Germaniyaning Charité klinikasi shiforkorlari rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy zaharlanganini tasdiqlashdi, deya xabar beradi Tvitterda uning matbuot kotibi Kira Yarmish.
"Klinik ma’lumotlar xolinesteraz ingibitorlari deb nomlanuvchi faol moddalar guruhiga oid moddadan zaharlanganini ko‘rsatmoqda. Aniq modda hozircha noma’lum, shu sababli yana bitta ekspertiza tashkillashtirildi", – deya xabar berdi Berlin shifoxonasi matbuot xizmati.
Navalniy organizimida xolinesteraz ingibitorlari borligi bir necha bor mustaqil laboratoriyalarda aniqlandi, shu sababli siyosatchiga antidot – atropin belgilandi.
Nemis vrachlarining ta’kidlashicha, Navalniy hamon sun’iy koma holatida qolmoqda, uning hayotiga xavf yo‘q.
Kira Yarmishning yozishicha, siyosatchining ahvoli barqaror.
Yarmishning xabar qilishicha, Navalniyning zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi hozircha ochilmagan. Aytilishicha¸ Navalniy yaqinlari bu boradagi arizani payshanba kuni bergan , tergovchilar uch kun mobaynida qaror qabul qilishlari kerak edi, ammo hamon bu borada qaror qabul qilinmagan.
20 avgust kuni ertalab Tomskdan Moskvaga uchayotgan Navalniy samolyotda o‘zini yomon his qilgani ortidan samolyot Omskka favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi va muxolifatchi mahalliy shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Oilasi va safdoshlari Navalniyning choyga aralashtirilgan toksin bilan zaharlanganini aytib kelmoqda.
Omskdagi 1-sonli kasalxonada Navalniyni davolagan vrach Aleksandr Muraxovskiy 21 avgust kuni bayonot berib, Navalniyning og‘ir ahvolga tushishiga moddalar almashinuvi sabab bo‘lganini aytdi va muxolifatchining organizmida hech qanday zahar topilmaganini bildirdi.
Navalniy Cinema For Peace jamg‘armasi tomonidan uyushtirilgan maxsus tibbiy samolyotda Germaniyaga olib kelindi.
Germaniya kantsleri Angela Merkel va tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Rossiya rasmiylariga murojaat qilib Aleksey Navalniyning zaharlanishiga oid barcha tafsilotlarni zudlik bilan o‘rganish, aybdorlarni topib, jazoga tortishga chaqirdi.
"Rossiya siyosiy muxolifatida janob Navalniyning roli e’tiborga olingan holda hukumatdan hozir zudlik bilan bu jinoyatning ikir-chikirigacha tergov qilish talab qilinadi – bu ish shaffof bo‘lishi kerak" – deyiladi Merkel va Maas bayonotida.