Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Haytali chorvador” fermer xo‘jaligi rahbari yaylovsiz qolgani sababli 800 bosh qo‘yi, 320 bosh qoramoli, 5 ta otini og‘ilxonada saqlashga majbur bo‘lmoqda.
Yiliga 80 tonnagacha sut, 4 tonnagacha go‘sht topshirishini aytgan fermer o‘ziga qarashli 873 gektar yaylovdan ajralib qolganini yanvarning boshida bildi.
Nusxasi Ozodlikda mavjud hujjatlardan tuman prokuraturasi “Haytali chorvador”ga qarashli yaylov yuzasidan so‘nggi ikki yilda bir-biriga mutlaqo zid ikkita protest kiritgani, so‘nggi protest fermerni yersiz qoldirgani ma’lum bo‘ldi.
Sariosiyo tuman prokurori Ozodlikka “Haytali chorvador” fermer xo‘jaligi bilan bog‘liq vaziyat "o‘rganilayotganini, masala 3-4 kunda hal bo‘lib qolishini" bildirdi.
- Mollarim shu kunda og‘ilda turibdi. 300 mln so‘mga yem sotib olib, ularni qishdan chiqardim. Mollarimni yaylovga haydaydigan muddat keldi. Lekin haydolmayman. Hokim yerimizni yuz foiz olib qo‘ygan, - dedi Ozodlikka “Haytali chorvador” fermer xo‘jaligi rahbari 32 yashar Yigitali Melikov 25 fevralda.
Fermerning tashvishlari Ozodlikka u jo‘natgan videodan ma’lum bo‘ldi.
Haytali chorvador” tumandagi eng ilg‘or fermer xo‘jaliklaridan biridir.
7 daqiqa, 57 soniyalik videosyujetda Yigitali Melikov yuzaga kelgan vaziyatni tushuntirishga harakat qiladi. Syujet davomida uning ishchi-xizmatchilari ham ko‘rinadi. Ulardan biri - veterinar vrachning aytishicha,“Haytali chorvador” tumandagi eng ilg‘or fermer xo‘jaliklaridan biridir”.
Syujetda ishchi-xizmatchilardan tashqari xo‘jalik joylashgan hudud – Chilonzor mahallasi raisi ham gapirib, “Haytali chorvador” xalqqa, kam ta’minlangan oilalarga yordam berib kelayotganini, muammosi yo‘qligini” aytadi.
1996 yildan beri hech kim bizga to‘sqinlik qilgan emas edi.
“Haytali chorvador” fermer xo‘jaligini 2014 yildan beri boshqarib kelayotgan Yigitali Melikovning aytishicha, xo‘jalikka uning otasi 1996 yili, kolxozlar tugatilayotgan paytda, 60 bosh qoramolni xususiylashtirib, asos solgan.
Xo‘jaligi bilan bog‘liq muammolari qanday boshlanganini aytarkan, Yigitali bunday dedi:
- 1996 yildan beri hech kim bizga to‘sqinlik qilgan emas edi. 2018 yili tuman hokimi 873 gektar yaylovimizning 100 gektardan ortiqrog‘ini boshqa fermerga qaror chiqarib berib yuborgan edi. O‘shanda biz prokuraturaga arz qilganmiz va prokuror hokimning qaroriga protest kiritib, uni bekor qildirgan va yer o‘zimizga qolgan.
Ozodlikda Sariosiyo tuman prokuraturasining 2018 yil, 30 iyundagi protesti nusxasi bor. Unda “Haytali chorvador” fermer xo‘jaligi qonunni buzmagani aniq-tiniq yozilgan. Bu protest ortidan tuman hokimi 2018 yil, 7 sentabrdagi qarori bilan “Haytali chorvador” fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydoni 873 ga ekanligini belgilab qo‘ygan.
Bir yil oldin bizning foydamizga protest kiritgan prokuratura bir yil o‘tib, bizga qarshi protest berdi.
Yigitali Melikovning aytishicha, tuman prokuraturasi oradan bir yil o‘tib 2018 yilgi pozitsiyasining mutlaqo aksiga o‘tib oladi.
- 2019 yili prokuror o‘zgardi va u bizga qarshi protest kiritdi. Bir yil oldin bizning foydamizga protest kiritgan prokuratura bir yil o‘tib, bizga qarshi protest berdi.
Ozodlikda Sariosiyo tuman hokimining 2019 yil, 17 apreldagi qarori nusxasi bor. Tuman prokurorining 2019 yil, 12 apreldagi protestidan kelib chiqqan hokim bu qarori bilan o‘zining 2018 yil 7 sentabrdagi qarorini bekor qilgan.
Yigitali Melikov hokimning sentabrdagi qaroridan, unda “Haytali chorvador”ga chorvasiga yarasha yer maydoni ajratib berish aytilganidan yanvarning dastlabki kunlarida xabar topganini, lekin o‘sha yer hanuz ajratilmaganini aytdi.
Ozodlik Sariosiyo tuman hokimi bilan bog‘lana olmadi. Biroq tuman prokurori Nodir Azizov bilan bog‘landi.
“Haytali chorvador” ishi bo‘yicha komissiya tuzilgan. Shu kunda o‘rganayapti
“Haytali chorvador” ishi bo‘yicha komissiya tuzilgan. Shu kunda o‘rganayapti. 2-3 kunda tugatadi. U chiqish qildiku. O‘sha chiqishi bo‘yicha o‘rganilyapti. Yordam beriladi. Masalasi hal bo‘ladi”, dedi tuman prokurori.
Nodir Azizovn “U chiqish qildiku” der ekan, u aftidan, Yigitali Melikov Youtube portalida e’lon qilgan murojaatni nazarda tutdi.
“Bundan bir necha kun oldin Youtubeda Prezidentga murojaat e’lon qilgan edim. Lekin hech kim e’tibor bermadi, shuning uchun Ozodlikka aytishga qaror qildim” dedi Yigitali Ozodlikka.
Ozodlikning “Nima uchun prokuratura pozitsiyasi bir yilda bu qadar keskin o‘zgarib qoldi”, degan savoliga Sariosiyo tuman prokurori Nodir Azizov yuqoridagi gapini takrorladi, xolos.
Ozodlikning “Mollaringizni shu kunda yaylovga haydasangiz nima bo‘ladi?” degan savoliga javoban Yigitali Melikov bunday dedi:
- Foydalanib kelgan yerimni hokim qaror chiqarib boshqa birovga berib yuborgan. Eshitib yuribman, agar men molimni haydab borsam, ular meni sudga bermoqchi.
- O‘zbekiston hukumati 2019 yilning 19 sentabrida yaylovlardan foydalanishga oid qaror (689-qaror) qabul qilgan edi. Hujjatga binoan yaylov maydonlari mahalliy davlat hokimiyati organlari qarori bilan doimiy egalik qilishga, ijaraga va vaqtinchalik foydalanishga berilishi mumkin.
- O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 13 noyabrida o‘tkazgan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va ipakchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash uchun haftaning har jumasi «Chorvachilik kuni» deb e’lon qilingan edi.