Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:52

Yevropa sudi ikki yildan buyon izolyatorda qolayotgan o‘zbek qochqini masalasida Rossiyaga tanbeh berdi


Ravshan Rahimovni kaltaklangan ahvolda advokat Roza Magomedova topgan
Ravshan Rahimovni kaltaklangan ahvolda advokat Roza Magomedova topgan

8 oktabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi O‘zbekiston grajdani Ravshan Rahimovni Toshkent so‘rovi bilan ekstraditsiya qilayotgan Rossiya hukumatini Inson haqlari Konvensiyasini buzganlikda aybladi.

O‘zbekistonlik qochqin masalasida qaror chiqargan Strasburg sudiga ko‘ra, ikki yildan buyon berib yuborish xavfi ostida deportatsiya lagerida ushlab turilgan 39 yashar navoiylik Ravshan Rahimov O‘zbekistonda qiynoqlarga solinishi mumkin.

2019 yilning 8 oktabrida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHES) navoiylik 39 yoshli qochqin Ravshan Rahimov masalasida qaror chiqardi.

IHES Rahimovni O‘zbekiston so‘rovi bilan ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan Rossiya hukumatini Inson huquqlari va asosiy erkinliklari to‘g‘risidagi Konvensiyaning 3- moddasini buzganlikda aybladi va “Hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xo‘rlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerakligi”ni eslatdi.

Strasburg hakamlari fikricha, O‘zbekiston grajdani Ravshan Rahimov Rossiya hukumatiga “o‘z yurtida unga nisbatan og‘ir qiynoqlar qo‘llanilishi mumkinligi to‘g‘risida yetarli asos-dalillar keltirgan”.

Shu tariqa, Yeropa sudi o‘zbekistonlikni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida hukm chiqargan rus idoralarini “bu insonga bo‘layotgan xavf-xatarni yetarli tarzda baholay olmaganlikda” aybladi.

Ozodlikka taqdim etilgan bu qarorda, shuningdek, Rossiya rasmiylari siyosiy va diniy motivlar asosida O‘zbekiston hukumati tomonidan talab qilinayotgan grajdanlar jiddiy bosim ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirilgan.

Bunday qarorga kelishda Strasburg sudi BMT, inson huquqlari himoyasi tashkilotlari va, xususan, Human Rights Watchning 2019 yilgi Xalqaro hisobotiga tayanganini ham bildirgan.

Hisobotda 2016-2018 yillar davomida Shavkat Mirziyoyev hukumati mamlakatda inson huquqlari masalasida ilg‘or qadamlar qo‘ygan va 40 ga yaqin siyosiy mahkumlarni ozod etgan bo‘lsada, panjara ortida 159, 216, 244-1 va 244-2- moddalari asosida qamalgan yana ko‘plab mahkumlar qolayotgani ta’kidlanadi.

Ravshan Rahimov tergov izolyatorida oyog‘i singan va ko‘zi ko‘kargan holatda topilgan
Ravshan Rahimov tergov izolyatorida oyog‘i singan va ko‘zi ko‘kargan holatda topilgan

Ravshan Rahimovning himoyasini ta’minlayotgan “Memorial” huquq himoyasi markazi advokati Roza Magomedova va “Fuqaroviy ko‘mak” Qo‘mitasi himoyachisi Olga Golublar o‘zbekistonlik qochqin masalasida Rossiyadan tovon undirib berishni so‘rab, Yevropa sudiga yana bir murojaat qilishlarini gapirmoqda.

- Biz Yevropa sudi Rossiya tomonidan Konvensiyaning 5- moddasi (Ozodlik va shaxsiy dahlsizlik huquqi) qo‘pol buzilganiga e’tibor qaratadi, deya umid qilgandik, zero Ravshan Rahimov 2 yildan ortiq vaqtdan buyon sud nazoratisiz deportatsiya markazida saqlanmoqda. Rossiya sudlari Yevropa sudining yakuniy qarori chiqqungacha Rahimovni ozod etishdan bosh tortib kelayotir. Endilikda biz Rahimov Rossiyada vaqtinchalik qochqinlik olishi uchun harakat qilamiz, - dedi Ozodlikka advokat Roza Magomedova.

Himoyachilarga ko‘ra, yaqin kunlarda Ravshan Rahimov Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazidan ozod etilishi kutilmoqda.

Ozodlik 2017 yilning sentabrida Moskva shahar sudi O‘zbekiston tomonidan ekstremizmda ayblanayotgan 37 yoshli o‘zbekistonlik Ravshan Rahimovni ekstraditsiya etmaslik to‘g‘risida qaror chiqarganiga qaramasdan, politsiya olib ketgan o‘zbek muhojirini himoyachilar oyog‘i singan va ko‘zi ko‘kargan holda ikki kun o‘tib politsiya bo‘limidan topgani to‘g‘risida xabar qilgandi.

Sud qarordan ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 242-2 moddasi (Jinoiy guruh tashkil qilish) asosida 2014 yildan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan. Ikki farzandning otasi bo‘lgan Ravshan Rahimov bir guruh boshqa o‘zbekistonlik muhojirlar bilan birga 2014 yilning dekabridan boshlab Moskva shahrida "Turkiston Islomiy partiyasi" tashkilotining faoliyatida ishtirok etib kelganlikda ayblanmoqda.

Hech qanday diniy tashkilotlarga a’zo emasligi, ekstremizm va siyosiy g‘oyalardan mutlaqo yiroqligini aytib kelayotgan asli Navoiy viloyatining Karmana tumanidan bo‘lgan Ravshan Rahimov Rossiyada qurilish ishlari bilan shug‘ullanib kelganini aytgan edi Ozodlik bilan suhbatda.

11 sentabr kuni, O‘zbekistonga berib yuborish mumkin emasligi to‘g‘risida Mosgorsud qarori borligiga qaramasdan, Moskvaning Babushkinskiy tuman sudi Rahimovni oxirgi 7 oy tergov izolyatorida “qaydga turmasdan yashagani va migratsiya qonunchiligini buzgani” vaji bilan O‘zbekistonga deportatsiya qilish haqida hukm chiqargan edi.

XS
SM
MD
LG