Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:52

Saylovdan so‘ng Andijonda yana chiroq o‘cha boshladi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Elektr ta’minotidagi muntazam uzilishlardan xunobi oshib, 29 noyabrda yo‘l to‘sgan andijonliklar yana chiroq o‘cha boshlaganidan shikoyat qilmoqda.

Ta’minotda uzilishlar boshlanganini Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tasdiqlaganini mahalliy nashrlar xabar qildi.

22 dekabrda o‘tgan saylov arafasida gaz va elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotganiga oid Ozodlikka kelayotgan xabarlar oqimi to‘xtab qolgan edi.

Mahalliy bloger ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilar orasida o‘tkazgan so‘rov natijalariga qaraganda, saylovdan so‘ng chiroq yana o‘cha boshlaganini har ikki kishidan biri e’tirof etgan.

- Saylovgacha uch-to‘rt kuni chiroq o‘chmadi. Saylov kuni ham chiroq yonib turdi, faqat gaz o‘chib qoldi, keyin bir -ikki soatlarda yana qayta gaz berish boshlandi. Saylovdan keyin ham chiroq o‘chmasdan tursaydi, deb orzu qilayotgan edik. Ko‘z tegdi shekilli, saylov o‘tishi bilan yana elektrda uzilishlar bo‘layapti,- dedi Ozodlikka 24 dekabrda so‘zlagan andijonliklardan biri.

Andijonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tgan saylovdan so‘ng yana chiroq o‘cha boshlaganini Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi ham rasman tasdiqlagani to‘g‘risida mahalliy nashrlar xabar qildi.

Korxonaning bildirishicha, elektr ta’minotidagi uzilishlar 24 dekabrda boshlanib, 29 dekabrgacha davom etadi.

Uzilishlarning asosiy sababi sifatida Andijon tumani hududida joylashgan 220/110/10 kV kuchlanishli «Yulduz» podstansiyasida 125 000 kV quvvatli 2-kuch transformatorini 200 000 kV quvvatli kuch transformatoriga almashtirish ishlari olib borilishi bilan izohlashgan.

Bu masalada ma’lumot olish uchun bir necha marotaba telefon orqali Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ammo korxonada hech kim telefon go‘shagini ko‘tarmadi.

Ayni paytda 22 dekabr kuni Ozodlikning Telegram kanaliga yuborilgan videoda Andijonda tungi paytda ko‘cha chiroqlari yonib turganini, shahar markazi bayramona ruhda bezatilib, elektr bilan yoritilganini ko‘rish mumkin.

Байрамона безатилган Андижон: Ҳамма ёқ чароғон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:25 0:00

Ayni paytda mahalliy nashrlarning yozishicha, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ham saylovdan so‘ng elektr ta’minotida uzilishlar boshlangan.

Ozodlikning Farg‘onadagi manbalaridan biri, shaharda hozircha chiroq o‘chmayotganini, ammo qishloqlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar saylovlar arafasida ham to‘xtamaganini aytdi.

Rishtonlik manba esa: “Internetda noyabr oxirida Andijonda svet o‘chganidan norozilar ko‘cha to‘sgani katta shov-shuv bo‘lganidan so‘ng ta’minot yaxshi bo‘lib qoldi. O‘shanda hamma blogerlar elektr va gaz taqchilligi haqida yozgandi, hozir bizning tumanda svet o‘chmayapti”, deb aytdi.

28 noyabr oqshomida gaz va elektr uzilishlariga norozilik bildirgan andijonliklar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi. Ozodlik bu voqea Andijon shahrining Dalvarzin va Oltinko‘l tumanining Qo‘shtepa mahallalari orasidan o‘tuvchi yo‘lda bo‘lganini aniqlagan.

Ayni shu kuni kechqurun O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida “aholidan kelib tushayotgan muammolar”¸ birinchi navbatda esa¸ gaz-svet taqchilligi masalasida “o‘ta shoshilinch” videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

O‘zbekistonda 22 dekabrda o‘tgan saylov arafasida gaz va elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotganiga oid Ozodlikka kelayotgan xabarlar oqimi to‘xtab qolgan edi. Ammmo saylov yakunlanganidan so‘ng gaz va elektr muammosi yana qayta paydo bo‘lmoqda.

Jumladan, bloger Alimoff saylov yakunlanishi bilan ijtimoiy tarmoqda “Saylovdan keyin svet o‘chishni boshladimi,” degan so‘rov o‘tkazgan.

So‘rovda qatnashgan 6747 odamdan 45 foizi bu savolga “Ha, o‘chayapti”, 55 foizi “Yo‘q, o‘yamayapti”, deb javob bergan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG