidan olingan. Ilmiy-pedagogik kengashning qarori bilan oyligidan bir marta 20 foiz ushlab qolish bilan jarimaga tortilgan. Sinf o‘quvchilari bilan qizning muammosi yo‘q. Hozirgi kunda E’zozaxon tuman hokimining yordami bilan yozgi oromgohga jo‘natilgan. Hozirgi kunda qizning ruhiy ahvoli joy-joyida.

Zomin tumani xalq ta’limi bo‘limining mulozimi Rayimqul Malikovning aytishicha, bu ishni o‘rganish hali oxirgi nuqtasiga etgani yo‘q:

- Mudirimiz bilan borib voqeani joyida o‘rgandik, sinf rahbariga ham, direktorning ma’naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariga ham choralar ko‘rdik. Lekin hali qozon yopilgani yo‘q. Ayni paytda sinf rahbari mehnat ta’tilida bo‘lgani uchun bu ish shunday turibdi. U ishga qaytganidan so‘ng yana bu masala muhokama qilinadi va tegishli choralar ko‘riladi.

Zomin tumani prokuraturasining telefoniga hech kim javob bermagani sababli, prokuraturaning bu masalaga munosabatini olish imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG