Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:34

Bir necha kishi zo‘rlagani gumon qilinayotgan 15 yashar qiz 6 oylik homilasidan ajradi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qashqadaryo viloyat Koson tumanidagi umumta’lim o‘rta maktablaridan birining 9- sinfida o‘qiydigan 15 yashar qiz 9 yanvarga o‘tar kechasi yashirib yurgan olti oylik homilasidan ajradi.

Ozodlik muxbirining bu hodisa yuzasidan savollariga javob bergan Koson tuman rasmiylariga ko‘ra, 8 yanvar kuni kechqurun qizni to‘lg‘oq tutib, qon keta boshlagan. Koson tuman tug‘ruqxonasiga zudlikda olib kelingan qizning homilasi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan.

Koson tuman Ichki ishlar bo‘limi mazkur voqea yuzasidan tergovgacha tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

Qaysi maktabda o‘qishi va ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum qiz yashaydigan mahalla uchastka noziri O‘. J. tergov manfaatlari doirasida voqeaning boshqa tafsilotlari oshkor etilmasligini aytdi.

Unga ko‘ra, qizning o‘zi uni jinsiy aloqaga majburlagan odamlar kimligini bilmaydi. Lekin kamida uch-to‘rt odam u bilan jinsiy aloqada bo‘lganini aytmoqda. Hozircha bu ish yuzasidan hech kim qo‘lga olinmagan.

Qiz yashaydigan mahalla aholisi vakillaridan birining Ozodlikka aytishicha, qizning qo‘shnilari uni otasi zo‘rlab kelgan, degan gumonda ekanliklarini aytmoqdalar.

“Chunki qizning otasi aroqqa juda berilib ketgan. Onasi ham ishsiz, harob bir ahvolda. Oilaviy sharoitlari juda yomon. Mahallaning moddiy ko‘magi va muruvvatli odamlarning ehsoni bilan kun ko‘radilar”, dedi qizning qo‘shnilaridan biri.

Ammo uchastka noziri O‘. J. va mahalla raisi Sh. X. “qizni otasi zo‘rlagan” degan gap-so‘zlar hozircha o‘z tasdig‘ini topmaganini bildirdilar.

“Qizning otasi haqiqatan ham aroqqa berilgan. Oilasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Onasi ham ishsiz. Mahalla qo‘mitasi moddiy ko‘mak berib turadi, shu bilan tirikchilik qilishadi. Lekin qizning otasi bu ishni qilganiga ishonmayman. U odamni bilganlar ham bu gapga ishonishlari qiyin. Qizning o‘zi tergovchilarga: “Meni oq “Neksiya” mashinasiga katta yoshdagi bir kishi aldab mindirib, ovloq joyga olib borib aloqa qilgan”, deyapti. Yana uch-to‘rt odam ham bo‘lgan, deb aytayapti”, dedi Sh. X.

Bu voqeani joyida mustaqil o‘rgangan Kosondagi Ozodlik manbasining aytishicha: “Mahalla ham, maktab o‘qituvchilari ham qizning homiladorligini olti oygacha sezishmagan. Keyin qizning homiladorligi oshkor bo‘lgach, maktab rahbariyati bu voqeani jamoatchilikdan yashirmoqchi bo‘lgan va yashirin ravishda qizning homilasini oldirib tashlamoqchi bo‘lgan. Qizning uyiga yashirincha ravishda ginekolog vrachlarni ham olib kelishgan”.

Koson tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Soyib Dovudov mustaqil manbaning bu iddaolarini rad etdi.

“Qizning homilador ekanini tug‘ruqxonaga olib kelinganida bildik. Men u qizni borib ko‘rdim. Basavlat qiz ekan, shuning uchun homilasi bilinmaganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Tumanimizdagi maktablarda tibbiy ko‘rik har yili aprel oyida o‘tkaziladi. Qiz esa avgust-sentabr oylarida homilador bo‘lib qolgan. Shuning uchun tibbiyot xodimlari ham bilmaganlar homiladorlikni. Qizning o‘zi maktabda a’lo baholarga o‘qigan, oilasidagi qiyinchiliklarga qaramay, maktabni qoldirgan emas. Ayni paytda bu voqeadan tegishli xulosalarni chiqarayapmiz. Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga maktablardagi tibbiy ko‘rikni yilda bir marta emas, hech bo‘lmaganda ikki marta o‘tkazish taklifi bilan muroljaat qilmoqchimiz”, - dedi xalq ta’limi boshqarmasi mudiri Soyib Dovudov.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda balog‘atga yetmagan qizlarni zo‘rlash bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risidagi xabarlar bot-bot paydo bo‘lmoqda.

Masalan, 2019 yilning sentabrida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani huquq tartibot organlari 62 yashar ximiya o‘qituvchisining o‘quvchi qizni bir yarim yil davomida maktab hududida muntazam jinsiy zo‘rlab kelgani yuzasidan tergov olib borayotgani xabar qilingan.

2019 yilning avgustida Qo‘shrabotda 82 yashar qariya 9 yashar qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinib, jinoyat ishi ochilgani haqida ma’lum qilingandi.

2018 yilning noyabrida Jizzax viloyat, Forish tumanidagi maktablardan birining 7-sinf o‘quvchisi g‘ayritabiiy tarzda homilador bo‘lib qolgan va voyaga yetmagan qizni homilador qilib qo‘yishda uning 24 yashar qo‘shnisi gumonlangani to‘g‘risida xabar berilgan..

2018 yilning sentabrida Xorazmda voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilganlikda gumonlanayotgan 43 yoshli erkakka qo‘lga olingandi.

XS
SM
MD
LG