Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:52

Sportchi Nizomovning kinorejissyor Nasimov haqida aytganlari kinochilar g‘azabini qo‘zg‘adi


Sportchi Habibulla Nizomov
Sportchi Habibulla Nizomov

Sportchi Habibulla Nizomovning kinorejissyor Hilol Nasimov shaxsi va Rustam Sa’diyev suratga olgan “Baron” filmi haqida joriy haftada matbuotga aytgan gaplari ba’zi kinoijodkorlar tarafidan “haqorat va diniy nizo qo‘zg‘ash” deya qabul qilindi.

Jurnalist Jasur Hamroyev karantin bois AQShning Nyu-York shahrida qolib ketgan sportchi Habibulla Nizomov bilan suhbat davomida Nizomov aytgan mana bu gap kinoijodkorlar e’tiroziga sabab bo‘ldi:

“Agar Hilol Nasimov olamdan o‘tsa, men uning janozasiga bormayman. U inson bilan uchrashishni ham xohlamayman”.

Suhbat davomida Nizomov “Baron”, “Sotqin” va “Temur” filmlari “o‘zbek musulmonlarining qayoqdadir buzg‘unchilik qilib yurganini ko‘rsatish uchun “ olingani va bunday filmlarga chaqirishsa borib rol o‘ynamasligini bildirgan.

Taniqli kinorejissyor Hilol Nasimov suratga olgan "Gumroxlar" va "Muqaddas istak" kabi filmlarda O‘zbekistonda ildiz otgan diniy ekstremizm ko‘lamini gavdalantiradi.

Bu esa o‘z navbatida dindor tomoshabinlar e’tiroziga sabab bo‘lib keladi. Ijtimoiy tarmoqning dindorlarga oid segmentlarida Xilol Nasimovni "islom dushmani" "shariat qoidalari joriy qilinishiga qarshi" deb ko‘rsatishga urinish ko‘zga tashlanadi.

Diniy mavzularga xassos tomoshabinlar nazarida Nasimov kinolarida ekstremizm mavzusi bo‘rttirib ko‘rsatilgan.

O‘shlik jurnalist Baxrom Rahmon Ozodlik bilan suhbatda Nasimov o‘z filmlarida tasvirlagan manzara bo‘rttirilmagan degan fikrni bildirdi:

"Men radikal dindorlar bilan yaxshi tanishman. Men ko‘rgan Hilol Nasimovning "Aldangan ayol" filmi aynan reallik. Oldinlari Afg‘oniston va Pokistondagi o‘zbek terrorchilari yoniga Turkiya, Qozog‘iston orqali borilgan. Ekstremistlar oldiga borgan ayollar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Bu reallik. Islomchilar "agar eringiz namoz o‘qimasa, jihod qilmasa u kofir, o‘rtangizga taloq tushadi" deb ko‘plab o‘zbek ayollarni Pokiston, Afg‘oniston, Suriya, Iroqqa chaqirib o‘zlari uylangan yoki boshqa islomchilarga erga berilgan. Bu Hilol Nasimovning ertaklari emas. Hilol Nasimov reallik bo‘lgan radikal ekstremistlar yashovini kino qilib, yoyinlab bergan. O‘zbekka bu kishiday kinochilar o‘ta keraklidir. O‘zbeklar radikalizmning qanchalik yomonligini kino orqali bo‘lsa-da ko‘rishlari kerak.

Toshkent shahar Bodibilding va fitness federatsiyasi prezidenti Habibulla Nizomovning bu gaplarini taniqli aktyor Javohir Zokirov Ozodlik bilan suhbatda “Joxillikning yaqqol ko‘rinishi” deb atadi:

“Muskulni emas aqlni o‘stirish kerak. Nizomovning bu gapi johillik¸ adabiyot va kino san’atini tushunmaslikdan boshqa narsa emas”.

“Jaloliddin” filmidagi yetakchi rollardan birini ijro qilayotgan va karantin bois Turkiyada qolayotgan 47 yashar Javohir Zokirov “kino birov bilan bitim tuzib yaxshi yoki yomon qilib ko‘rsatadigan soha emas¸ kino hayotni butun murakkabliklari bilan aks ettiradigan ko‘zgudir” dedi.

Kinostsenarist Favziya To‘raxo‘jayeva Ozodlik bilan suhbatda Nizomovning Hilol Nasimov va “Baron” filmi haqida aytgan gaplarini “haqorat va diniy nizo qo‘zg‘ash” deb baholadi.

“Gapirayotgan odam Bodibilding va fitness federatsiyasi prezidenti, ya’ni mulozim. U aytgan gapiga diqqat qilishi kerak. Diniy nizo chiqadigan gapdan tiyilish kerak. Kino bu salbiy va ijobiy qaxramonlardan iborat sintez asar. Kinoni "Xizbut tahrir" propaganda roligi deb tushunishi o‘ta soddalik belgisi. Ikkinchidan Nizomov “Baron” filmiga chaqirsa ham bormayman deb yolg‘on gapirdi. Nizomov “Baron ” filmida turma mahbusini o‘ynagan. “Baron 2” filmida esa unga rol tegmagani uchun baqir-chaqir qilganining ham guvohi bo‘lganmiz. Tulki shiftda osig‘liq turgan savatdagi go‘shtni ola olmagani uchun “puf sassiq” deganday gap. Bir ikki joyda uni aktyor deb aytishibdi. Nizomov aktyor emas, statist. Tashqi ko‘rinishi uchun kamera oldida epizod saxnalarda band bo‘ladigan figura”.

Sportchi Nizomov o‘z intervyusida “Baron” va “Sotqin” filmlari o‘zbek musulmonlarini salbiy qiyofada aks ettirgan deya tanqid qiladi.

Bu tanqidga javoban “Baron” va “Sotqin” filmlarini suratga olgan kinochi Rustam Sagdiyev Ozodlik bilan suhbatda o‘z fikrini bildirdi:

“Filmda o‘zbek kishi salbiy rolda ko‘rsatilmasin deya talab qo‘yish yoki filmda o‘zbek yoki musulmon salbiy rolda o‘ynaganligini kamchilik deb ko‘rsatishni o‘ta zaif qarash deb bilaman. Film O‘zbekistonda suratga olingan ilk katta byudjetli kriminal drama janridagi blokbasterdir. G‘arb standartlaridagi tasvir va ovoz darajasi ta’minlangan "Baron" filmi markazida nashavandlik tanazzulidan iborat insoniy drama yotadi ” deydi Rustam Sagdiyev.

Sportchi Nizomov e’tiroziga sabab bo‘lgan taniqli kinochi Hilol Nasimov bu yuzadan Ozodlikka izoh bermadi.Sportchi Habibulla Nizomov bilan esa, bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Rejissyor Hilol Nasimov «Tubanlik», «Odnoklassniki», «Aldangan ayol», «Gumrohlar» kabi filmlarni suratga olgan. U 2014 yilda «Yilning eng yaxshi rejissyori» sifatida «E’tirof» mukofotini qo‘lga kiritgan.

XS
SM
MD
LG