Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:59

G‘. Rahimovning oilasiga tegishli $7 millionni o‘zlashtirganlikda ayblanayotgan aka-ukani davlat ayblovchisi 12 va 15 yilga qamashni so‘radi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Oybek Miraliyev bilan. Surat jahon.uz saytidan olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oybek Miraliyev bilan. Surat jahon.uz saytidan olindi.

2 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tuman sudi sudьyasi Bahodir Yusupov raisligida tadbirkor aka-ukalar Oybek va Eldor Miraliyevlar ustidan o‘tayotgan sud muzokara bosqichiga o‘tdi. Davlat ayblovchisi tadbirkor Oybek Miraliyevni 15 yilga, uning ukasi Eldor Miraliyevni esa 12 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi.

Davlat ayblovchisiga ko‘ra:

aka-uka Miraliyevlar taniqli tadbirkor G‘afur Rahimov va uning oilasi ishonchiga kirib, oilaning jami 7 million AQSh dollariga teng mablag‘larini o‘zlashtirgan;

G‘afur Rahimovning Toshkentga safarlari davomida unga xizmat qilgan qimmatbaho «Mercedes-Benz Maybash» mashinasini tortib olgan;

G‘afur Rahimovning rafiqasi Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jayevalarga yirik miqdorda ziyon yetkazgan;

tadbirkor Sherzod Abbosxo‘jayevning (marhum davlat arbobi Alisher Azizxo‘jaevning o‘g‘li) ishonchiga kirib, uning 150 ming AQSh dollarini o‘zlashtirgan;

shuningdek, qator fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.

Advokatlarga ko‘ra:

sudning so‘nggi 5 majlisida mahkamaga raislik etuvchi tomonidan aka-ukalar va ularning himoya tarafi keltirgan birorta vaj tinglanmadi;

berilgan iltimosnomalar qanoatlantirilmadi, guvohlik ko‘rsatmalarini inobatga olinmadi;

jinoyat ishida asosiy guvoh sifatida o‘tgan taniqli tadbirkor G‘afur Rahimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tergovchilari sudda so‘roq qilinmadi;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura tergov boshqarmasi tomonidan "yasama jabrlanuvchilarga aylantirilgan" shaxslarning aka-uka Miraliyevlarga nisbatan sudda da’vosi yo‘qligi borasidagi arizalari inobatga olinmadi;

shuningdek, sudlanuvchilar tomonidan keltirilgan audio so‘zlashuvlar aks etgan lentalar, daliliy ashyo va hujjatlarga huquqiy baho berilmadi.

Advokatlarning Ozodlik mobil muxbiriga aytishicha, protsessual qonunchilikka muvofiq, mahkamaga raislik qiluvchi jinoyat ishi tergovchiga daxldor barcha guvoh va jabrlanuvchilarni so‘roq qilishi, ularni sudlanuvchilar bilan yuzlashtirishi hamda daliliy ashyolarga huquiy baho berishi lozim edi.

7 million dollarlik da’vo

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisi U. Sh. Umarov imzolagan va Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ayblov xulosasida da’vogarlar sifatida Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jayevalarning ismlari zikr qilingan.

Ayblov hujjatlarida yozilishicha¸ Oybek Miraliyev xususan Lola Rahimovaning singlisiga tegishli ko‘chmas mulkni 650 ming dollarga sotib, pulini bermaganlikda gumon qilinmoqda.

Bundan tashqari Ozodlik tanishgan da’vo arizasida Lola Rahimova o‘ziga tegishli «Mercedes-Benz Maybash» avtomobilini “Oybek Miraliyev o‘zlashtirdi” deb da’vo qilgani yozilgan. Shuningdek, G‘afur Rahimovning vakili o‘z da’vo arizasida Oybek Miraliyev va uning ukasi Rahimovlar oilasiga tegishli jami 7 million dollarga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda ayblamoqda.

Ammo Oybek Miraliyevning advokatlari aka-ukaga qarshi ish to‘laligicha "sfabrikovanniy" (uydirma) ekanini 2019 ning dekabrida iddao qilgan edi.

Advokat Xudoyorovaga ko‘ra¸ manfaatdor doiralar “ Oybekni qamatish yo‘li bilan unga tegishli ko‘chmas mulklar, shirkatlarni o‘zlashtirib olmoqchi”.

Ozodlik gaplashgan Oybekning yaqinlari bu ish ortida G‘afur Rahimov bilan yaqin aloqada bo‘lgan yuqori mansabli hukumat mulozimlari turganini iddao qildi. Ayni paytda Ozodlikda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i yoki inkori yo‘q.

Prezident olqishlagan tadbirkor aka-ukalar

Tadbirkor guruhlar orasida "Oybek tuxum"¸ “Oybek-faberje” (Zargar Karl Faberje (1846-1920) yasagan tuxum shaklidagi zargarlik asarlari ishora) ¸"Kinder syurpriz" degan nomlar bilan tanilgan Oybek Miraliyev va uning ukasi Eldor so‘nggi 10 yil ichida mamlakatdagi parrandachilikka ixtisoslashgan biznesning asosiy figuralaridan biri hisoblanadi.

Ozodlik tanishgan 2011 yilga oid hujjatlarda Oybek Miraliyev Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Sardoba Parranda” fabrikasining egalaridan biri ekanligi qayd etilgan.

Shuningdek Ozodlikda Oybek Miraliyev o‘zining ikki-ukasi Sardor va Eldor bilan birgalikda Latviyadan O‘zbekistonga shrot (qoramollar uchun ozuqa, kunjara) import qilgani haqida ma’lumot bor.

Ozodlik muxbiri ko‘rgan hujjatlarda aks etishicha, Oybek Miraliyev 2010 yildan 2012 yilgacha BAAning Dubay shahrida bir qancha tijoriy tadbirkorlik loyihalarida ishtirok etgan.


--

XS
SM
MD
LG