Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:46

OzodDayjest: Tarixni kovlashtirayotgan Putinga Moskva Amir Temur davlatiga qaram bo‘lgani eslatildi


"Moskva ham Amir Temur davlati tarkibiga kirgan” deb yozdi deputat.
"Moskva ham Amir Temur davlati tarkibiga kirgan” deb yozdi deputat.

IIV tizimga “adashib kirib qolganlar”ni tozalashga kirishdi. Deputat jarimalarni aholi daromadiga muvofiq tarzda keskin kamaytirishni taklif qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Yil boshidan buyon qancha ichki ishlar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgani ochiqlandi

78 nafar ichki ishlar organlari xodimi karantin qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortildi, bir nafari esa ishdan bo‘shatildi (www.gazeta.uz, 24 iyun). Bu haqda Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, vazirlik tizimga adashib kirib qolganlardan tozalash bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda.

Masalan, 2019 yilda 7039 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan. Bundan tashqari, yo‘l harakat qoidalarini buzgan 1223 nafar xodim jarimaga, 133 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan. Joriy yil boshidan buyon esa 2350 nafar xizmat intizomini buzgan xodim aniqlangan, 529 nafari yo‘l harakati qoidalarini buzgan, bunga jarimaga tortilgan hamda 45 xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan.

“Mana, raqamlar, endi kim ayta oladi bular o‘zinikini bekitadi deb” , - deb ta’kidlagan Shohrux G‘iyosov.

Bir necha kun avval Kun.uz nashriga intervyu bergan sobiq ichki ishlar vaziri, ayni damda vazir maslahatchisi Zokirjon Almatov ham tizimdagi tozalashlar haqida gapirgan edi.

“Biz har ikki yilda xodimlarimizni shahodat testidan o‘tkazamiz. Ularning ruhiy holatini aniqlash uchun testlar qilamiz. Shunday bo‘lsa-da, o‘z manfaatini o‘ylaydigan xodimlar hamon uchrab turibdi. Biz tizimni bundaylardan tozalash uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz” ,- degan edi u.

Oliy Majlis deputati prezident Putinning hududiy da’vosiga javob qaytardi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hududiy da’vosiga javob qaytardi (www.xabar.uz, 23 iyun).

“Agar mashhur siyosatchi da’vo qilgan revizionistik mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, unda Amir Temur barpo etgan saltanat hududlarini “bizning tarixiy yerlarimiz” deb aytishga bemalol haqqimiz bor. Darvoqe, o‘z vaqtida kichik bir shahar bo‘lgan Moskva ham Amir Temur davlati tarkibiga kirgan”, - deb yozdi deputat.

Eslatib o‘tamiz, V.Putin “Rossiya. Kreml. Putin” nomli ko‘rsatuvda SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar ittifoq tarkibidan chiqish payti an’anaviy tarzda Rossiyaga tegishli katta hududlarni ham o‘zi bilan olib chiqib ketganini iddao qilgan edi.

“O‘tmishdagi tarixiy vaziyatni eslab, “aslida u yer meniki, bu yer seniki” deyishning o‘zi noto‘g‘ri, noadekvat nuqtai nazardir. O‘tmishni kovlashtirsang, ikki yuz yil oldin Rossiya ulkan imperiya bo‘lgan, lekin besh yuz yil oldin Qrim xonligiga boj to‘laydigan sattelit davlat bo‘lgan; ming yil oldin “rus yerlari” faqat Novgorod, Kiyevga o‘xshagan bir nechta shahardan iborat bo‘lgan; bir yarim ming yil oldin rus xalqi ham, davlati ham bo‘lmagan. Xo‘sh, Putin qaysi tarixiy palladan hisob-kitobni boshladi?.. Keling, unda Qrim xonligini tiklaylik, Rossiya qrimtatarlarga boj to‘lasin” . -deb yozdi tadqiqotchi va bloger Eldor Asanov.

Deputat: Byudjetni to‘ldirish maqsadida oshirilgan jarimalar miqdorini keskin kamaytirish vaqti keldi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun joriy etilgan jarimalar miqdorini aholi daromadiga muvofiq ravishda keskin kamaytirish kerak, deb hisoblaydi “Milliy tiklanish” partiyasi vakili, Mirzo Ulug‘bek tuman kengashi deputati Jahongir Ziyoyev (www.uza.uz, 22 iyun).

“Har gal jarimalar oshirilganda bu “avariya”larni kamaytirish maqsadida qilinayotgani bilan izohlanadi. Lekin yuz berayotgan YTH sonidan bilish mumkinki, jarimalar samara bermayapti. Tirikchiligi mashinaga bog‘lanib qolgan odamlarning zorlangani qolyapti, xolos. Birgina aprel oyida karantin choralariga qaramay, 336 ta YTH sodir bo‘lgan va bundan 76 kishi vafot etgan. Bu – ayrim davlatlarning bir yillik ko‘rsatkichidan ham yuqori”,- deb yozadi J.Ziyoyev.

Qayd etilishicha, mamlakat qonunchiligida bir-biriga zid bo‘lgan, aylanib faqat jarimaga olib boruvchi moddalar bor. Bundan esa maoshi ro‘zg‘orga zo‘rg‘a etayotgan aholi jabr ko‘rmoqda.

“Keyingi paytlarda xorij tajribasidan ko‘chirishga ustasi farang bo‘lib boryapmiz. Lekin chet elning odamlarga yengillik berish borasidagi yutuqlaridan o‘rnak olishda no‘noqlik qilyapmiz”, - deydi deputat va jarimalarni kamaytarish borasida ham chet el tajribasini o‘rganish lozimligini uqtiradi.

Ta’kidlanishicha, bir paytlar byudjetni to‘ldirish maqsadida oshirilgan jarimalar miqdorini keskin kamaytirish ishidan, daromadidan ayrilib, mashinasiga kuni qolgan ming-minglab odamlar uchun ham adolatli qaror bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG