Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:46

Taniqli yozuvchi Hamid Ismoil Ozodlikning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori etib tayinlandi


Hamid Ismoilov bunga qadar Bi-bi-sida ishlagan.
Hamid Ismoilov bunga qadar Bi-bi-sida ishlagan.

Ozod Yevropa/ Ozodlik radiosi (RFE / RL)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori lavozimiga Hamid Ismoilov tayinlandi. U 1 fevraldan RFE/RL da faoliyatini boshlaydi.

«So‘nggi paytlarda bizning Markaziy Osiyo xizmatlarimiz muhim jarayonlarga bag‘ishlangan maqolalarni e’lon qildi. Shundan kelib chiqqan holda, bu samarali faoliyatni yanada kuchaytirish va mustahkamlash maqsadida Hamid bizning taklifimizni qabul qilganidan mamnunmiz», - dedi RFE/RL prezidenti Jeymi Flay.

U so‘zida davom etar ekan: «Bu mintaqa juda murakkab, ammo Hamidning katta jurnalistik va mintaqaviy tajribasi faoliyatimizning strategik yo‘nalishini ta’minlaydi hamda hamkasblarimizga Markaziy Osiyodagi bizning auditoriyamizga a’lo darajadagi jurnalistikani taqdim etishda madad bo‘ladi», - deb qo‘shimcha qildi.

Ismoilov RFE/RLga kelishdan oldin Bi-bi-si jahon xizmatida 14 yil Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi xizmatiga rahbarlik qildi. Bu xizmat mintaqaning o‘nga yaqin davlati uchun olti tilda turli hil platformalarda eshittirish va ko‘rsatuvlar tayyorlaydi.

Keyinroq u Bi-bi-sining Yevropa bo‘yicha ijrochi muharriri bo‘lib ishladi. Mohir muxbir, yozuvchi va shoir sifatida u Bi-bi-si jahon xizmatining ilk yozuvchi-rezidenti lavozimga tayinlangan. Bu lavozimda u ommaviy axborot vositalari sohasidagi yangi tashabbuslarni boshqargan va Jahon xizmatining Rossiyaga eshittirishlari uchun podkasting bilan shug‘ullangan.

U Markaziy Osiyo davlatlaridagi barcha tillarini, shuningdek, rus, turk va fors tillarini biladi.

Ismoilovdan oldin Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida Venera Jumatayeva ishlab kelgan. Venera Jumatayeva bu lavozimda bir qator muhim va shov-shuvli jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazilishini nazorat qildi.

Endilikda u RFE/RLning qirg‘iz xizmati «Azattiq» radiosiga rahbarlik qilishda davom etadi.

«Venera so‘nggi o‘n oy ichida RFE/RL bu muhim mintaqada erishilgan muvaffaqiyatlarga katta hissa qo‘shdi. Men uning RFE/RLda o‘tgan vaqt ichida olib borgan faoliyatini juda qadrlayman va u kelajakda ham bizning faoliyatimizga hissa qo‘shishda davom etishidan mamnunman», -dedi Flay.

RFE/RLning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tojik va turkman xizmatlarini o‘z ichiga oladi.

RFE/RL haqida ma’lumot:

RFE/RL o‘zining mahalliy muxbirlariga tayangan holda OAV erkinligi cheklangan va professional matbuot hali to‘liq rivojlanmagan 22 mamlakat uchun 22 tilda 37 milliondan ortiq odam uchun aniq axborot va ma’lumot berib keladi.

RFE/RL muxbirlari tayyorlagan videolar 2017 yilda Facebook, YouTube va Instagram / IGTV tarmoqlarida 3,6 milliard marta ko‘rilgan.

RFE/RL taqdim etadigan ma’lumotlar - senzura qilinmagan yangiliklar, mas’uliyatni his qilgan holda argumentlar bilan pishiqlangan fikr almashinuvi, muammolarning ochiq va halol muhokamasidir.

RFE/RL AQSh global media agentligi orqali AQSh Kongressi taqdim etadigan grant asosida moliyalashtiriladi.

XS
SM
MD
LG