Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:44

Surxondaryolik ona: “Era med“ shifoxonasidagi operatsiyadan so‘ng qizim ko‘r va shol bo‘lib qoldi


Shahrizoda Mengqobilova may oyi o‘rtalarida “Sog‘lom avlod“ fondining 24 million so‘mlik yordami evaziga “Era med“ hususiy klinikasida operatsiya qilingan.
Shahrizoda Mengqobilova may oyi o‘rtalarida “Sog‘lom avlod“ fondining 24 million so‘mlik yordami evaziga “Era med“ hususiy klinikasida operatsiya qilingan.

Surxondaryoning Qiziriq tumanida yashovchi 25 yoshli Gulnoza Nurmanova Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi “Era Med” hususiy klinikasida operatsiya qilingan 3 yoshli qizi Shahrizoda ko‘r va oyoq-qo‘li shol bo‘lib qolganini aytdi.

Nurmanova qizining bu ahvolga tushishida hususiy klinika shifokorlarini ayblamoqda.

“Era Med” bosh shifokori Anvar Karimov Ozodlik bilan suhbatda uch yoshli Shahrizoda masalasi yuzasidan 13 avgust kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga chaqirtirilgani va bu bo‘yicha rasmiy izohni vazirlik berishini bildirdi.​

Yurak xastaligi bilan tug‘ilgan uch yoshli Shahrizoda Mengqobilova may oyi o‘rtalarida “Sog‘lom avlod“ fondining 24 million so‘mlik yordami evaziga “Era med“ hususiy klinikasida operatsiya qilingan.

Onasi Gulnoza Nurmanovaning Ozodlikka aytishicha, shifokorlar operatsiyadan so‘ng unga qizini ko‘zi ko‘r va oyoq-qo‘li shol ahvolda qaytarib berishgan:

- Operatsiyadan bir haftadan keyin qo‘limizga berishdi, o‘shanda qizimning ahvoli og‘ir edi. Operatsiyadan oldin qizim o‘ynab yurgan edi-da. Buni vrachlariga aytganimda buyragi otkaz qilayapti, yana reanimatsiyaga olamiz, deyishdi. So‘ng qizimni narkozsiz 4 ta joyidan teshib ko‘rganida kuchli og‘riqdan qizim nafas ola olmay qolgan. Bo‘yniga trubka qo‘yguncha uzoq vaqt kislorodsiz qolgan. Shuning oqibatidami, bolamning ko‘zlari ko‘r, oyoq qo‘llari shol, ishlamay qolgan.

Hozirda Surxondaryo viloyat Ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida yotgan Nurmanova qizining ahvoli kun sayin yomonlashayotganini aytarkan, bunday dedi:

- “Era med“ shifokorlari bu vaqtinchalik, yaxshi bo‘lib ketadi deyishgandi. Lekin yaxshi bo‘lmadi. Klinika vrachi "bolang qo‘rqdi, mulla olib kelib o‘qit" dedi. Klinikada reanimatsiyada ikki oy yotdik, tobora ahvoli og‘irlashdi. Surxondaryodagi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi nevropatologlari "odam bo‘lmaydi, kallasida ko‘p suv bor", deyishyapti. Endi qizimga kim yordam beradi?

Surxondaryolik ona Gulnoza Nurmanova uch yoshli farzandi "Era med" shifoxonasidagi operatsiyadan so‘ng qanday ahvolga tushib qolgani aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi.

“Era Med” bosh shifokori Anvar Karimov Ozodlik bilan suhbatda uch yoshli Shahrizoda Mengqobilova masalasi yuzasidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga chaqirtirilgani va bu bo‘yicha rasmiy izohni vazirlik berishini aytdi:

- Hozir ayni shu masalada vazirlikka ketyapman. Men bu haqda hech qanaqa izoh berolmayman sizga, izohni vazirlik beradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev Shahrizoda Mengqobilova masalasi yuzasidan vazirlik rasmiy bayonot tayyorlayotgani va yaqin fursatda bayonot vazirlik saytida e’lon qilinishini aytdi.

Gulnoza Nurmanova "qizini ko‘r va shol qilgan" “Era med“ hususiy klinikasini yopishni talab qilib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga arz qilganini aytdi:

- Men Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham bu haqda shikoyat qilganman. Yopish kerak bunaqa klinikani, boshqa bolalarni ham majruh qilib qo‘yishmasidan oldin.

Shifokorlarning xatosi tufayli farzandi nobud bo‘lgani haqda ota-onalardan Ozodlikka shikoyatlar ko‘p bo‘lgan.

25 may kuni Jizzax viloyati Yangiobod tumanida yashovchi Jasur Xudoyberdiyev Ozodlik bilan suhbatda to‘lg‘oq tutib kelgan turmush o‘rtog‘ini tug‘ruqxona vrachlari vaqtida qabul qilmagani oqibatida farzandi nobud bo‘lganini aytgandi.

Samarqand shahridagi viloyat Perinatal markazi​da 2019 yil 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 5 nafar chaqaloq o‘lgani, onalarga esa begona jasadlar berilgani haqda Ozodlik iyun oyida xabar bergan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil hukumat majlisida tibbiyot sohasidagi jiddiy muammolar va yetishmovchiliklar haqida gapirgan, ona va bola sog‘ligini asrash, aholini dori vositalari bilan ta’minlash va sog‘lom avlod o‘stirish – eng muhim masalalar ekanini ta’kidlagandi.

XS
SM
MD
LG