Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:35

Andijonda snos: quruvchi shirkat 3 marta almashdi, ko‘chishga majburlanayotgan oilalar xavotirda


Andijon shahrining Cho‘lpon prospektida buzilayotgan uy, 3 mart, 2020
Andijon shahrining Cho‘lpon prospektida buzilayotgan uy, 3 mart, 2020

Andijon shahri markazidagi Cho‘lpon shohko‘chasi bo‘yidagi ko‘pqavatli uylar buzilmoqda. Bir chekkadan buzilayotgan 12- va 14-uylarda yashovchi oilalar 10 kunda uyini bo‘shatishga majburlanayotganidan arz qilmoqda.

Aholi quruvchi shirkat va’dalariga ishonmayotir. Boisi, so‘nggi 2 yilda quruvchi 3 marta almashdi – biri g‘oyib bo‘lgan, biri qamoqqa olingan. Hozir uchinchisi ishlayapti.

Andijon shahar hokimligi mutasaddisi aholining xavotirlari o‘rinsiz, oilalar boshpanasiz qoldirilmaydi, deb va’da qildi.

O‘tgan asrning 60- yillarida qurilgan bu uylarning har birida 28 tadan xonadon bor. Ayrimlarida 2-3 tadan oila yashaydi.

Ozodlikka yo‘llangan videomurojaatida uylar aholisi vakillari buziladigan uyi evaziga berilayotgan taklifdan qoniqmayotganini aytgan.

12-uyda - buvisiga tegishli xonadonda yashashini aytgan Gulasal Muhammadjonova ularga ijaraga chiqish taklif qilinayotganidan norozi ekanini aytadi:

- Uy buvimniki - buvim 85 yoshga kirgan ayol. Bizga boshqa uy berishning o‘rniga kvartiraga chiqishni taklif qilishyapti. Biz bunga norozimiz, buvim ham yig‘layapti. Shu yoshida (kvartiraga) chiqishi to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun, bu uyni hech qanaqa asosda bo‘shatmayman - prezidentimiz qaroriga muvofiq bizga uy o‘rniga uy berilishini so‘rayman.

Ayni uyda yashovchi Eduard Murudov esa, "uyim buzilishi haqida avvaldan qonuniy tartibda rasman ogohlantirilmadim", deb arz qilmoqda.

Bundan tashqari, uning aytishicha, bir chekkadan buzilayotgan uyda qolgan oilalarni ko‘chirish asnosida qonunda belgilab qo‘yilgan normalarning yarmi ham bajarilmagan:

- Barchamizning umumiy talabimiz – aholi uylari buzilishi bo‘yicha mavjud qonunchilikka amal qilishsin. Biz snosga tushdik. Lekin, biz qancha talab qilmaylik, hali ham bizga qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiy ogohlantirish berishmadi. Bundan tashqari, qonunda ko‘chirish bo‘yicha belgilangan tartibning yarmi ham bajarilmadi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu ikki uyda yashagan bir necha oilaga shaharning boshqa qismida ko‘pqavatli uydan kvartiralar olib berilgan.

Lekin ayrim oilalar vaqtincha ijaraga chiqarib yuborilgan, ularga eski uylar (12- va 14- uylar) o‘rnida qurilishi rejalangan ko‘pqavatli uydan xonadon va’da qilingan.

Aytilishicha, quruvchi shirkatlar bu uylar o‘rnida 12 qavatli zamonaviy turar-joy qurmoqchi.

12-uyda yashaydigan oilalar taqdim qilgan surat, Andijon
12-uyda yashaydigan oilalar taqdim qilgan surat, Andijon

Hozirga kelib, shahar markazidagi eski uyidan ko‘chib chiqishdan bosh torayotganlarning yana bir jiddiy xavotiri quruvchi shirkat va’dasiga ishonmayotganidir.

Boisi, so‘nggi 2 yilda quruvchi 3 marta almashdi – biri g‘oyib bo‘lgan, biri qamoqqa olingan. Uchinchi shirkat esa, buzilayotgan uylarda qolgan 10 dan ortiq xonadon egalarini ijaraga chiqishga undamoqda.

Andijon shahar hokimligi mutasaddisi Cho‘lpon prospektidagi bu vaziyat bo‘yicha Ozodlikka izoh berdi.

Shahar hokimi matbuot kotibi Gulshanoy Qo‘chqarova quruvchilarning almashaverishi aholini cho‘chitib qo‘yganini e’tirof etdi.

- Avvalgi ikki shirkat bilan shunday vaziyat bor va bu hozir tergovdagi ish. Shuning uchun men bu borada ma’lumot berolmayman. Lekin, uchinchi quruvchi shirkat ishonsa bo‘ladigan, shaharda boshqa uylarni qurgan shirkat, - dedi Andijon shahar hokimligi mutasaddisi.

Bu uylarning buzilishi haqidagi qarorni Andijon shahrining avvalgi hokimi Dilshod Rahmatullayev 2019 yilning aprelida imzolagan.

Hokim qarori bilan yangi uyni qurish imkoniyati esa Azia Maks shirkatiga berilgan.

Uyi buziladigan oilalar bu shirkat nomidan kelgan rahbar shaxslar hozir "g‘oyib bo‘lganini" iddao qilmoqda. Ozodlik ham nomi tilga olingan shirkat vakillari bilan hozircha bog‘lana olmadi.

Andijon shahrining sobiq hokimi imzolagan qaror
Andijon shahrining sobiq hokimi imzolagan qaror

2019 yildagi qarorda buzilgan uylar o‘rnidagi 3 ming kvadrat metr maydonda 7 qavatdan kam bo‘lmagan ko‘p qavatli uy qurilishi aytilgan.

Shahar hokimi matbuot kotibi Gulshanoy Qo‘chqarovaning Ozodlikka bildirishicha, shu kunda ko‘chirilayotgan oilalar yangi uydan xonadon olishini va’da qildi.

Aytishicha, hozir ularning uysiz qolmasligini kafolatlaydigan dalolatnoma tayyorlanmoqda.

- Men bularning ahvolini juda yaxshi tushunaman. Nima bo‘lganda ham, bu ularning uyi - ertaga odam uysiz qolishni istamaydi. Hozir qonuniy ravishda bu odamlar ishonadigan qilib, hokimlik kafolat beradigan qilib, yuristlar bilan dalolatnomani tuzayapmiz. Har bittasining qo‘liga kerakli hujjat beriladi - kvadrat metriga kvadrat metr beriladigan qilinadi. Keyin, kvartiraga olib chiqib qo‘yilib, qurilish ishlari boshlanib, bitirilib, keyin bular qayta ko‘chirib olib kiriladi, - deb va’da qildi Andijon shahar hokimligi mutasaddisi.

Quyida matbuot kotibi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:18 0:00
Бевосита линк


Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Cho‘lpon prospektida buzilayotgan uylar o‘rnida quriladigan 12 qavatli uyni shu yilning sentabriga – Mustaqillik bayramiga bitirish rejalangan.

2019 yilda O‘zbekiston hukumati, aholiga qonunda belgilangan tartibda tovon puli berilmagunicha, uylarni buzishni taqiqlagan.

Bosh vazir Abdulla Aripov 2019 yilning 27 iyuldan mamlakatda buzilishi rejalangan, ammo tovon puli to‘lanmagan aholi uylarini buzishni taqiqlagan edi.

O‘tgan yili Urganchda uyi buzilgan yuzlab odam noroziligi va Yakkabog‘da esa do‘koni buzilishidan norozi tadbirkorning hokimiyat vakilini yoqib yuborishi ortidan Bosh vazir shunday ko‘rsatma bergandi.

Abdulla Aripov mamlakat bo‘ylab borayotgan buzilishlar masalasi shaxsan prezident nazoratida turganini ta’kidlagandi.

XS
SM
MD
LG