Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:11

Ota 15 yashar qizini zo‘rlagan shaxs ochiqda yurganidan shikoyat qilmoqda


Balog‘at yoshiga yetmagan qizlarning zo‘rlangani to‘g‘risida Ozodlik oldin ham bir necha material e’lon qilgan edi.
Balog‘at yoshiga yetmagan qizlarning zo‘rlangani to‘g‘risida Ozodlik oldin ham bir necha material e’lon qilgan edi.

Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanida yashaydigan 8-sinf o‘quvchisi 3 may kuni o‘g‘il tug‘di. Qizning iddao qilishicha, chaqaloq uni zo‘rlagan 53 yashar ko‘zi ojiz pochchasidan bo‘lgan.

Qiz otasining aytishicha, garchi tuman IIBga bu haqda shikoyat qilingan bo‘lsada, qizini zo‘rlagan shaxs ochiqda yuribdi va unga nisbatan qamoqqa olish chorasi ko‘rilmagan.

G‘uzor tumani IIB tergovchisi bu ish yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini aytdi.

G‘uzorlik 15 yashar 8-sinf o‘quvchisining(qiz va uning yaqinlarining ismlari Ozodlikka ma’lum – tahr.) iddao qilishicha, uni o‘tgan yilning avgust oyida ammasining 53 yashar eri zo‘rlagan:

Baqirsam ham to‘xtamadi, u katta odam, juda kuchli edi, tagiga bosib oldi, qimirlay olmay qoldim


“Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan katta kishi edi. Uyimizga rosa ko‘p kelardi. O‘sha kuni otam sariq kasal bo‘lib shifoxonada yotgan, onam uni ko‘rgani ketgan edi. Opam va ukalarim dalada edi. Pochcham kelib odatdagidek uyga kirib o‘tirdi. Keyin meni oldiga chaqirib, qo‘limdan ushladi va majburlab o‘sha ishini qildi. Baqirsam ham to‘xtamadi, u katta odam, juda kuchli edi, tagiga bosib oldi, qimirlay olmay qoldim”.

Qizning aytishicha, pochchasi ishini qilgach, birovga aytsang o‘ldiraman deb qo‘rqitgani uchun u qo‘rqib, bu haqda hech kimga aytmagan:

“Oradan bir necha kun o‘tib hech kim yo‘q paytda keldi-da, yana zo‘rladi. Shu bilan boshqa kelmadi. Aprel oyida duxturga olib borishganda homiladorligimni bildim”.

O‘quvchi qiz o‘g‘il farzand ko‘rgan, lekin uni olishdan voz kechib, tilxat yozib bergan.

Qizning otasi so‘zlariga ko‘ra, pochchasini o‘z oilasining yaqini sifatida ko‘rgani uchun ham, hech qachon uning bunday qabihlikka borishini xayoliga ham keltirmagan:

Qizim baqirgan, dod degan. Lekin hamsoyalarimiz uzoqroqda yashaydi, hech kim eshitmagan.


“U doim uyimizga kelib ketardi, kuniga o‘n martadan ham kelardi. Tug‘ishgan opamning eri, shuning uchun hurmat qilardim. Ko‘zi g‘ira-shira ko‘radi, nogironligi bor. o‘sha kuni qizim baqirgan, dod degan. Lekin hamsoyalarimiz uzoqroqda yashaydi, hech kim eshitmagan. Xullas, qorni katta bo‘lganini o‘zimiz sezib, 16 aprel kuni do‘xtirga olib borib tekshirtirsak, shunaqa bo‘lib chiqdi. Uchastkovoylarga aytdim, o‘zim esa 4 may kuni, qizim tuqqanidan keyin ariza yozib berdim.

Otaning aytishicha, bu voqea oshkor bo‘lganidan so‘ng aholi pochchasini mahalladan badarg‘a qilgan:

Opamdan so‘rasam, bo‘lgan ish bo‘ldi, arizangni qaytarib ol, deydi.


“Shu ketganicha yo‘q. Qarindoshlarining uyida yashab yurgan emish. Ochiqda bemalol yuribdi ekan. Opamdan so‘rasam, bo‘lgan ish bo‘ldi, arizangni qaytarib ol, deydi. Kecha xotinimga tergovchi uni qamay olmaymiz, u nogiron degan ekan. Ochiqda bemalol yuribdi. Men tergovchidan so‘rasam ham, hech bir tayinli javob aytmaydi. Bunday odamlar jamiyat uchun katta xavf, agar ochiqda yursa, yana boshqa yosh qizlarni zo‘rlab qo‘ymaydi deb, kim kafolat bera oladi?”

Otaning aytishicha, qizini zo‘rlaganlikda gumonlangan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128 moddasi ("16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish") birinchi qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

Bu moddaga ko‘ra, “shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish - ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki olti oygacha qamoq yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

G‘uzor tumani IIB tergovchisi Mansur Salomov bu voqea yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini Ozodlikka aytdi:

“Hozircha bu haqda sizga ma’lumot berolmayman, rahbariyatdan ruxsat olib ikki-uch kun ichida sizga aytishim mumkin”.

Qiz o‘qiyotgan maktab direktori uning a’lochi qizlardan biri ekanligini aytdi:

“Bu ish yozgi kanikul paytida bo‘lgan. Biz ham bilmaganmiz. Lekin bu qizimiz faqat 4-5 ga o‘qiydigan a’lochi qizlarimizdan biri”.

Qashqadaryo viloyatida balog‘at yoshiga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq boshqa ikki holat haqida Ozodlik ilgari xabar bergan edi.

Jumladan o‘tgan yilning sentabr oyida Qashqadaryo viloyat, Koson tumanida yashaydigan, 21 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlagan 40 yashar ayol 14 yashar qizini zo‘rlagan shaxs javobgarlikka tortilmagani uchun bo‘yniga arqon solib, joniga qasd qilgan edi.

Joriy yilning yanvar oyida esa Koson tumanidagi umumta’lim o‘rta maktablaridan birining 9- sinfida o‘qiydigan 15 yashar qiz 9 yanvarga o‘tar kechasi yashirib yurgan olti oylik homilasidan ajragan edi.

XS
SM
MD
LG