Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:28

OzodDayjest: Karim Bahriyev: Shukrki, hozircha havo solig‘i o‘ylab topilgani yo‘q


Aktyor Behzod Muhammadkarimov “Shaytanat”dagi roli uchun qancha gonorar olganini ma’lum qildi. O‘zbekistonda suv solig‘i oshirilmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Karim Bahriyev: Shukrki, hozircha havo solig‘i o‘ylab topilgani yo‘q

O‘zbekistonda suv solig‘i oshirilmoqda. Bu haqda publitsist Karim Bahriyevning maqolasida so‘z boradi (www.xabar.uz, 11 iyun).

Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, Suv xo‘jaligi vazirligi joriy yil 15 iyungacha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining yangi miqdori yuzasidan taklif berishi kerak.

Muallifga ko‘ra, soliqlar, to‘lovlar, bojlar – byudjetning asosidir. Lekin u mutanosib bo‘lishi, iqtisodni halok etar darajada bo‘lmasligi shart.

“Butun as’asayu dabdabamiz aslida mehnat qilayotgan, mahsulot yaratayotgan, ish o‘rinlari tashkil qilayotgan, davlat va undan ham ko‘p o‘z manfaatiga qayishadigan mansabdorlar tortib olganidan qolgan ozgina topganiga ish yuritadigan tadbirkorlar – soliq to‘lovchilar tufaylidir. Agar shu iqtisod yurayotgan bo‘lsa, bu ham uning mahsulotini sotib olayotgan iste’molchi xalq tufaylidir. Xalqning qo‘lida pul bo‘lmasa, iqtisod to‘xtaydi. Yurt farovon bo‘lishi uchun iste’molchi xalq qo‘lida pul qolishi kerak. Butun iqtisodni yuritayotgan xalqning hammasidan orttirgan bir hovuch puliga ko‘z tikib, yangi va yangi to‘lovlar o‘ylab topilayotganiga hayratlanasan kishi”, - deb yozadi K.Bahriyev.

“Shukr, hozircha havo solig‘i solingani yo‘q”,- deya taskin beradi muallif.

Samarqandda shifokorning loqaydligi sabab egizak homilali ayol nobud bo‘ldi

Samarqand viloyati Narpay tumani tibbiyot birlashmasi shifokorining loqaydligi sabab egizak homilali ayol nobud bo‘ldi (“Huquq”, 2020 yil 22-son). Homilador ayolning ahvoli “Infuzol” dorisi tomiriga tezlik bilan yuborilgach yomonlasha boshlagan.

Narpay tumani prokurori katta yordamchisi Sobirjon Janiyevga ko‘ra, shifokor Qurbon Xolmo‘minov bemorni qabul qilganidan so‘ng amaldagi milliy standart talablari bo‘yicha tekshirish rejasi tuzmagan, uning ahvolini chuqur o‘rganmagan. Bemor qonida gemoglobin miqdori (Hb-60) past bo‘lishiga qaramay besh kun davomida og‘ir anemiyani davolash uchun biron bir muolaja o‘tkazmagan. Ayolning ahvoli og‘irlashganidan keyin ham malakali shifokorlar bilan konsilium qilinmagan. Oqibatda ayol gemorragik shok va DVS sindromi bilan asoratlangan bachadondan o‘tkir qon ketishi natijasida shifoxonada vafot etgan.

Sud hukmi bilan Qurbon Xolmo‘minov bir yil tibbiyot muassasalarida akusher-ginekolog lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilindi va ish haqining 20 foizini davlatga ushlab qolgan holda jazo tayinlandi.

Aktyor Behzod Muhammadkarimov: “Shaytanat” serialida tomsuvoqqa ishlaganmiz

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov “Shaytanat”dagi Elchin, “Amir Temur” serialidagi Amir Temur roli uchun qancha gonorar olganini ma’lum qildi (www.daryo.uz, 9 iyun).

Aktyorga ko‘ra, “Shaytanat” serialida gonorar ramziy darajada bo‘lgan.

“Pul yozilgan – olganmiz, juda bir aytishga arzimaydigan summa olganmiz. Biz u yerda pulni umuman o‘ylamaganmiz. U vaqtda juda ham inflyatsiyaning kuchaygan vaqtlari edi. Serialdagi qahramonim Elchinning tili bilan aytganda “barchamiz tomsuvoqqa ishlaganmiz” desam ham bo‘ladi. Lekin barcha sidqidildan, kerak bo‘lsa, tekinga yoki pul berib o‘ynashga ham rozi bo‘lgan asar edi”, - degan aktyor.

Qayd etilishicha, “Amir Temur” serialida moddiy manfaatdorlik katta bo‘lgan.

“O‘sha vaqtda agar dollarga hisoblab aytadigan bo‘lsak, 4 000 dollarga yaqin gonorar olganman. Suratga olish jarayoni 7-8 oy davom etgan. Shuncha vaqt tog‘u toshlarda yurganmiz. Oson bo‘lmagan”, - degan B.Muhammadkarimov.

XS
SM
MD
LG