Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:17

Asakada byudjet xodimlari aholidan kommunal to‘lovlar va mulk solig‘i yig‘ishga safarbar qilindi


Tekshiruvchi ko‘rsatilgan kommunal xizmat uchun haqni hisoblayapti. (Suratning Asakadagi voqeaga aloqasi yo‘q)
Tekshiruvchi ko‘rsatilgan kommunal xizmat uchun haqni hisoblayapti. (Suratning Asakadagi voqeaga aloqasi yo‘q)

Andijonning Asaka tumanida bandlik, ijtimoiy ta’minot, kommunal xizmat, bank, soliq idoralari xodimlari aholidan mulk solig‘i va kommunal to‘lovlarni yig‘ishga majburan safarbar etildi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan asakalik byudjet xodimlarining aytishicha, tuman hokimi 10 oktabr kuni maxsus yig‘ilish o‘tkazib, qarzdorlikni tugatish uchun yuqorida tilga olingan tashkilot xodimlarini mahallama-mahalla yurib, aholidan mulk solig‘i va kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirishga jalb qilgan.

Asaka tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi tumanda qarzdorlikni tugatish va byudjetga tushumni oshirish bo‘yicha har bir tashkilotga topshiriq berilganini tasdiqladi.

Askadagi "Hamkor bank"ning ismi oshkor etilishini istamagan xodimi o‘ziga biriktirilgan hududdagi tabiiy gaz, suv va elektr energiyasi bo‘yicha kommunal to‘lovlar hamda mulk soliqlarini yig‘ish uchun javobgar etib qo‘yilgani, bankdagi ishi qolib mahalla oqsoqollari bilan ertalabdan uyma-uy yurib qarz undirishga majbur bo‘layotganini aytdi:

Kuni bilan uyma-uy yuramiz, yarim kechasi tuman hokimi o‘tkazadigan majlisda qancha undirilgani haqida hisobot beramiz. U yoqda bankdagi ishlarimiz qolib ketyapti.

- Kuni bilan uyma-uy yuramiz, yarim kechasi tuman hokimi o‘tkazadigan majlisda qancha undirilgani haqida hisobot beramiz. U yoqda bankdagi ishlarimiz qolib ketyapti. Rejani bajarmaganlarni esa hokim hammani oldida turg‘izib, so‘kyapti, uyaltiryapti.

Asaka tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimi ham aholidan qarz undirishga jalb etilganini Ozodlikka aytdi:

- Byudjetda pul yo‘q, maoshlarning vaqtida berilishi ana shu to‘lovlarning yig‘ilishiga bog‘liq, deb tushuntiryapmiz. Nafaqalarni vaqtida olaman, desangizlar qarzlarni vaqtida to‘langlar, deb aytayapmiz.

Qarz undiruvchilar guruhiga mahalla faollari hamroxlik qilmoqda.

Asaka tumanidagi "Qayrag‘och" mahalla faollaridan biri qarz undirishga nega shuncha odam safarbar qilinganini bunday tushuntirdi:

- Hozir tumanda qarzdorlik ko‘p, odamlar soliqlarni vaqtida to‘lamayapti. Nega shuncha odam qarz yig‘ishga jalb qilindi, deyapsiz, chunki soliq idorasidan bitta o‘zi borsa bermayapti-da. Shunga pensiya jamg‘armasi, bandlik va biz borib tushuntirish ishlarini qilyapmiz-da. Biz har bir xonadonni bilamiz , "15inchidan oshib ketadi, qarzdan qutulinglar", deb tushuntiramiz.

Asaka tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi tumanda aholi qarzini undirish bo‘yicha 10 oktabr kuni majlis o‘tkazilgani va har bir tashkilotga bu bo‘yicha topshiriq berilganini tasdiqladi.

Hokimlik mulozimining aytishicha, banklarga naqd pul tushumining kamayishi aholiga maoshlarning berilishini qiyinlashtirgan:

- Tadbirdan asosiy maqsad qarzdorlikni tugatish va byudjetga pul tushumini oshirish, bu bo‘yicha har bir tashkilotga topshiriqlar berildi.

Lekin, hokimlik xodimi byudjet tashkilotlari xodimlari aholidan kommunal to‘lovlar va mulk solig‘i yig‘ishga jalb etilganini inkor etdi.

Ozodlik bundan oldin ham O‘zbekistonning boshqa viloyat va tumanlarida davlat byudjetidan maosh oladigan muassasa-idora xodimlari, jumladan maktablarda o‘qituvchilar, shifoxonalarda shifokorlar kommunal to‘lovlarni undirishga majburlangani haqida xabar bergan.

Ammo, hukumat o‘qituvchi va shifokorlarning majburiy mehnatga jalb etishni taqiqlab qo‘yishi ortidan bu ish bank, ijtimoiy ta’minot idoralari va boshqa byudjet tashkilotlari zimmasiga yuklanmoqda.

XS
SM
MD
LG