Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:09

Qozog‘iston "gaz ittifoqi"ni rad etdi. O‘zbekiston jim


 Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekistonni yangi "gaz ittifoqi"ga tortmoqchi.
Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekistonni yangi "gaz ittifoqi"ga tortmoqchi.

Qozog‘iston o‘z hududi orqali Rossiyadan gaz tashishdan rasman bosh tortdi: qozoq rasmiylari bu Ostonaning Moskvaga qaramligini oshiradi, deb hisoblamoqda. Avvalroq Putin Qozog‘iston va O‘zbekistonga uch tomonlama gaz ittifoqi tuzishni taklif qilgani xabar qilingandi. Shu tariqa Kreml xalqaro hamjamiyat tomonidan Ukrainaga tajovuzi tufayli joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tib, o‘z gazini boshqa mamlakatlarga sotishni rejalashtirgani taxmin qilinmoqda.

Ayni damda rasmiy Toshkent Vladimir Putinning “gaz ittifoqi” masalasidagi taklifiga na rozilik berdi, na uni rad etdi. Ayrim ekspertlar ushbu taklif O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasiga raxna solish maqsadida qilingan bo‘lishi mumkin, deyishmoqda.

“Qozog‘iston o‘z hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi”

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Roman Vasilenko mamlakat xalqaro muammolarni hal qilish usuli sifatida sanksiyalar qo‘llashni qo‘llab-quvvatlamasa-da, Qozog‘istonni hech bir davlatga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun o‘z tuynugiga aylantirishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.

“Uning ("gaz ittifoqi"ning -tahr.) mazmunini hozircha muhokama qilish erta, chunki u allaqanday g‘oya, xolos. Ammo Qozog‘istonning prinsipial pozitsiyasi shundan iboratki, Qozog‘iston o‘z hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu pozitsiyalar o‘zgarmasdan qolgan va kelajakda ular har qanday yangi tashabbuslarni baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi qozoq rasmiysi.

Vasilenkoga ko‘ra, Ukraina mojarosining dastlabki kunlaridan boshlab mamlakat hukumatida komissiya tuzilgan bo‘lib, uning vazifasi vaziyatning Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirish va sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun mamlakat hududidan foydalanishning oldini olishdir.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga ko‘ra, 28-noyabr kuni Kremlda o‘tgan muzokaralarda Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan iborat “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qilgan. “Umuman olganda biz tayyor, nimaga yo‘q deyishimiz kerak” deya so‘z boshlagan Toqayev keyinroq fikrini biroz o‘zgartirdi.

- Vladimir Vladimirovich bugun qandaydir uch tomonlama ittifoq yaratishimiz kerakligi haqida so‘zladi. O‘zbekiston prezidentiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Istalgan natija va kelishuvlarga erishish uchun biz ham ushbu mavzuni chuqur o‘rganishimiz kerak - hech bo‘lmaganda men, bizning mutaxassislarimiz haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Qozog‘istonliklar fikricha, ushbu ittifoq yuridik nuqtai nazardan sanksiyalarni aylanib o‘tishga imkon yaratadi, amalda esa Ostonaning Moskvaga qaramligini oshiradi. Hozircha rus gazining qozoqlar yerlaridan trasport qilinishiga G‘arb mamlakatlari qanday munosabat bildirishi qorong‘u, ammo mutaxassislar bu harakatlar AQSh va uning ittifoqchilari noroziligini keltirib chiqarishi aniq, demoqda.

Putinning “gaz ittifoqi”ni tuzish g‘oyasi Rossiyaning agressiv siyosati tufayli Qozog‘istonda aksilrossiya kayfiyati kuchayib borayotgani manzarasida sodir bo‘ldi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Dimash Aljanov fikricha, Rossiya yakkalangunigacha sobiq Ittifoq davlatlari, xususan Ukraina va Qozog‘iston bilan asosan “kuch diplomatisi”ni qo‘llab kelgan va Qozog‘iston bu kabi gaz ittifoqlarisiz ham qaram davlatga aylanib bormoqda.

- Bu gaplari bilan Toqayev tashabbusni boy berib qo‘ydi. Siz avvaliga “Ha, biz rozimiz” deb gap boshlab, keyin “Biz hozircha tayyor emasmiz, biz masalani o‘rganishimiz kerak” desangiz, milliy manfaatlarni himoya qilishda vaziyatni qo‘ldan boy berib qo‘ygan bo‘lasiz. Bu kelishuv umuman olganda o‘zi juda shubhali. KXShT va Yevrosiyo iqtisodiy kengashiga a’zo bo‘lgan Qozog‘iston o‘z mustaqilligini asta-sekin yo‘qotib bormoqda.

Rossiya prezidenti bilan uchrashuvdan keyin darhol qozoq rahbari Fransiyaga Emmanuel Makron bilan uchrashuvga jo‘nab ketdi.

“Rossiya O‘zbekistonga gaz yetkazib berishdan manfaatdor”

Ayni damda Rossiyaning Kreml nazoratidagi ommaviy axborot vositalari “Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston gaz ittifoqchiligi” to‘g‘risida bong ura boshladi.

“Rossiya gaz ittifoqini tuzish bo‘yicha muzokaralar boshladi”, “Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston gaz ittifoqini tuzishadi”, “Osiyo: uchlik gaz ittifoqi”, “O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘iston bilan gaz ittifoqiga qiziqish bildirmoqda” kabi jarangdor sarlavhalar ostida chiqayotgan maqola va reportajlarda Qozog‘istonning rasmiy munosabati va O‘zbekiston tomonining sukut saqlayotgani borasida lom-mim deyilmayotganini ham ko‘rish mumkin.

Ruslarning “gaz ittifoqi” to‘g‘risidagi bayonotlariga rasmiy Toshkent hech qanday munosabat bildirmayotgan bo‘lsada, kuzatuvchilar oxirgi paytlarda Rossiya propagandasi O‘zbekiston va uning siyosiy pozitsiyasiga bosimni kuchaytirganiga e’tibor qaratmoqda.

Oxirgi haftalarga Toshkentga serqatnov bo‘lib qolgan rus siyosatchilaridan biri, Duma spikeri Vyacheslav Volodin “AQSh bilan uning strategik hamkorlari o‘rtasidagi aloqalar natijasi Vashington bilan hamkorlikning ehtimoliy natijalarini baholashda O‘zbekiston uchun namuna bo‘ldi”, degan. Duma xabarnomasida aytilishicha, Volodin Yevropa uchun bunaqa “strategik hamkorlik” iqtisodiyotdagi muammolar bilan tugaganini urg‘ulagan.

Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak esa jurnalistlarga O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston bilan “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni yaratish loyihasidan manfaatdor, dedi.

“Biz hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldik, chunki O‘zbekiston Respublikasiga Rossiya gazini qo‘shimcha yetkazib berishdan manfaatdormiz. Takror aytaman, biz texnik va tijorat masalalarini hal qilishimiz kerak”, dedi Aleksandr Novak.

Uning qayd etishicha, Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan “uch tomonlama gaz ittifoqi” loyihasidan mamlakatlarning ichki gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va eksport salohiyatini oshirish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 2-dekabr kuni Samarqandda o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulla Aripov bilan birgalikda ikki tomonlama hukumatlararo komissiyasi majlisini o‘tkazdi. Unda ikki davlat ko‘plab sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olingani e’tirof etilgan bo‘lsada, majlisda “Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida tuzilajak gaz ittifoqi” haqida muhokama bo‘lish-bo‘lmasligi haqida biror ma’lumot berilmadi. Bu esa savollarni yanada ko‘paytirdi.

Ikki hukumat rahbarlari o‘rtasida imzolangan hujjatlar orasida ham gaz sohasidagi bunday hamkorlik borasida so‘z yuritilmaganini ko‘rish mumkin.

“Putin Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasiga raxna solmoqda!”

Alisher Ilhomov
Alisher Ilhomov

Rossiya prezidenti Putinning Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan “ittifoq” yaratish g‘oyasi ikki tomonlama hamkorlik bitimini tuzish arafasida turgan Ostona va Toshkent o‘rtasiga raxna soldi, deydi Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence (CADD) tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov.

U Toqayev Moskvaga borishidan bir kun oldin Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida imzolanishi kutilayotgan shartnoma loyihasi e’lon qilingani tasodif emasligiga e’tibor qaratdi. Unda, jumladan, “hech bir tomon o‘z hududi va zaxiralaridan foydalangan holda boshqa tomonga tajovuz qilishda, shuningdek, boshqa tomonning davlat mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazish maqsadida foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi” ta’kidlangan:

“... Tomonlardan birining fikriga ko‘ra, uchinchi davlatlar tomonidan qurolli hujum tahdidini tashkil etuvchi vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, tomonlar darhol bir-birlari bilan tegishli maslahatlashuvlarni o‘tkazadi... uni tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashish choralarini qabul qiladi …”

Tahlilchining fikricha, bu ittifoq Putinga birvarakayiga bir nechta “quyonni o‘ldirishga” imkon yaratadi:

- Nazarboyev va Karimov davrida ham Markaziy Osiyo ittifoqini yaratishga urinishlar bo‘lgan. Ammo Moskva parda ortidan turib, oxir-oqibat mintaqa davlatlarini o‘z ishtirokida ittifoq tuzishga ko‘ndirgan. Shu tariqa u KXShT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi homiysiga aylandi. Ya’ni, o‘z ishtiroki va yetakchiligisiz Rossiya mintaqada integratsiyani ko‘rolmaydi.

Alisher Ilhomovning fikricha “gaz ittifoqi” g‘oyasi Ostona bilan kelishilmagan holda e’lon qilingan.

- Menimcha, bu g‘oya birinchi navbatda Toqayevni g‘aflatda qoldirdi. Chunki u oldindan kelishilmagan. Maqsad - Moskvadan mustaqil bo‘lishi mumkin bo‘lgan integratsiyaga barham berishdir. Toqayevning “gaz ittifoqi”ga bergan beparvo izohi Toshkentda qo‘rquv uyg‘otdi, shekilli. "Gaz ittifoqi" O‘zbekistonga mutlaqo hech narsa bermaydi. Aksincha, Toshkent hozirda muqobil savdo va logistika yo‘nalishlarini, jumladan, gaz masalasida olib borayotgan strategiyaga to‘sqinlik qilmoqda.

Boshqa tomondan, Toshkentning Moskvadan voz kechishi juda qiyin bo‘ladi. Putin bu fikrni aytganidan keyin endi chekinishi dargumon: bosim o‘tkazishga harakat qiladi. Aslini olganda, Rossiya Federatsiyasi uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti alohida ahamiyatga ega emas, ammo so‘nggi paytlarda mamlakatning G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish kanallaridan biri sifatida ahamiyati ortib bormoqda.

Toshkent sukut saqlamoqda

Rasmiy Toshkent Putin hukumatining bunday bayonotlariga biror ko‘rinishda munosabat bildirganicha yo‘q.

Biroq, o‘zbekistonlik jamoat faollari bunday hamkorlik foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi, degan fikrni bildirmoqda.

“Allaqanday Gaz Ittifoqi to‘g‘risida... Biz uning tafsilotlarini bilmaymiz. Ammo fikr bildirishga ijozat bering: agarda bu ittifoq gazni O‘zbekiston viloyatlariga qaytara olmasa, bunday ittifoqning nima keragi bor? Gaz kimniki o‘zi?”, deya savol tashladi Smartgov Consulting shirkati ijrochi direktori va bloger Aziza Umarova.

Boshqa o‘zbekistonlik jamoatchilik faollari “terrorchi” deb e’lon qilingan davlat bilan har qanday “hamkorlik” salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Rossiyalik politolog Arkadiy Dubnov prezident Toqayevning Moskvaga tashrifi va u yerda aytgan so‘zlariga katta ahamiyat bermaslik – eng muhimi uning harakatlarida ekaniga e’tibor qaratdi.

A.Dubnov
A.Dubnov

Siyosatshunos fikricha, Rossiyaning agressiv siyosati qo‘shni davlatlar va ittifoqchi mamlakatlarni ham unga qarshi birlashishga undamoqda.

- Agar Qozog‘iston (hozircha) KXShTga a’zo bo‘lganini, O‘zbekiston esa a’zo emasligini eslasak va “uchinchi davlatlar”dan qaysi biri Qozog‘istonga qurolli hujum bilan tahdid qilishi mumkinligi haqida o‘ylasak, paradoksal xulosalarga kelamiz: xususan, Moskva Qozog‘istonga nisbatan tajovuzkor xatti-harakatlar sodir etsa, Ostona mintaqadagi KXShTga a’zo bo‘lmagan kuchli qo‘shnisidan yordam so‘rab, murojaat qilishini namoyish etmoqda. Toshkent va Ostona tashabbusi KXShT parchalangan taqdirda Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik tizimini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim elementi sifatida ham ko‘rilishi mumkin. Dono odamlar sirpanchiq zamonda sirg‘alib ketmaslik uchun yerga somon sepib qo‘ymoqdalar, deya fikr bildirdi Arkadiy Dubnov.

XS
SM
MD
LG