Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:30

Andijondagi sud jarayonini yoritayotgan bloger sudlanuvchilarning ochlik aksiyasiga qo‘shildi (VIDEO)


Bloger Fatima Jo‘rayeva sudlanuvchilarni qo‘llab ochlik e’lon qilgani haqida dastlab Andijon shahar sudi oldida gapirdi
Bloger Fatima Jo‘rayeva sudlanuvchilarni qo‘llab ochlik e’lon qilgani haqida dastlab Andijon shahar sudi oldida gapirdi

Andijondagi "UZ DONG YANG CO" korxonasiga oid sud jarayonida sudlanuvchi sifatida qatnashayotgan ikki mulozim va bir tadbirkor 14 - yanvardan boshlab hibsxonada muddatsiz ochlik aksiyasini boshladi.

Sudlanuvchilar sud jarayonidagi, o‘z ta’birlaricha, nohaqliklarga norozilik sifatida ochlik e’lon qilishgan.

Mazkur sud jarayonini kuzatayotgan bloger Fatima Jo‘rayeva ham sudlanuvchilarni qo‘llab, ochlik aksiyasiga qo‘shilganini ma’lum qildi.

20 - yanvar kuni Fatima Jo‘rayeva Ozodlik bilan suhbatda hanuz ochlikni davom ettirayotganini bildirdi.

Sudyalar oliy kengashi bloger Jo‘rayevani “sun’iy ravishda vaziyatga siyosiy tus berish”da aybladi.

Ochlik e’lon qilgan sobiq mulozimlar

"UZ DONG YANG CO" korxonasining 11 oydan buyon hibsda ushlab turilgan sobiq rahbari Azamat G‘ofurov va moliyaviy direktori Sanjarbek Teshayev hamda ushbu korxonaga mahsulot yetkazib bergan tadbirkor Bekzodbek Madyarov 14 - yanvardan boshlab muddatsiz ochlik aksiyasini boshladi.

Bu haqda sudlanuvchilarning qarindoshlari Ozodlikka 20 - yanvar kuni ma’lum qildi.

Ular uch sudlanuvchining ochlik e’lon qilgani qayd etilgan ariza nusxasini ham Ozodlikka taqdim qilishdi.

G‘ofurov, Teshayev va Madyarov nomidan 15 - yanvarda yozilgan arizaga uchala sudlanuvchining imzosi qo‘yilgan.

“Tergov jarayoni noxolis hamda bir tomonlama olib borilganligi, sud jarayonida sodir bo‘layotgan nohaqliklardan himoyalanishimizga doir kiritilgan iltimosnomalarning bir necha bor rad etilayotganligi hamda mahbuslarni saqlash sharoitlari talabga javob bermaslik holatlari ya’ni sud binosidagi mahbuslar saqlash sharoiti umuman talabga javob bermasligi va boshqa turli sabablarga ko‘ra inson huquqlarimiz ta’minlanmayotganligi va poymol qilinayotganligi sababli 14 - yanvar 2021 - yil soat taxminan 14:37lar atrofida ochlik e’lon qildik”, deyiladi sudlanuvchilar arizasida.

Sud jarayonida kuzatuvchi sifatida qatnashib kelayotgan bloger Fatima Jo‘rayevaning 20 - yanvar kuni Ozodlikka aytishicha, sudlanuvchilar 14 - yanvar kungi mahkamada ochlik e’lon qilganliklari haqida gapirishgan.

- 14 va 15 - yanvar kunlari ketma- ket sud majlislari bo‘ldi. Ikkalasida ham qatnashdim. Sudlanuvchilar ikki kun ham ochlik e’lon qilganliklari haqida gapirishdi. Sud payti Azamat G‘ofurovning davleniyesi oshib ketgani uchun skoriy ham keldi. Bularning hammasi sud majlisiga oid video tasvirlarda bor. Chunki sudlanuvchilarning advokatlari iltimosiga ko‘ra, sud jarayonlari to‘la video tasvirga olinmoqda, - deydi Fatima Jo‘rayeva.

Bloger ham ochlik e’lon qildi

Bloger Jo‘rayevaning aytishicha, uning o‘zi ham sudlanuvchilarni qo‘llab, ochlik e’lon qilgan. Bu haqda o‘sha kunning o‘zida Jo‘rayeva Feysbuk tarmog‘idagi sahifasida qoldirgan postida ham xabar qilgan.

15 - yanvar kuni esa, Jo‘rayeva Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi binosi oldidan Feysbuk orqali jonli chiqish qilib, ikki kundan buyon ochlik qilayotgani haqida gapirdi.

Фатима Жўраеванинг Фейсбук орқали чиқиши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:24 0:00

20 - yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda Fatima Jo‘rayeva Toshkentga qaytib, ochlikni davom ettirayotganini aytdi:

- Men, yolg‘on bo‘lmasin, suv ichyapman. Suvdan kechganim yo‘q, lekin ovqat yemayapman. 2019 - yil o‘tim olib tashlangani sabab, mehmonxonada paytim mazam qochdi, shunda ozgina sho‘rva ichdim. Shundan keyin yana ochlikni davom ettiryapman. Qachongacha kimdir o‘zini osadi? Qachongacha kimdir o‘zini yoqadi? Adolatga erishaylik! Yurtboshimiz bizga bergan so‘z erkinligidan foydalanib, dodimiz yetib borishini so‘radim. Xolislikni ta’minlab berishlarini so‘rayapman, xolos. Xudo xohlasa, adolatga erishamiz, degan umiddaman. Ertaga, payshanba kuni yana sud. Sudlanuvchilar vaziyatiga qarab, ochlikni yana davom ettirish-ettirmasligim ma’lum bo‘ladi.

Bloger Jo‘rayeva ham, sudlanuvchilarning yaqinlari va advokatlari ham hibsxonada ochlik e’lon qilgan uchala sudlanuvchining hozirgi vaziyatidan bexabarligini aytishdi.

Rasmiy munosabat

19 - yanvar kuni AOKAda o‘tgan brifingda Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov bloger Fatima Jo‘rayevaning ochlik e’lon qilganiga munosabat bildirib, uni noxolislikda aybladi.

“Bloger Fatima Jo‘rayevaning jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi binosi oldida ochlik e’lon qilganini nafaqat huquqiy malakasi va madaniyati yetishmaslik, balki noxolisligi, sun’iy ravishda vaziyatga siyosiy tus berib, shu orqali jamoatchilik e’tiborini tortgan holda sudga bosim o‘tkazish, deb hisoblaymiz. Va mazkur holatga tegishli huquqiy baho berilishi lozim deb bilamiz”,- deydi Tursunali Akbarov.

Akbarovga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokuror nomiga taqdimnoma kiritilgan va hozirda tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda. Bosh prokuraturadan bu borada biror ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

"UZ DONG YANG CO" 1996 - yilda tashkil topgan.
"UZ DONG YANG CO" 1996 - yilda tashkil topgan.

Shirkatdagi tekshiruv

Ochlik e’lon qilgan uch sudlanuvchining barchasi Jinoyat kodekisning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi "a, v" bandlari, 189-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)ning 1-qismi, 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)ning 2-qismi "a, b" bandlari va ushbu moddaning 3-qismi bilan ayblanmoqda.

Andijon shahridagi avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan "UZ DONG YANG CO" O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasida Bosh prokuratura huzurida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari tomonidan tekshiruv bir yilcha avval boshlangan.

Shirkatda avtomobil butlovchi qismlarning narxlari bilan bog‘liq sxemalar va shirkat balansida yuzaga kelgan kamomad sabablari tekshirilgan.

Tekshiruvlar ketayotgan bir paytda shirkatning nolikvid detallar ombori mudiri, 34 yashar Hasanboy Ikromov 29 - may kuni o‘z hovlisida osilgan xolda topilgan edi.

Hasanboy Ikromovnig onasi Amatxon Norboyeva OzodMikrofon bilan bog‘lanib, o‘g‘lining o‘limida taftishchilarni ayblagan edi.

2019 - yilda «UzAuto Motors» AJ tarafidan sotib olingan ishlab chiqarish uskunalarining “UZ DONG YANG CO” shirkatiga hech bir badalsiz tekinga berilgani ortidan avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi «Uz-metertech Co» shirkati o‘z noroziligini bildirgan edi.

Norozilik nega bu uskuna “bizga emas, unga berildi”, degan savol ustiga qurilgan edi.

“UZ DONG YANG CO” va “Uz-metertech Co” kompaniyalari “O‘zbekavtosanoat” AJ bilan hamkorlik qiladigan bir xil mavqe va profildagi ikki shirkatdir.

“O‘zavtosanoat” AJ 2019 - yil dekabr oyida “UZ DONG YANG CO” va “Uz-metertech Co” o‘rtasida yuzaga kelgan iqtisodiy nizo yuzasidan rasmiy baënot bergan edi.

Bayonotda “UZ DONG YANG CO” shirkatining mamlakat avtosanotida katta o‘rni borligi ta’kidlanib “O‘zavtosanoat” bu shirkatni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan edi.

"UZ DONG YANG CO" 1996 - yilda tashkil topgan, korxonada mingdan ziyod ishchi ishlaydi.

XS
SM
MD
LG