Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:44

Bevosita prezident Mirziyoyev topshirig‘ini bajaradigan UZTEX Group xalqaro surishtiruv markazida


Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 29 noyabrida UZTEX Group egasi Farhod Mamajonov hamrohligida Shovotdagi to‘qimachilik korxonasini ko‘zdan kechirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 29 noyabrida UZTEX Group egasi Farhod Mamajonov hamrohligida Shovotdagi to‘qimachilik korxonasini ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng¸ majburiy mehnat ustiga qurilgan o‘zbek paxta sanoatini G‘arb shirkatlari boykotidan chiqarish maqsadida¸ paxtachilikda “katta islohotlar” boshlanganini e’lon qildi.

Bu iddao doirasida mamlakat qishloq xo‘jaligi¸ xususan¸ uning o‘zagini tashkil qiluvchi paxtachilikda xususiy klaster tizimi joriy etildi.

Chigit qadalishidan uning tayyor mahsulotga aylanib eksport qilinishigacha bitta samarali iqtisodiy zanjirga aylanishi aytilgan klaster tizimini joriy etish uchun O‘zbekiston hukumati xalqaro moliya tizimlaridan yuzlab million dollar qarz oldi. Davlat kafolati bilan olingan bu pullar klaster kompaniyalariga ulkan imtiyozlar bilan taqdim etildi.

Britaniyalik kriminologiya professori Kristian Lasslet keyingi bir yil davomida o‘tkazgan tadqiqot O‘zbekistondagi eng yirik klaster guruhi misolida bu pullarning nimaga¸ qanday va qaysi sxemalar asosida sarflanayotganiga bag‘ishlandi.

1 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda Lasslett tadqiqoti davomida aniqlangan “nihoyatda xavotirli” ma’lumotlar haqida gapirdi.

90 foiz klasterga oid muhim ma’lumot jamoatchilikdan bekitilmoqda!

O‘zbekiston inson huquqlari forumi bilan hamkorlikda hozirlangan 70 sahifalik tadqiqotning asosiy xulosasi haqidagi savolga javob bergan Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya professori Kristian Lasslett, klasterlarga oid ma’lumotning shaffof emasligini tilga oldi.

- Tadqiqot davomida O‘zbekistondagi klasterlar faoliyati¸ boshqaruvi va mulkdorlariga oid shaffoflikning deyarli yo‘qligini aniqladik. Biz klasterlarga¸ shartli ravishda uch xil rangdagi bayroq berib chiqdik. Yashil - faoliyati ochiq va shaffof ¸ zarg‘aldoq -jamoatchilik uchun ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q¸ qizil esa boshqaruv faoliyati nafaqat axloq¸ balki pul yuvish bo‘yicha gumonlarga eltuvchi jihatlar tufayli ham yomon deb topilgan klasterlarga berildi. Hayratlanarli jihati¸ O‘zbekistonda keyingi uch yil ichida tashkil etilgan klasterlarning 49 foizi zarg‘aldoq¸ 41 foizi esa¸qip-qizil bo‘lib chiqdi. 90 foiz klasterga oid ma’lumot yoki umuman yo‘q¸ yoki borlari nihoyatda shubhalidir.

Кристиан Ласслеттнинг 70 саҳифалик тадқиқоти "Ëмондан ëмонроққа: Ўзбекистон пахта секторидаги таҳлика ва хусусийлаштириш" деб номланган.

Shaxsan prezident Mirziyoyev topshirig‘ini bajaruvchi kompaniya - surishtiruv markazida

Professor Lasslett¸ O‘zbekistondagi klaster kompaniyalarining nafaqat mahalliy¸ balki xalqaro maydonda ham xavotir uyg‘otuvchi faoliyatini o‘rganish davomida¸ “qizil bayroq” olgan shirkatlardan birini o‘z tadqiqoti markaziga qo‘ygan.

Bu esaUZTEX Group¸ yoki Uztex kompaniyalar guruhidir. O‘zini “MDH to‘qimachilik mahsulotlarining eng yirik eksportchisi” (bu g‘aliz ibora guruh rasmiy saytidan olindi – tahr.) deb taqdim etuvchi bu kompaniya UZTEX TASHKENT, SHOVOT TEKSTIL, UZTEX SHOVOT, UZTEX UCHKURGAN, UCHKURGAN TEXTILE kabi zavodlar egasidir.

Professor Lasslettning aytishicha¸ 90-yillarda ota-o‘g‘il Faxriddin va Farhod Mamajonovlar tomonidan tashkil etilgan UZTEX Group¸ Mirziyoyev hukumati paxta sektorida boshlagan xususiylashtirish jarayonining “yuzi”ga aylangan.

Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 29 noyabr kuni mazkur guruhga qarashli Shovotdagi fabrikasiga borgani haqida xabar bergan prezident matbuot xizmati “davlatimiz rahbari ikki yil muqaddam Uztex kompaniyalar guruhiga Shovot tumanida yuqori texnologik imkoniyatlarga ega mazkur korxonani tashkil etish va mahalliy aholini ish bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar bergan edi”¸ deb yozgan edi.

Prezident matbuot xizmati xabari.
Prezident matbuot xizmati xabari.

Rasmiy xabarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezident bergan topshiriqni ijro qilib kelayotgani aytilgan UZTEX Group, O‘zbekistondagi eng yirik klasterlar egasi hamdir. Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra¸ Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on¸ Xorazmning Shovot tumanlarida UZTEX Group uchun 20 ming gektar paxta yeri berilgan va unga 800 dan oshiq fermer xo‘jaligi biriktirilgan.

Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga - xaridor ham o‘zi¸ sotuvchi ham o‘zi...

Ozodlik bilan suhbatda professor Lasslett o‘z tadqiqoti davomida¸ Shavkat Mirziyoyev va hukumatining klaster siyosati yuziga aylangan bu kompaniyalar guruhining shubhali¸ ayni paytda¸ noqonuniy bo‘lib chiqish ehtimoli baland amaliyotlarga aralashgani fosh bo‘lganini aytadi.

Bunday xulosaga keluvchi hujjatlardan ayrimlarini Lasslettga o‘z shaxsi mutlaq sir qolishini so‘ragan UZTEX Group faoliyatiga bevosita aloqador shaxs sizdirgan.

Nusxasi Ozodlikka taqdim etilgan bu hujjatlarning guvohlik berishicha¸ 2017 yilda UZTEX Shveysariyadagi Rieter kompaniyasidan umumiy qiymati 100 million dollarga yaqin bo‘lgan to‘qimachilik uskunalari sotib olish haqida birlamchi shartnoma tuzadi.

UZTEX Group va Rieter shirkatiga aloqador korxonalar o‘rtasida tuzilgan 55 millionlik dollarlik shartnomani¸ bu kelishuv jarayoniga bevosita aloqador manba taqdim etdi.
UZTEX Group va Rieter shirkatiga aloqador korxonalar o‘rtasida tuzilgan 55 millionlik dollarlik shartnomani¸ bu kelishuv jarayoniga bevosita aloqador manba taqdim etdi.

Ko‘p o‘tmay¸ bu oldi-berdi kelishuviga Britaniyada qaydga olingan Wayrex LLP qo‘shiladi – Rieter 150 000 dollarlik xizmat haqi evaziga¸ to‘qimachilik mashinalari sotib olish huquqini pudratchi shirkat sifatida Wayrex LLPga beradi.

Wayrex LLP esa¸ Lasslett o‘rgangan hujjatlarga ko‘ra¸ UZTEX Groupning offshorda registratsiya qilingan ko‘plab shirkatlaridan biridir.

UZTEX Group aksariyati offshor hududlarda qayddan o‘tkazilgan qator shirkatlar egasidir. Bu diagramma Ulster universiteti tomonidan hozirlandi.
UZTEX Group aksariyati offshor hududlarda qayddan o‘tkazilgan qator shirkatlar egasidir. Bu diagramma Ulster universiteti tomonidan hozirlandi.

Sodda qilib aytganda¸ UZTEX Group O‘zbekistondagi to‘qimachilik fabrikalari uchun texnologiyani Shveysariya kompaniyasidan emas¸ balki o‘ziga qarashli va hech qachon to‘qimachilik sanoatiga aloqasi bo‘lmagan offshor shirkatidan sotib oladi.

Qanday qilib xaridor o‘ziga kerakli narsani yana o‘zidan sotib olishi mumkin?

Sirtdan qaraganda¸ mutlaq mantiqsizlik bo‘lib ko‘rinadigan bunday sxema¸ professor Lasslett ta’kidicha¸ pulni birlamchi qo‘lga qaytarish uchun o‘ylab topilgan “bumerang kontraktlar” modeli namunasidir.

- Bir qator go‘yo legitim shartnomalar vositasida pul chiqqan joyiga qaytib boradi. Pul yuvish va moliyaviy firibgarlikka qarshi kurash nuqtai nazaridan¸ bu yerda darhol qizil bayroq ko‘tarilishi shart. Biz UZTEX Group bilan tuzilgan jumboqli shartnomani izohlashni so‘rab Rieter kompaniyasiga murojaat qildik. Ular uch tomonlama shartnoma¸ mijoz buyurtmasini pudratchiga topshirish amaliyoti legal va keng tarqalgan ekanini bildirdi. Ammo bizning qanday qilib buyurmani bajarishni buyurtmachining o‘ziga topshirish mumkinligi haqidagi savolimizni ochiq qoldirdi. UZTEX Group esa¸ tadqiqot davomida yuborilgan savollarga umuman javob bermadi¸ deydi Lasslett.

Professor Lasslett¸ 100 million dollarlik kontraktlardagi jumboq va mantiqsizlikka oid savollarga javobni¸ o‘ziga UZTEX va Shveysariyaning Rieter kompaniyasi o‘rtasidagi kontraktlar nusxasini taqdim qilgan manba berganini aytadi.

- UZTEX Group biznes faoliyatidan bevosita xabardor manbam o‘zi taqdim etgan hujjatlar UZTEX tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy firibgarliklarning bir qismi ekanini iddao qildi. Uning aytishicha¸ Rieter kompaniyasidan to‘qimachilik mashinalari sotib olish uchun kreditni UZTEXga Ipoteka bank bergan. 2017 yili O‘zbekiston Moliya vazirligi xalqaro moliya tizimlari tomonidan qishloq xo‘jalik loyihalari uchun berilgan katta miqdordagi kreditni tarqatishni aynan Ipoteka bankka topshirgan. Xalqaro tizimlar bergan qarzlar esa¸ davlat kafolati asosida olingan. 2017 yilda Ipoteka bankning asosiy aksioneri (60.3%). O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiët jamg‘armasi bo‘lgan. Manbamning iddaosicha¸ UZTEX ga berilgan qarz Rieter kompaniyasidan to‘qimachilik mashinalari sotib olish uchun deb¸ rasmiylashtirilgan. Amalda esa¸ bu kelishuvga UZTEXning o‘ziga qarashli Wayrex LLP offshshor shirkatini qo‘shish orqali¸ uskunalar Rieterdan emas¸ balki ikkinchi qo‘l¸ arzon sotuvchidan olingan¸ birlamchi kelishuv bilan haqiqiy sotib olish narxi o‘rtasidagi millionlab farq¸ bu kompaniyaga aloqadorlar cho‘ntagi¸ aniqrog‘i¸ Shveysariya bank hisoblarida qolgan. Bu firibgarlikni bekitish uchun¸ manbam iddaosicha¸ sotib olingan eski to‘qimachilik mashinalari Latviyaga olib kelinib¸ bu yerda ularning ishlab chiqaruvchisi va narxiga oid sertifikat va fakturasi soxtalashtirilgan.

Professor Lasslett bu oldi-berdiga oid mazkur iddaolarga ham na UZTEX Group va na Rieter kompaniyasidan izoh ola olganini qo‘shimcha qiladi.

Mamajonovning o‘tmishi - Karimova bilan biznes Shveysariya prokurorlari e’tiborida

Professor Kristian Lasslett tadqiqoti haqida 1 iyul kuni maqola e’lon qilgan Shveysariyaning Tages-Anzeiger nashri UZTEX Group mulkdori Farhod Mamajonov¸ xususan uning Rieter kompaniyasi bilan hamkorligi ko‘pdan Shveysariya prokuraturasi nazarida ekaniga alohida urg‘u berdi.

Mamajonov esa¸ Shveysariyada katta miqdorda pul yuvishda ayblanayotgan Gulnora Karimova ishi doirasida¸ uning yaqin hamkorlaridan biri sifatida¸ prokurorlar e’tiboriga tushgan.

Mamajonovlar¸ 2007 yilda tashkil etilgan Infinbank¸ to‘liq nomi «Invest Finance Bank» bo‘lgan xususiy bank mulkdori hamdir.

Ota-bola Mamajonovlarga aloqador biznes guruhlari zanjiri. Ulster universiteti hozirlagan diagramma.
Ota-bola Mamajonovlarga aloqador biznes guruhlari zanjiri. Ulster universiteti hozirlagan diagramma.

Mamajonovlar bankining Gulnora Karimova bilan yaqin hamkorlikda ishlagani ularni pul yuvish amaliyotlarini tergov qilayotgan Shveysariya prokuraturasi "radari"ga tushishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir.

Shveysariya nashrining yozishicha¸ Rieter shirkati 2016 yili prokuraturaning bu hamkorlikka oid savollariga javob bergani va barcha hujjatlarni taqdim qilganini bildirgan.

Professor Lasslettning yangi tadqiqoti Rieterdagilarni qattiq asabiylashtirmoqda”¸ deb yozdi Tages-Anzeiger 1 iyul kuni.

Bu tadqiqot O‘zbekistonda yuzlab million dollarlik hukumat kreditining kimlarga¸ qaysi shartlar asosida berilishini o‘rganishi lozim bo‘lgan tizimlar e’tiboriga tushadimi¸ yo‘qmi¸ bunisi hozircha qorong‘u.

Ozodlik bilan suhbat so‘ngida professor Kristian Lasslett¸ xorij investorlarini jalb qilishni o‘z ustuvor maqsadi deb e’lon qilgan Mirziyoyev hukumatining manfaatlar to‘qnashuvi¸ xalqaro pul yuvish amaliyotlari¸ moliyaviy firibgarliklar bo‘yicha jiddiy savollarni ko‘targan surishtiruvlarni e’tiborsiz qoldirayotgani bu hukumat imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasligini ta’kidladi.

Professor Lasslett hozirga qadar Toshkent hokimi va mamlakatdagi eng yirik biznes imperiyasi egasi Jahongir Ortiqxo‘jayev faoliyati misolida O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuvi "yangi norma"ga aylanib borayotgani haqidagi tadqiqotlarini e’lon qilgan.

Toshkent hukumati hozirga qadar bu tadqiqotlarda ko‘tarilgan "qizil bayroqlar" - nihoyatda xavotirli savollarga biror shaklda munosabat bildirgan emas.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG