Toshkentdagi qator oliy oliy ta’lim muassasalari talabalari 31 - avgust kuni o‘tadigan Mustaqillik bayrami rasmiy tantanalariga tayyorgarlikka jalb etilmoqda.
Ozodlik suhbatlashgan talabalar o‘quv muassasasi ma’muriyati tomonidan “ixtiyoriy-majburiy tarzda” bayram tadbirlariga jalb qilinayotganini gapirsa, dekanat xodimlari talabalarga barcha sharoitlar yaratilgani va ular bayram tadbirlari dasturida ixtiyoriy ravishda ishtirok etayotganini aytdi.
“Tadbirga kelmasang - o‘qishingni o‘yla!”
Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan bir guruh talaba "jazirama issiqda Mustaqillik bayrami tadbirlariga jalb etilgani"dan shikoyat qilib, unga vazirlik rahbariyati e’tibor qaratishini so‘radi.
- Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik uchun, xususan, Toshkent san’at va madaniyat institutining viloyatlik talabalari poytaxtga chaqirilyapti. Ayniqsa, qizlar bayramga jalb etilyapti. Issiqda karantin qoidalariga rioya qilinmayapti. “Kelmasang, keyin o‘qishingni o‘yla”, degan po‘pisalar bo‘lmoqda. Oliy ta’lim vaziridan bu masalaga e’tibor qaratishini so‘raymiz, - deb yozdi ismini ochiqlashi istamagan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi.
Toshkentlik talaba COVID- 19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotgan bir paytda talabalarni ommaviy tartibda bir joyga jamlashning o‘zi xatarli ekaniga e’tibor qaratdi.
Ozodlik bu tadbirga jalb qilingan, ammo kasalligi tufayli unda ishtirok etmayotgan talabalardan biri bilan suhbatlashdi.
- Kurs boshlig‘imiz avvaliga so‘radi, kim ishtirok etadi, deb. Ular avvaliga bu tadbirni “stajirovka” sifatida taqdim etishdi, keyin ochiqchasiga qo‘rqitish boshlandi. Kursdan-kursga o‘tishda, imtihonlarda muammo bo‘lib qolishi mumkinligini aytishdi. Men mazam bo‘lmagani bois borolmadim. Bilishimcha, guruhimizda ko‘plab qizlar qo‘rqmasdan bormasligini aytibdi.
O‘tgan iyun oyida ham qandaydir tadbirga chaqirishgandi – faqat viloyatdan kelganlarni qo‘rqitib, olib borishdi. Boshida dekanatda, asosan toshkentliklar va ixtiyoriy ravishda viloyatdan kelganlarni jalb qilishayotgandi. Biz talabalar ham tushunyapmizki, buyruq tepadan kelgan - bo‘ysunmasdan iloji yo‘q. O‘qituvchilar keyin qo‘rqitadi, majburlaydi, chunki ixtiyoran hech kimning issiqda sarg‘ayib turgisi yo‘q. Yozda ular ham odamga o‘xshab dam olgisi kelayotgandir – hech kim so‘ramaydi-ku ulardan, - dedi suhbatdosh.
Ma’lum bo‘lishicha, bu tadbirga, asosan qizlar jalb etilib, ayrim institutlar ularni qo‘rqitish bilan, boshqalari esa turli imtiyozlar va va’dalar bilan qatnashtirishga erishgan.
Telegram guruhlaridan birida bu borada fikr bildirgan yoshlardan biri dekanat tomonidan yuborilgan xabar skrinshotini e’lon qildi.
Unda dekanat vakillari “majburiy holatda - toshkentliklar” va “ixtiyoriy ravishda – viloyatdagilar” "Botanika bog‘i"ga ertalabki soat 8ga kelishi zarurligi, aks holda talabalar katta imtiyozlardan mosuvo qolishi aytiladi:
"Bu safar tadbirga qatnashganlarga imtihonlardan yordam va pul mukofotlar beriladi. Bizda kimlar imtihon ololmay yurgandi – mana ularga imkoniyat! Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan davlat tadbiri. Shu yurtni sevgan talabalar befarq bo‘lmanglar. Agar viloyatdan kelib, tadbirda qatnashsa - hozir ham, sentabrda o‘qish davrida ham yotoqxonadan joy qilib beriladi. Zamdekan 100 foiz kafolat berdi! "
Guruh moderatori tadbir shiorini "Yangi tadbirlar, yangi kasallanishlar" deb qo‘yishni taklif qildi.
"Tadbirga o‘z ixtiyori bilan kelganlar jalb qilindi"
Ozodlik talabalarni Mustaqillik tadbiriga tayyorgarlikka jalb qilish masalasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakultetiga murojaat qildi.
Tadbirga, asosan qizlar jalb etilayotganini tasdiqlagan fakultet dekani Anvar Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda barcha talabalar ixtiyoriy qatnashayotgani, ularga zarur shart-sharoitlar yaratilganini bildirdi.
- U yerda hammasi ixtiyoriy! Turli ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiydigan talabalar. Fakultetimizda kunduzgida 126 qiz bo‘lsa, shulardan 21 tasi ishtirok etyapti. Ulardan 4-5 tasi hatto sirtqi bo‘limlardan. Hammasi talabalar turar joyida dam olyapti, yotog‘i-ovqati qilib berilyapti. Kechki salqinda projektorlar bilan va ertalabki 6,5 – 7 larda bir soat-yarim soatga chiqyapti. Hech kim issiqda qolgan joyi yo‘q – o‘zim ham o‘sha yerdaman!
Tadbir o‘tkazilishi belgilangan kungacha davom etadi. Ssenariy o‘zgarishi mumkin, odam kamayishi-ko‘payishi mumkin. Ketamiz, deydigan talabaga to‘sqinlik yo‘q - ketyapti! Sog‘lig‘ida muammo paydo bo‘lganga ham shu gap aytilyapti. Birorta qizni majburlab ushlab turilganini bilmayman. Do‘q qilishning ham hojati yo‘q-ku ularga – hamma qiz bizga kerakmas u tadbirda, - dedi fakultet rahbari.
Ozodlik ayni OTMning boshqa mutasaddilari bilan suhbatdan Mustaqillik bayrami tantanalariga tayyorgarlikka, asosan “rejissura” yo‘nalishi talabalari, jumladan bir necha yigit ham jalb qilinganini aniqladi.
Shu yil fevralida Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov xorijlik mehmonlarni adras ko‘ylakda gul ko‘tarib, kutib olishga OTM qizlari jalb qilinayotganiga munosabat bildirgan edi.
Vazir bu kabi holatlar "majburiy mehnatning bir ko‘rinishi" ekanini aytgan.
"Xorijdagi mehmonlarni kutib olish uchun nega mening gul qizlarim, gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘zingizni farzandingizni qo‘yib ko‘ring. U bo‘yicha alohida buyruq qilamiz. Buni majburiy mehnatga tenglashtiramiz. Bu majburiy mehnatning bir ko‘rinishi...
Stadionni to‘ldirish uchun ham talaba, fon uchun talaba, festival bo‘lsa talaba… Hamma joy huquqiy qolipga tushishi shart. Talaba o‘qish kerak. Kerak bo‘lsa to‘yib uxlashi kerak, talabaning shaxsiy hayotiga aralashishga haqqimiz yo‘q", — deb aytgan vazir.
Vazir Alimoff Telegram-kanalida e’lon qilingan rasmiy xatga munosabat bildirgan. Toshkent shahriga bir qator oliy va yuqori darajadagi mehmonlar tashrifi chog‘ida ularga gul berish maqsadida OTMlarda tahsil olayotgan, davlat protokoliga mos keluvchi qizlarning ro‘yxatini berish so‘ralgan xatga poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzo chekkan.
Rasmiy xatda "tavsiya etiladigan talaba-qizlarning bo‘y basti, tashqi ko‘rinishi, tarbiya va odobi, chet tillarini bilish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq" ekani ta’kidlangan.
O‘zbekistonlik talaba-yoshlar marhum prezident Islom Karimov davrida ham Mustaqillik, Navro‘z, davlat rahbarlarini qutlash va boshqa tadbirlarga majburiy tarzda ommaviy jalb qilinishi kuzatilgan. Bu holat yangi prezident davrida ham davom etmoqda.
2020 - yilning 17 - dekabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Roppa-rosa 12 kun o‘tib, 29 - dekabr kuni, parlamentga murojaat bilan chiqish qilib, prezident 2021 - yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash” yili deb e’lon qilishni taklif qilgan edi.
Prezidentga ko‘ra, mazkur yil doirasida “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida “keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishi” ko‘zda tutilgan.