Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:38

Rishtondagi qurilishga nasiyaga g‘isht bergan korxonalarning aksari pulini to‘liq ololmayapti


Rishton tumanida uyi buzilganlarga berilayotgan g‘isht
Rishton tumanida uyi buzilganlarga berilayotgan g‘isht

Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi qurilishlar uchun nasiyaga g‘isht berishga majburlangan Buvayda tumanidagi 12ta g‘isht ishlab chiqarish korxonasining aksari mahsulot pulini to‘liq ololmagani sababli g‘isht berishni to‘xtatdi.

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlarning aytishlaricha, viloyat hokimining buyrug‘i bilan ular nasiyaga g‘isht bergan, lekin berilgan mahsulotning yarim pulini ham ololmagan.

Ayni paytda, viloyatdagi tijorat banklariga korxonalardan g‘isht sotib olib, Rishtonga yuborish vazifasi yuklangani aytiladi.

Viloyat hokimining matbuot xizmati rahbari Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortib, aloqani uzib qo‘ydi.

Buvayda tumanidagi g‘isht ishlab chiqarish korxonalaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbari Ozodlikka Rishton tumaniga berib yuborgan g‘ishtining yarim pulini ololmayotganini aytdi:

“Boshida mening korxonamdan 15 ming dona g‘isht berasan, pulini hisobingizga tashlab beramiz, deyishdi. Keyin hali buni pulini bermasdan yana 10 mingta olib ketishdi. Har dona g‘ishtning narxi 450 so‘m. 25 ming dona g‘isht 11 million so‘mdan ko‘p pul bo‘ladi. Shundan 6 million so‘m berishdi. Qolganiga indamay turishibdi. Shuning uchun to‘lovni to‘liq qilmasalaring, boshqa g‘isht bermayman, dedim”.

Buvayda tumanidagi 12ta g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalardan yana birining rahbari ham aksariyat korxonalar nasiyaga g‘isht berishni to‘xtatib qo‘yishganini aytadi:

“Yaqinda hokimlikda yig‘ilish bo‘ldi, g‘isht beringlar, bu obodonchilik uchun, deyishdi. Tadbirkorlar pulini bermayapsizlarku, deyishsa, sizlar davlatning tuprog‘ini olib ishlatyapsizlar, biz hech narsa demayapmizku, deyishdi. Keyin aksariyat tadbirkorlar nol-nol qilib qo‘ymasalaring boshqa g‘isht bermaymiz, bizning ham hisob-kitobimiz bor, deyishdi. G‘isht bermay qo‘ydik. Lekin, ba’zi korxonalar nasiyaga berib turibdi”

Tadbirkorning aytishicha, hokimiyat tomonidan ular ishlab chiqargan mahsulotning nasiyaga olinishi, boshqa xaridor tashkilotlar bilan tuzgan shartnomalarini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Tadbirkor ayni paytda, g‘isht sotib olib, Rishton tumanidagi qurilishlarga yetkazish viloyatdagi banklar zimmasiga yuklatilganini iddao qildi:

“Bizdan nasiyaga olib, pulini chala-chulpa qilib berib, boshqa majburlay olmay qolishdi. Lekin, bu vazifa hozir banklar zimmasiga yuklatilgan. Ular bizdan donasini 450 so‘mdan sotib olishyapti. Men gaplashgan bank xodimining aytishicha, ularga 300 so‘mdan pul to‘lab berishadi ekan, 150 so‘mi bankning zimmasida ekan. Prezidentimiz qurilishlarga milliardlab pul ajratilganini aytmoqda, lekin qaerga ketyapti u pullar. Hashar, xayriya, yordam shiori ostida tadbirkorlarni sog‘ish bo‘lyapti”.

Ozodlik tadbirkorlarning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi Gulbahor G‘anieva bilan bog‘landi.

Gulbahor G‘anieva qo‘ng‘iroq Ozodlikdan bo‘layotganini eshitgach, indamay aloqani uzib qo‘ydi va boshqa qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni ham tanqid qilib, bunday degan edi:

- Mana, internet foydalanuvchilarining Rishton tumanidagi ko‘chmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul berayapman, pulni "Obod qishloq" qilinglar, deb berayapman. Mana, sening menga "do‘stliging", G‘aniyev degan vallomat!

Prezident Farg‘ona viloyati hokimining amallari ortidan xalqning prezidentga bo‘lgan ishonchiga putur yetayotganiga ishora qilgan:

"Ey noinsof, Rishton bo‘yicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob G‘aniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Ro‘ziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qo‘rqadi! Nega desangiz, saviyang yo‘q, biliming yo‘q, kitob ham o‘qimaysan, prezidentning qarorini ham, - degan edi prezident Shavkat Mirziyoyev.

XS
SM
MD
LG