Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:40

"Ayrim ichki a’zolari yo‘q". Chaqalog‘i nobud bo‘lgan yosh oila prokuraturadan nega norozi?


Shu yil yozida Samarqanddagi xususiy klinikalaridan birida chaqalog‘i nobud bo‘lgan yosh ona shifokorlarni sovuqqonlikda ayblamoqda. Rossiya vatandoshi bo‘lgan Rozagul Kukanova hamda turmush o‘rtog‘ining iddao qilishicha, tug‘ilish jarayonida vafot etgan chaqaloqning "ichki a’zolari yo‘qolib qolgan".

Yosh oila Samarqand shahar prokuraturasi "ishni yopdi-yopdi qilishga urinayotgani"ni iddao qiladi.

Prokuratura bu iddaolarni rad etmoqda.

"Bolaning ichki a’zolari yo‘qoldi"

2021 - yilning 15 - iyul kuni Samarqand shahridagi xususiy klinikalardan birida rossiyalik Rozagul Kukanovaning o‘g‘il farzandi o‘lik holatda tug‘iladi.

O‘zi ham professional shifokor bo‘lgan Kukanovaning iddao qilishicha, ona qornida tirik bo‘lgan chaqaloqning o‘limi shifokorlarning "sovuqqonligi va malakasiz muolajasi tufayli" yuz bergan.

Rozagulning turmush o‘rtog‘i Yuriy Ibragimov ham "bola jarrohlik amaliyoti paytida nobud bo‘lganini iddao qiladi.

- Mening turmush o‘rtog‘im o‘zi vrach. O‘tgan yili biz turmush qurganimizdan keyin u Rossiyadan Samarqandga ko‘chib keldi va bolani ham shu yerda dunyoga keltirishga qaror qildik. U ko‘rikdan ham mahalliy poliklinikada, ham xususiy klinikada o‘tib turgan. Bolaning rivojlanishida hech qanday kamchilik yo‘q edi. Tug‘ish payti kelganida uni yuragi urib turgani, hech qanday muammo yo‘qligini aniqlashdi. Bola yirikroq ekan va xotinim vrachlardan kesarevo qilib olishni so‘radi. Xotinimning aytishiga ko‘ra, bosh ginekolog G.Z. qornini qisishni boshlagan, ammo bola qisilib qolgan va uni kesib olishgan. Chaqaloq o‘lik tug‘ilgan. Vrachlar avvaliga bolada Torch-infeksiya borligi, keyin patologiyasi aniqlangani, keyin kindik ichagiga o‘ralib, bo‘g‘ilgani kabi bahonalarni bera boshlashdi, - deydi Yuriy.

Suhbatdosh vrachlarning xatti-harakatlari ustidan prokuraturaga shikoyat arizasi bilan murojaat qilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolaning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida mustaqil ekspertiza tayinlangan, ammo ekspertiza paytida "bolada ayrim ichki a’zolari yo‘qolgani" aniqlangan.

Bolaning ayrim ichki organlari yo‘qolgani xususida ekspertiza xulosasi
Bolaning ayrim ichki organlari yo‘qolgani xususida ekspertiza xulosasi

Yuriy Ibragimov Samarqand shahar prokuraturasi ikki marta tergovoldi surishtiruvini yopgani va jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etganini aytadi.

- 17 - iyul kuni Samarqand shahar prokuraturasiga shikoyat bilan bordim. 16 - avgust kuni prokuratura qo‘shimcha tergovoldi tekshiruv o‘tkazish vaji bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi. Tushuntirish xatida vrachlar chaqaloq “TORCH-infeksiya yoki homi boshi va ona chanog‘i o‘rtasida kindik tizimchasi qisilib qolganlik”dan o‘lib qolgan bo‘lishi mumkinligi taxminlari aks etgan. Xullas, jinoyat alomatlari aniqlanmabdi va “ichki a’zolarining kesib olingani” holatini tekshirish uchun Samarqand IIO FMB (Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi- tahr.) ga yuborilibdi. Shu yilning 8 - oktabrida shahar prokuraturasi jinoyat ishini ochishga rad javobini berdi. Viloyat prokuraturasi ham tekshiruv o‘tkazib, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etdi. Shundan beri biz ish bo‘yicha biror jo‘yali javob ololganimiz yo‘q. Lekin “bolaning ichki a’zolari qaerga yo‘qoldi va u nimaga olindi”, savoliga javob yo‘q, dedi Yuriy Ibragimov.

Ibragimovlar oilasi Samarqand shahrida joylashgan ushbu xususiy tug‘ruqxonada davlat litsenziyasi yo‘qligini aniqlashganini aytishmoqda.

Ozodlikka taqdim etilgan ekspertiza hujjatlaridan bola haqiqatan asfiksiya, ya’ni nafas yo‘llari yopilishi tufayli tug‘ilish paytida nobud bo‘lgani aniqlanadi. Biroq murdani ko‘rikdan o‘tkazdan mutaxassislar chaqaloq tanasida timus bezi, o‘pka va bronxlar, jigarning chap kichik bo‘lagi, taloq, chap buyrak va buyrak usti bezlari yo‘qligini qayd etgan.

Tibbiy ekspertiza xulosasida, shuningdek, tug‘ilgan chaqaloq yo‘ldoshisiz qabul qilingani qayd etilgan, tug‘ruqxona xodimlari esa bolani yo‘ldoshi bilan jo‘natganini bildirgan.

Rossiya vatandoshi bo‘lgan Rozagul Kukanova himoyasiga Rossiyada joylashgan “Deti Rossii” tashkiloti ham qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi.

Prokuratura: "Ishda jinoyat alomatlari topilmadi"

Rozagul va Yuriy Ibragimovlarning iddaosicha, Samarqand shahar prokuraturasi hanuzgacha o‘lik tug‘ilgan chaqaloqning ichki a’zolari qayerga yo‘qoldi, degan savolga javob topmagan.

Tergovoldi tekshiruvini olib borgan Samarqand shahar prokurorining katta yordamchisi Jamshid Negmatov Ozodlikka Ibragimovlar ishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos yo‘qligini aytdi.

- Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani yo‘q, haqiqatan. Tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borildi. Yuriy Atajanovich hamma protseduralarda qatnashgan, hujjatlar unga topshirilgan. Ko‘kanovani ham hech kim bizga olib kelmadi so‘roqqa, biz chaqirgandik. Vakolatimizga nima kirsa – hammasini tayinladik bu ish yuzasidan. A’zolar yo‘qolgani bo‘yicha ichki ishlarga ajratib berganmiz. Bu oila mendan norozi bo‘lganidan keyin, material boshqa kishiga berildi. Tana a’zolari namunalari turibdi, ular ekspertizaga olingan, yo‘qolmagan. Men mutaxassis emasman, lekin ekspertiza jinoyat alomatlari topilmagani to‘g‘risida qaror chiqargan. Istasa, oila boshlig‘i ariza bilan murojaat qilib, ichki organlar ko‘rsatiladi unga, - dedi prokuratura xodimi.

Prokuror Negmatov ichki a’zolar yo‘qolgani masalasida Ichki ishlar tergov natijalari chiqarilgani va Ibragimovlar maxsus so‘rovnoma asosida u bilan tanishib chiqishi mumkinligini ham aytdi.

Samarqand shahar prokuraturasi qarori
Samarqand shahar prokuraturasi qarori

Biroq prokuratura xodimi bolaning ichki organlari nima uchun ota-onaning ruxsati va xabarisiz ekspertizaga olingani, va bu harakatning qanchalik qonuniyligi haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

Rozagul Kukanova va Yuriy Ibragimovlar esa bu savollarga javob izlashda davom etishlarini aytishmoqda.

O‘zbekiston yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limi ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolayotgan mamlakatlar qatorida.

BMTning Bolalar jamg‘armasi - YuNISEF O‘zbekistonda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 57 foizi neonatal davr -hayotining ilk 27 kunida sodir bo‘layotgani to‘g‘risida raqamlarni ochiqlagan. Mutaxassislar O‘zbekistonda chaqaloqlar o‘limining uch asosiy sababi — barvaqt tug‘ruq, asfiksiya va infeksiyalar ekaniga ham e’tibor qaratib keladi.

XS
SM
MD
LG