Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:31

Kaliningradda hojatxonada yoqib yuborilgan o‘zbek muhojiri vatanida dafn etildi


Azamat Hamrayev
Azamat Hamrayev

16 sentabr kuni Qashqadaryo viloyat, Kasbi tuman, Toshqo‘rg‘on qishlog‘ida 10 yildan beri Kaliningradda ishlayotgan 46 yashar Azamat Hamrayev dafn etildi.

11 sentabrda Rossiyaning Kaliningrad shahrida Azamat Hamrayevni o‘ldirgan shaxs hibsga olindi.

Mintaqa Tergov boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘zbek muhojirini 24 yashar kaliningradlik belkurak bilan o‘rib o‘ldirgan va jasadni biotualetda yoqib yuborgan.

Biroq, guvohlar qotillikka bir necha kishi aloqador ekani va hodisa joyidan yana bir oyog‘i singan o‘zbekistonlik shifoxonaga keltirilganini gapirishmoqda.

11 sentabr, erta tongda Kaliningrad shahrining P. Morozov ko‘chasidagi qurilish maydonchasida yonib yotgan biohojatxonada noma’lum shaxs jasadi topildi.

Hodisa tafsilotlarini Ozodlikka so‘zlab bergan Rossiya Tergov qo‘mitasining Kaliningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi rasmiysi Natalya Gatskoga ko‘ra, yonib ketgan murda O‘zbekiston grajdani bo‘lgan va uning o‘limiga aloqador shaxs shu kuniyoq qo‘lga olingan:

- O‘ldirilgan haqiqatan O‘zbekiston grajdani bo‘lgan. Tergovchilar uning o‘limi borasida konsullikka bildirishnoma yuborgan. 11 sentabr kuni qotillik sodir etilishidan bir necha soat o‘tib, gumonlanuvchi shaxs ushlandi va tergov yakuniga qadar hibsga olindi.

Natalya Gatsko migrantning o‘ldirilishi yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105- moddasi, 1- qismi (Qotillik) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Tergov qo‘mitasi 46 yashar o‘zbek muhojirini o‘ldirishda gumonlanayotganning so‘roq videotasvirini taqdim etdi.

"Ikki marta urdim: bir marta oyog‘iga, ikkinchi marta yelkasiga urdim. Tekshirganimda u nafas olmayotgandi. O‘likni tualetga olib kirdim, axlatxonadan olib kelingan pokrishkalar bilan o‘rab, ustiga kraska sepib, yoqvordim" deydi tergovchilar savollariga javob bergan 24 yashar kaliningradlik.

Kaliningradlik tergovchilar taxminlariga ko‘ra, 10 sentabr, kechki payt ayblanuvchi shaxs do‘stlari bilan P. Morozov ko‘chasidagi tashlandiq bog‘da spirtli ichimlik ichib o‘tirgan.

Bog‘da u unga yoqmagan notanish osiyolikni uchratib qolgan va belkurak sopi bilan uning boshi va tanasiga urgan. Tong saharda ayblanuvchi garajlar orasida kaltaklanganni o‘lik holatda topgan va jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida uni hojatxonada yoqib yuborgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi 46 yashar o‘zbekistonlik bosh miyaning yopiq jarohati tufayli jon berganini rasman ochiqladi.

"Hodisa joyida yana bir o‘zbekning oyoqlarini sindirishgan!"

Tergovchilar jinoyatda bir kishini gumonlayotganini bildirayotgan bo‘lsada, o‘ldirilgan o‘zbek migrantini shaxsan taniganlar Ozodlikka Morozov ko‘chasidagi qotillikning boshqacha talqinini so‘zlab berishdi.

Kaliningradda bir necha yildan buyon qurilishda ishlayotgan Zafar o‘ldirilgan shaxs qashqadaryolik 46 yashar Azamat Hamrayev ekani, hodisa joyidan yana bir o‘zbek muhojiri – A.P. shifoxonaga keltirilgani to‘g‘risida politsiya lom-mim demayotganidan xavotir bildirdi:

- Kechki 8 larda bo‘lgan bu voqea. Marhum Azamat Hamrayev va A.P. o‘sha kuni Morozov ko‘chasida pivo ichib o‘tirgan. Mahalliy yosh qizlar-bolalar ulardan pul talab qilgan, sigaret so‘ragan. Keyin ular tortishib qolgan. Soat 8 larda ular A.P.ning oyog‘ini urib sindirishgan. Azamat A.-ni o‘zi shifoxonaga skoriyda jo‘natgan.

Zafar kaliningradlik yoshlar bilan o‘sha kechasi bo‘lgan mushtlashuvda o‘zbek migrantlari pasportlarini oldirib qo‘ygan, deydi. Zafarning aytishicha, Azamat hujjatlarini qaytarib olish uchun mahalliylar oldiga borgan va qaytmagan:

- Shifoxonaga keltirilgan A. do‘sti Azamatga yordam berish uchun boshqa o‘zbek bolalarni telefon orqali chaqirtirgan. Ular borsa, bog‘da narkoman va ichvolgan o‘ris bolalar ko‘p ekan. Kechasi qo‘rqishkan ularning oldiga borishga. Ertalab o‘zbek bolalar qaytib kelgan va yonib yotgan tualetda odam jasadini ko‘rib qolgan: ikkita oyog‘i eshikdan chiqib turgan ekan! Mening jahlimni chiqartirayotgani – politsiya jinoyatda bir kishini ayblamoqda va kaltaklanib, oyog‘i sindirilgan A.ni tilga ham olishayotgani yo‘q. Oddiy maishiy janjal sifatida yopti-yopti qilmoqchi bular.

Hodisa joyiga borgan o‘zbek ishchilari yonib ketgan hojatxona yaqinida pasportlarni va Azamat Hamrayevning ust-boshini topgan.

Ozodlik 10 sentabr kechasi jarohatlangan 44 yashar A.N.ni Kaliningrad shahar Markaziy klinik shifoxonasidan topdi. Shifoxona vrachlari kasalxonaning travmatologiya bo‘limida yotgan o‘zbek muhojirining son suyagi singani, tanasida qator boshqa jarohatlar borligini Ozodlikka tasdiqlashdi.

Jabrlangan qashqadaryolik A.P. ahvolidan xabardor bo‘lgan O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi unga zaruriy yordam ko‘rsatishga hozir ekani ham ma’lum bo‘ldi.

Marhum Azamat Hamrayev Kaliningradda 10 yildan ortiq vaqt yashab kelgan va uy ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan.

O‘ldirilgan Azamat Hamrayevning jasadi 15 sentabr kuni hamqishloqlari ko‘magida O‘zbekistonga yuborildi. 16 sentabrda tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo viloyat, Kasbi tumani, Toshqo‘rg‘on qishlog‘ida dafn etildi.

Toshqo‘rg‘onlik Azamat Hamrayev ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi edi.

Hodisa tafsilotlarini so‘zlab bergan Zafarga ko‘ra, qotillik sodir etilgan kechasi Azamat Hamrayevning Qashqadaryoda katta qizi farzandli bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG