Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:38

Oltinsoyda IIB xodimlari bilan to‘qnashuvda kaltaklanganlardan biri kasalxonaga yotqizildi


Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati mahalla aholisi huquq-tartibot idoralari xodimlariga tayoq, bolta, belkurak va tosh bilan hujum qilgani va oqibatda ikki nafar xodimi yaralanganini ma’lum qildi.
Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati mahalla aholisi huquq-tartibot idoralari xodimlariga tayoq, bolta, belkurak va tosh bilan hujum qilgani va oqibatda ikki nafar xodimi yaralanganini ma’lum qildi.

Surxondaryo viloyat, Oltinsoy tuman, Xalqobod mahallasida ichki ishlar xodimlari bilan to‘qnashuvda boshi yorilgan fuqaro viloyat kasalxonasiga yotqizildi.

Xalqobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduvahob Alimovning Ozodlikka aytishicha, 14 fevral kuni sodir bo‘lgan to‘qnashuv paytida qo‘lga olingan 6 kishi qo‘yib yuborilgan.

Ozodlik 14 fevral kuni “Xalqobod” mahallasidagi noqonuniy qurilgan uylar buzilishi haqida ogohlantirgani kelgan tuman hokimligi, prokuraturasi hamda IIB xodimlari va mahalliy aholi o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergani haqida xabar bergan edi.

Mahalla raisi: Qamalganlar qo‘yib yuborildi, bir kishi kasalxonaga yotqizildi

“Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduvahob Alimovning 17 fevralda Ozodlikka aytishicha, ichki ishlar xodimlari qo‘lga olingan 6 kishini o‘sha kuniyoq mahalla oqsoqollarining aralashuvi bilan qo‘yib yuborgan:

- Hozir qamalganlar yo‘q, hammasi qo‘yib yuborilgan. Lekin kasalxonada bir odam bor. Jarohati jiddiy bo‘lgani uchun viloyat kasalxonasiga olib ketishgan. O‘sha yerda davolanayapti.

Raisga ko‘ra, to‘qnashuvda yana ikki kishi – yoshi 60 lar atrofidagi erkak va bir homilador kelinga ham kuch ishlatilgan. Lekin ularga jiddiy shikast yetmagan. Shuning uchun ular kasalxonaga murojaat qilmagan.

Bosh prokuratura janjalda Ichki ishlar bo‘limining 2 xodimi jarohatlanganini ma’lum qilgan. Biroq Bosh prokuratura bayonotida to‘qnashuvda qancha odam ishtirok etgani, ulardan qanchasi kaltaklangani va qo‘lga olingani to‘g‘risidagi ma’lumotlar aytilmagan.

Buzilishi rejalashtirilayotgan 5 ta uy egalari "amnistiya"dan umid qilgan edi

Abduvahob Alimovga ko‘ra, buzilishi rejalashtirilayotgan uylar O‘zbekiston prezidentining 2019 yil, 1 mayga qadar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga “amnistiya” e’lon qilinganidan keyin qurilgan. Egalari uylari prezident qarori ortidan qonuniylashtirilishiga umid qilganlar.

- Mahallamizda 527 ta xo‘jalik bor. Shulardan 5 tasining hujjatlari yo‘q. Ular majbur bo‘lganliklaridan, boshqa iloji qolmaganidan 6 sotixdan yerni egallab olishgan. Ular kadastrga bir necha marta uylarini qonuniylashtirishni so‘rab murojaat qilgan, ammo kadastr ularni hujjatlashtirishdan bosh tortgan. Ular bu yerlarni 2008 yilda ekin ekish uchun olishgan edi. Kartoshka, sabzavot ekib, yig‘ib olishardi. Prezidentning qarori chiqqanidan keyin uy qurib olishgan, - dedi mahalla raisi.

Oltinsoy tuman hokimiyati esa 16 fevral kuni e’lon qilgan rasmiy bayonotida mazkur uylar “amnistiya” muddati tugagandan keyin fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoniga noqonuniy qurilganini va bu uylar buzilishini bildirdi.

Viloyat hokimi norozilar bilan uchrashdi, uylar buziladigan bo‘ldi

“Xalqobod” mahallasidagi janjaldan so‘ng voqea joyida viloyat hokimi To‘ra Bobolov mahalliy aholi bilan uchrashdi. Uchrashuv videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi. Videoda viloyat hokimi mazkur hudud sug‘oriladigan yer bo‘lgani uchun bu yerda uy qurish mumkin emasligini ta’kidlagan va mutassadilarga uyi buziladiganlarga sug‘orilmaydigan yerdan uy qurish uchun yer ajratib berishni topshirgan.

- Hozir bularga tegmaysizlar. Hozir bular qayerga boradi, degan masala ham bor. Navro‘z o‘tganidan keyin bularga suvsiz yerdan joy ajratib berasizlar, - deydi hokim videoda.

Ammo hokim bilan uchrashayotgan aholi bunga norozilik bildirgan.

“Bobur fermer xo‘jaligida ham uylar qurilgan. O‘sha yerda qurilgan 72 ta uyning kadastrini berishdi. Nega bizga berishmadi? Kadastr xodimlarining ayblari bilan bizning hujjatlarimiz qonuniylashtirilmasdan qolib ketdi”, deyishadi videoda norozilar.

"Amnistiya" to‘g‘risidagi farmon

Ozodlik 14 fevral kuni “Xalqobod” mahallasidagi noqonuniy qurilgan uylar buzilishi haqida ogohlantirgani kelgan tuman hokimligi, prokuraturasi va IIB xodimlari va mahalliy aholi o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergani haqida xabar bergan edi.

Bosh prokuratura 16 fevral kuni tarqatilgan bayonotida janjal uchun mas’uliyat "noqonuniy qurilgan" uy-joyi buzilishiga qarshi chiqqan oilalarga yuklangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 20 aprelda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Mazkur aksiya 2019 yilning 1 mayida yakunlandi.

O‘zbekistonda uy-joy amnistiyasi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xatlov natijasida 1 millionga yaqin turar-joylar o‘zboshimchalik bilan qurilgani aniqlangandi.

Farmonga asosan, 2019 yilning 1 mayigacha fuqarolar o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalari yoki ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar -joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilingan.

Biroq farmonda uy-joy qurish mumkin bo‘lmagan yerlarga qurilgan uylar qonuniylashtirilmasligi, shuningdek, qo‘p qavatli uylar oldidagi maydonlarga qurilgan inshootlar amnistiyaga tushmasligi belgilangandi.

Mahalliy saytlar Oltinsoydagi nizo to‘g‘risida nimalarni yozdi?

Oltinsoydagi voqea O‘zbekistonning deyarli barcha mahalliy axborot saytlarida yoritildi.

Jumladan, “Daryo” saytining yozishicha, ichki ishlar xodimlari 53 yoshli Fotima Mirzayevani 10 metr joygacha sudrab borishgan.

“Rosa urishgach, hushimdan ketganman. Odamlar himoya qilishgan. Qo‘llarim va oyoqlarim ishlamayapti. Kelinimni ham sudrashdi. Axir o‘sha xodimlarning onasi tengi ayol bo‘lsam, menga shunday qilishgani insofdanmi?” deb aytgan Fotima Mirzayeva.

“Daryo”ning yozishicha, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi voqeada viloyat IIB ayni kunda Rossiyada yurgan fuqaro — A’zam Toshovni ham xodimlariga tajovuz qilishda ayblagan.

Kun.uz esa mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini xabar qildi.

Kun.uz yana bir xabarida “Milliy tiklanish" partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi raisi Alisher Qodirov Oltinsoy tumanidagi voqeani "bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari qonunlarimizga ham, qadriyatlarimizga ham zid bo‘lgan jinoyat sifatida baholanishi kerak”, deb baholagani haqida yozdi.

Hokimiyat organlarining reaksiyasi xronikasi

Oltinsoydagi to‘qnashuv haqida o‘sha kunning o‘zidayoq Surxondaryo viloyat IIB rasmiy bayonot berdi. Unda ikki nafar militsiya xodimi Sh.Mustafoqulov va A.Jabborov turli darajadagi tan jarohatlari olgani va kasalxonaga yotqizilgani bildirilgan. Lekin aholi vakillari orasida tan jarohati olganlar haqida ma’lumotlar berilmagan.

15 fevralda Bosh prokuratura ham bu borada o‘z bayonotini e’lon qildi. Bayonotda janjal uchun mas’uliyat "noqonuniy qurilgan" uy-joyi buzilishiga qarshi chiqqan oilalarga yuklangan.

Oltinsoy tuman hokimiyati esa 16 fevraldagi bayonotida “Oltinsoy tumanining “Xalqobod” mahallasida yashovchi 6 nafar fuqaro tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lmagan sug‘oriladigan ekin maydonlarida ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy binolar albatta buziladi. Ammo bu ularga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan zahira maydonlardan yer ajratilib, uy-joy qurib olishlariga amaliy jihatdan ko‘maklashilgandan keyin amalga oshiriladi. Ushbu hududga borgan komissiya a'zolari ham o‘zboshimchalik bilar qurilgan uylarni buzdirish uchun emas, asl holatni o‘rganish uchun borgan” deb bildirdi.

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov mahalliy aholi bilan uchrashdi. Viloyat hokimi mazkur hudud sug‘oriladigan yer bo‘lgani uchun bu yerda uy qurish mumkin emasligini ta’kidlagan va mutassadilarga uyi buziladiganlarga sug‘orilmaydigan yerdan uy qurish uchun yer ajratib berishni topshirgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi munosabat

Oltinsoydagi to‘qnashuv ijtimoy tarmoqlarda ham keng muhokama qilindi.

Jumladan, bloger Malohat Eshonqulova: "Bu nimadan dalolat? "Islohot"lar "mevasi"mi? O‘zbekistonda olib borilayotgan olamshumul o‘zgarishlar shumidi hali? Bu o‘sha "buyuk" ishlarning boshlanishimi?" deb savol qo‘ydi.

Bloger Ibrat Safo esa: "Yerni ularga kimdir sotganmi, kim sotgani, qanchaga, qachon - ma’lumot yo‘q, chunki hali aytganimdek, bu uylar kecha osmondan tushgan.

Prezident unumdor yerlarni qattiq nazorat ostiga olishni buyuribdi. Unumdor yerlarda yashayotgan odamlarning ota-onasini sudrab, ko‘tiga tepib chiqarilsin degan joyi ko‘rinmadi qarorda.

Osmondan tushgan uylar turgan fermer xo‘jaligining nomi “Oq oltin manzarasi” ekan... Mana oq oltin manzarasi. Balki endi “Qora qon manzarasi”ga o‘zgartirilar",
deb yozdi.

Bloger Temur Malik "Milliy tiklanish" partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi raisi Alisher Qodirovning Oltinsoydagi voqea haqidagi munosabatiga munosabat bildirar ekan, bunday yozdi: "Shu o‘rinda Mark Tvenning bir mashhur iqtibosini eslatib o‘tishni lozim topdim: “Agar xalq ovozi biron narsani hal qilganida edi, ularni saylovlarga yaqinlashtirishmasdi”.

XS
SM
MD
LG