Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:47

Tog‘li Qorabog‘da suriyalik yollanma askarlar Ozarbayjon qo‘shinlari yonida jang qilyaptimi?


SURIYA -- "Erkin Suriya armiyasi" jangchilari/ 2018, 1 - sentabrda olingan surat.
SURIYA -- "Erkin Suriya armiyasi" jangchilari/ 2018, 1 - sentabrda olingan surat.

Tog‘li Qorabog‘da suriyalik yollanma askarlar jang qilayotgani haqidagi ko‘plab xabarlarga qaramay, Boku va Anqara Turkiya Ozarbayjon tomonida uchun jang qilish uchun suriyalik jangarilarni jalb qilganini inkor etmoqda.

Ozarbayjon armiyasiga yordam berish uchun suriyalik jangarilar yollangani haqida ilk xabarlar sentabr oxirida paydo bo‘lgan edi.


Ular haqida Reuters va BBC singari xalqaro axborot agentliklari muxbirlari, shuningdek, Britaniyaning The Guardian va The Independent kabi gazetalari xabar berdi.

Turkiya qo‘llab kelayotgandan «Erkin Suriya armiyasi» guruhi veteranlari ushbu nashrlarga intervyu berib, ularni Ozarbayjonda jang qilish uchun xususiy turk shirkati yollagani haqida so‘zlab berishgan.

Intervyu berganlarning aksari maoshsiz qolishi yoki jazolanishi mumkinligini aytib, ismini oshkor qilishdan bosh tortgan.

«Erkin Suriya armiyasi» guruhining bir necha a’zosi ularga Ozarbayjonda ishlash uchun oyiga 1,2 – 2 ming dollar maosh va’da qilishganini so‘zlab bergan.

Ularga Ozarbayjonda neft inshootlarini «himoya» qilishlari yoki Armaniston va Ozarbayjonni ajratib turuvchi «Aloqa liniyasi»da qo‘riqchilik qilishlarini aytishgan.

Reuters agentligiga intervyu bergan jangarilarning biri:

«Men borishni xohlamagandim, lekin pulim yo‘q. Bu yerda qashshoqlik, hayot juda og‘ir», - degan.

Ko‘p o‘tmay suriyalik jangarilar bu taklifga rozi bo‘lishganidan afsuslana boshlagani xabar qilindi, chunki ularni to‘g‘ri jang maydoniga yuborishgan.

Ayirmachi Tog‘li Qorabog‘da 27 - sentabr kuni shiddatli janglar boshlanganidan beri yuzlab askar halok bo‘ldi.

Ular orasida suriyalik jangarilar ham borligi, nobud bo‘lgan yollanma jangarilarning jasadlari Suriya-Turkiya chegara postida qarindoshlariga topshirilgani xabar qilindi.

Armanistonning Rossiyadagi elchisi Vardan Toganyan Rossiyaning «RIA Novosti» davlat axborot agentligiga sentabr oxirida bergan intervyusida Turkiya Ozarbayjon tomonida jang qilish uchun 4 ming suriyalik jangarini yuborganini iddao qildi.

Ozarbayjonga suriyalik yollanma askarlar yuborilgani to‘g‘risidagi xabarlarni asosli deb hisoblovchi mustaqil ekspertlar ham Toganyan askarlar sonini oshirib ko‘rsatganini aytishdi.

Bu orada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy va Rossiya razvedka xizmati rasmiylari Ozarbayjon tomonida suriyalik yollanma jangarilar kurashayotganini bildirdilar. Lekin ularning hech biri o‘z da’volarini tasdiqlovchi dalil keltirmadi.

Rossiya Xorijiy razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin mojaro mintaqa «xalqaro terror tashkilotlari Rossiya va boshqa qo‘shni mamlakatlarga kirib borishi uchun yangi maydonchaga» aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

6 - oktabr kuni Narishkin mojaroga Yaqin Sharqdan kelgan «yollanma askarlar va terrorchilar» jalb qilinayotganini ta’kidladi.

«Qorabog‘ urushida pul ishlab olishga umidvor yuzlab va minglab radikallar haqida so‘z boryapti», - dedi rasmiy.

Turkiya va Ozarbayjon rasmiylari bu iddaolarni keskin rad etmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Frantsiya va Rossiyani Armaniston tomonini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda aybladi. Ammo Turkiya rahbari Rossiya Ozarbayjonga ham qurol-aslaha sotayotganini tilga olmadi.

Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish uchun muzokaralar olib borish maqsadida tuzilgan Minsk guruhining a’zosidir.

29 - sentabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning yordamchisi Hikmat Hojiyev Tog‘li Qoraboqqa Suriyadan jangarilar olib kelingani haqidagi xabarlar asossiz ekanligini aytib, ularni «Armaniston targ‘iboti va yolg‘on xabarlari» deya ta’rifladi.

Ozarbayjonliklarning aksari Tog‘li Qorabog‘da suriyalik yollanma askarlar jang qilayotganiga ishonmaydi. Ular sunniy isyonchilar shia Ozarbayjon tomonida kurashishiga shubha bildirishmoqda.

Ozarbayjonlik mustaqil jurnalist Seymur Kazimov yaqinda mojaro hududidan Ozodlikka bergan intervyusida:

«Suriyaliklar biz tomonda jang qilayotgani haqidagi mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Buni tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q», - dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «janjal» bir nafar chet ellik jurnalist tomonidan boshlangan bo‘lib, u «bir yigit gaplariga asoslanib maqola yozgan – ismsiz, rasmsiz. Hech narsasiz».

Ammo The Washington Post gazetasi Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarda 52 nafar suriyalik yollanma jangchi halok bo‘lganini va ularning tanasi Ozarbayjondan olib chiqib ketilganini xabar qildi.

Nufuzli axborot agentliklari, xorijiy hukumatlar va mustaqil tahlilchilar suriyalik yollanma askarlar Ozarbayjon tomonida jang qilayotganiga ishonuvchi yagona manbalar emas: ijtimoiy tarmoqlarda mojaroda suriyalik jangarilar qatnashayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda.

The Independent gazetaning yozishicha, tahlilchilar suriyalik jangarilar Armanistonda ekanliklari haqida gaplashayotgani aks etgan videoni o‘rganib chiqib, u Horadiz shahridagi Ozarbayjon bazasida – jang maydonidan bir necha kilometr masofada yozib olinganini xulosa qilishgan.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan videolarning ayrimlari haqiqiy emasligi fosh qilindi.

Masalan, Ozodlik radiosining Shimoliy Kavkaz xizmati 4 - oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan va Tog‘li Qorabog‘da chechen jangarilari jang qilayotgani aks etgani iddao qilingan qisqa videoni o‘rganib chiqdi.

Geolokatsiya usullaridan foydalangan holda, Ozodlik 37 soniyali video aslida Qrimda suratga olinganini aniqladi. Ukrainaning Qrim mintaqasini 2014 - yili Rossiya anneksiya qilib olgan.

Turkiya bundan oldin ham boshqa mamlakatlarga yollanma askarlarni yuborishda ayblangan edi.

BMT mutaxassislarining ta’kidlashicha, 2019 - yilning dekabrida Turkiya Liviyaning xalqaro miqyosda tan olingan Milliy kelishuv hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun 5 mingga yaqin suriyalik jangchini yollay boshlagan.

Ayni damda, BMT mutaxassislari Rossiya general Xalifa Haftarning tan olinmagan Liviya milliy armiyasini qo‘llash uchun Suriya prezidenti Bashar Al-Assadni qo‘llovchi 1,2 ming nafar suriyalik jangarini yollaganini bildirdilar.

G‘arb matbuoti xabarlariga ko‘ra, Turkiya yollagan jangarilarga Liviya inshootlarini qo‘riqlash va’da qilingan. Ammo jangarilar Liviyaga yetib borishganidan keyin, ular Haftar kuchlariga qarshi janglarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishga majbur bo‘lishgan.

BMT tergovchilari Suriyada Turkiya qo‘llab kelayotgan «Erkin Suriya armiyasi» jangarilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, shu jumladan, odam o‘g‘irlash, zo‘rlash va tovlamachilik jinoyatlari haqida isbot-dalil to‘plagan.

Turkiya hukumatini qo‘llovchi SETA tahlil markaziga ko‘ra, «Erkin Suriya armiyasi» guruhiga kiruvchi 28 fraksiyaning 21 tasi Suriyadagi «Islomiy davlat» ekstremistik guruhiga qarshi kurashish uchun AQShdan yordam olgan.

Ammo «Erkin Suriya armiyasi» tarkibiga kiruvchi «Ahror ash-Shom» singari guruhlar boshida «Al-Qoida» ekstremistik guruhi bilan hamkorlik qilgan. Shuning uchun AQShning ba’zi rasmiylari ularni «terroristik» tashkilot sifatida ta’riflab keladi.

XS
SM
MD
LG