Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:23

Rossiya o‘zbek muhojiriga 11 yil oldin qiynoqqa solingani uchun 25000 yevro to‘laydi


Rossiya hukumati 2009 yilda Peterburgning 47-politsiya bo‘limida qiynoqqa solingan o‘zbekistonlik mehnat muhojiriga Yevropa sudi qarori bilan 25 ming yevro tovon puli to‘laydigan bo‘ldi.

Bu haqdagi qarorni Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi 4 fevralda​ qabul qildi.

Rossiya tergov organlarida politsiyachilarni javobgarlikka tortish talabi bilan Mo‘min Sultonov qilgan shikoyatlarga 4 marta rad javobi berilgan.

“Inson huquqlari va asosiy erkinliklari himoyasi to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 3- moddasi moddiy-huquqiy tomondan buzilgan bo‘lib, janob Sultonov....politsiya bo‘limida ushlab turilganida qiynoqlarga solingani, hukumat esa ularning shikoyatlari asosida samarali tergov olib bormagani asosida qaror qildi”, deyiladi sud hujjatida.

25 ming yevro tovon pulini Rossiya hukumati qaror e’lon qilinganidan boshlab uch oy davomida to‘liq to‘lashi kerak, deb belgilandi. Ko‘rsatilgan to‘lov muhlati buzilsa, sud Rossiya hukumati o‘zbekistonlikka penya ham to‘lashi hujjatda qayd etildi.

1977 yilda Samarqandda tug‘ilgan Mo‘min Sultonov 2009 yilning 3 sentabrida talon-torojda gumonlanib, peterburglik politsiya xodimlari tomonidan ish joyida ushlangan. Shaharning Frunze tumani Ichki ishlar bo‘limiga qarashli 47-politsiya bo‘linmasiga olib kelingan Sultonovdan politsiyachilar jinoyatni sodir etganlikda iqror bo‘lishni talab qilgan.

Rad javobini olgan politsiya xodimlari samarqandlik muhojirni o‘lar holatgacha kaltaklagan va elektr toki bilan qiynagan. Keyinroq Sankt-Peterburgning 109-shahar shifoxonasida Mo‘min Sultonovning qo‘li va bo‘ynida, tizzasi va tanasining boshqa qismlarida jarohatlar borligi qayd etilgan. Muhojirning chap ko‘zi kaltaklardan shishib, ochilmay qolgan.

2010 yilning 31 martidan 2011 yilning 24 yanvarigacha Mo‘min Sultonovga uni azoblagan politsiyachilarga nisbatan jinoyat ishi ochilishi talabi bilan qilgan arz-shikoyatlariga tergov organlarida to‘rt marotaba rad javobi qaytarilgan.

Uzoq yillik tortishuvlardan keyin samarqandlik mehnat muhojiri ishi 2019 yilning may oyida Yevropa sudiga tushadi.

Rossiya hukumati yuristlari sud mahkamasida o‘zbekistonlik migrantni “Rossiya ichkarisidagi barcha huquq himoyasi vositalaridan foydalanmaganlikda va Inson haqlari to‘g‘risidagi Konvensiya qoidasini buzganlikda” ayblamoqchi bo‘ldi. Xususan, Rossiya hukumati himoyachilariga ko‘ra, Sultonov jinoyat ishi ochilishiga berilgan rad javoblari ustidan rus sudlariga murojaat qilmagan.

Yevropa Sudi himoyachilarning bu e’tirozlarini inobatga olmasdan, “jinoyat ishi ochilishi arizasiga berilgan 4 martalik rad javobi sudga murojaat qilishga mantiq qoldirmagan”, deya javob qaytargan.

Samarqandlik Mo‘min Sultonov ishi bilan bir kunda Strasburg sudi Rossiya hukumatidan yana 9 rossiyalikka jami hisobda 287,6 ming yevro jarima puli undirib berdi. Undan tashqari, Rossiya arizachilarning advokatlarga ketgan sarf-harajatlarini qoplashi lozimligi belgilandi.

Arizachilar voronejlik Konstantin Ishevskiy, penzalik Sergey Meshkov, nijniy tagillik Dmitriy Mixeyev, voronejlik Vladimir Kvasov, oryollik Denis Prudnikov, orenburglik Vladimir Prutkov, novosibirsklik Aleksandr Vasilyev, tataristonlik Ayrat Sitdikov va Biyarslan Akayevlar ham Rossiya politsiyasida qiynoq-azoblarga solingani ustidan Strasburgga shikoyat yo‘llagan edi.

2019 yilda Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga yuborgan shikoyatlar bo‘yicha birinchilikni egallab kelmoqda - ular jami arzlarning 25,2 foizini tashkil etdi. Bu raqamlarni o‘z hisobotida keltirgan sud raisi Linos-Aleksandr Sitsilianos shikoyatlar soni oshib borishini rossiyaliklarning Strasburg sudiga bo‘lgan ishonchi oshib borayotgani bilan izohladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG