Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi kabi tuzilmalar qanchalik samarali? Ular shunchaki, G‘arb matbuoti ta’birida "diktatorlar klubi" bo‘lib qolmayaptimi?
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi... Bularning majlislari real muammolarni hal etishga hissa qo‘shyaptimi yoki shunchaki prezidentlarning uchrashuvi uchun bahonami?
Rossiya hukmronligini faol ravishda mustahkamlayotgan ushbu mintaqaviy uyushmalardan boshqa a’zo davlatlar qanday foyda ko‘ryapti?
“Kreml nazorati uchun ishlaydi” deya baholangan tashkilotlarning ishini oldinda tahlil qilamiz. Qolaversa, Shanxay hamkorlik tashkiloti va BRICS kabi tuzilmalardagi O‘zbekistonning roli haqida gaplashamiz.
Tarixga qisqacha nazar
O‘zbekiston 1-yanvardan BRICSda sherik-davlat maqomiga ega bo‘ldi. Lekin bu haqida Toshkentdan avval Moskva rasman e’lon qildi. Bu esa mintaqaviy ittifoqlar Rossiyaning nazorat vositasi ekani haqidagi fikrlarni yana bir bor tasdiqlagandek bo‘ldi. BRICS mavzusiga maqola so‘ngida to‘xtalamiz va ekspertlarning qiziq taxminlarini tinglaymiz. Hozir esa ozgina tarixga nazar tashlaymiz.
Islom Karimov davrida O‘zbekiston Rossiya boshchiligidagi tuzilmalardan masofalanib kelgan. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotidan ikki marta chiqib ketgan. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini yoqlamagan va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi parlament assambleyasi tuzilishiga qarshilik qilgan. Tojikistondagi Rossiya harbiy bazasiga qarshi edi va Amerika bazasini joylashtirgandi. Postsovet hududida Rossiya tasirini muvozanatlash uchun tuzilgan GUUAM tasischisi bo‘lgan. Bu tuzilmaga Gruziya, Ukraina, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Moldova kirgan.
Lekin 2005-yildagi Andijon voqealaridan keyin Toshkent Moskva bilan yaqinlashishga majbur bo‘lgan. Hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelgandan so‘ng O‘zbekiston Rossiya orbitasiga qaytdi, deydiganlar ko‘p. Lekin Mirziyoyev ham bir navi multivektor tashqi siyosatni saqlab qolish harakatini ko‘ryapti. Lekin Karimovchalik muvozanat qila olayotgani yo‘q. Moskva kutganidek Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga ham qo‘shilmadi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti. Harbiy ta’sir va manfaatlar zonasi
1992-yili Toshkentda imzolangan kelishuv bilan tuzilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga avvaliga Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo bo‘lgan. Keyinchalik Toshkent bu alyansdan chiqib ketgan.
“Harbiy bloklar har doim umumiy bir potensial dushmanga qarshi tashkil etiladigan tuzilma. Lekin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXSHT) umumiy dushmani kim? 2001-yildan keyin ayniqsa, KXSHT masalasi halqaro terrorizmga qarshi faoliyat yuritadigan va tashqi hujumga qarshi turadigan tuzilma deb taqdim qilinardi. Bu qanchalik dolzarb? Shunga qarash kerak. Terrorizmga qarshi kurashadigan bo‘lsa, maxsus kuchlar – razvedka kuchlari, kontrterrorchi kuchlar amalga oshiradi. Buning uchun harbiy blok tuzish qanchalik maqsadga muvofiq?”, deya savol qo‘ymoqda tahlilchi Jamshid Muslimov. U O‘zbekistonning bu chiqib ketish sababi haqida fikrini quyidagicha bildirdi:
“Men eslayman, Karimov bu masalada judayam ochiq oydin gapirgan. “KXSHTga kirdik, a’zo bo‘ldik. Afg‘oniston tarafdan terrorchilar bizga hujum qilganda, bizga o‘q dorilar kerak eli, zudlik bilan biz chegarani oldida mudofaani biz yaxshilashimiz kerak edi. Savol tug‘iladi, KXSHTdan nima foyda bor?” degandi. Karimov bu masalada ochiq oydin gapiradigan siyosatchi edi. To‘g‘ri, keyinchalik yana bir marta bu alyansga qo‘shilgandek bo‘ldi, lekin uning munosabati shunday ochiq edi. Hozir Mirziyoyev davrida KXSHTga a’zo bo‘lish borasida jiddiy gap bo‘layotgani yo‘q. O‘ylaymanki, bu masalada Mirziyoyev Karimovning davomchisi”.
Xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan ushbu halqaro ittifoq, ekspertlar fikricha, amalda Rossiyaning xohishiga ko‘ra ishlaydi. 2021-2022-yillarda tuzilmadagi ikki mamlakat - Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida yirik chegara to‘qnashuvlari bo‘lganda, Bishkek a’zo davlatlar e’tiborini bu voqealarga qaratishga undagan. Ammo Moskva bunday mojaro ikki davlat o‘rtasida hal bo‘lishi kerak degan pozitsiyani ko‘rsatgan.
Xavfsizlik bo‘yicha qozog‘istonlik ekspert Rustam Burnashev KXSHTning roli haqida bunday deydi:
“Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bu – to‘laqonli ittifoq yoki alyans emas. U tashkil etilgandan beri 22 yil oralig‘ida bu tashkilot qaysi bir ma’noda diplomatik vazifani ham bajaryapti, lekin ko‘proq savdo maydonchasi ham bo‘lyapti. Ya’ni, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar Rossiyadan qurol-aslaha, harbiy texnika sotib olishda qandaydir imtiyozlarga ega. Aniqrog‘i, a’zo davlatlar sovet ittifoqi davrida va u tarqagandan keyin ham standart deb sanalgan texnikalarni oladi”.
2022-yilning yanvarida Qozog‘istonda bo‘lgan ichki siyosiy noroziliklar paytida Ostona Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘ragan va uning harbiy kuchlari Qozog‘istonga joylashtirilgan.
2023-yili Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Yerevanning bu tashkilotdan xafsalasi pir bo‘ldi. “Vaziyatga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti befarq” degan vaj bilan Armaniston alyansning yig‘inlarida ishtirok etmayapti.
“Menimcha, bu maydoncha unga a’zo davlatlar uchun samarali. Davlatlar bu tuzilmadan chiqib ketish masalasini ko‘p ko‘tarishmaydi. Ikkita pretsedent bo‘lgan xolos. Bittasi - O‘zbekistonning tashkilotdan chiqib ketgan. Ikkinchisi esa, hozirda Armanistonning bu tuzilmadan chiqib ketish harakati... u harakat o‘ziga xos tarzda bo‘lyapti”, dedi Burnashev.
Lekin tahlilchi Jamshid Muslimov bu tashkilotdan aniq bir manfaat yoki maqsad ko‘rinmayotganini ta’kidlaydi:
“Balki, kelajak uchun manfaatlar yoki vaziyatlar uchun ishlab qoladigan tuzilma bo‘lsa kerak degan umiddi tashkil qilingan”
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti unga a’zo davlatlarga harbiylarni tayyorlashga, tajriba almashishga ko‘maklashadi. Lekin a’zosi 10ga yetmagan tuzilmada real natijalar kamligi bois, ekspertlar uning ishini ba’zida harbiy turizm sifatida ham baholashadi.
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi. Qaramlikni ushlash uchun kelishuvlar?
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) 2014-yilda Belarus, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokida tuzilgan. 2015-yilda unga Qirg‘iziston bilan Armaniston qo‘shilgan. O‘zbekiston va Kuba mazkur tuzilmada kuzatuvchi maqomiga ega.
“O‘zbekiston kirmadi. “Mana kiradi, ana kiradi” deyildi. Kirmadi. Men boshidan aytib kelganman, eng uzoqqa borgani – kuzatuvchi maqomini oladi derdim. Qanchalik Rossiya iltimos qilmasin, qiziqtirmasin, O‘zbekiston bunga kirmadi, kirmaydiyam. Sababi oddiy – iqtisodiy manfaatdorlik. Ittifoq bo‘lgandan keyin, uning a’zolariga iqtisodiy manfaat bo‘lishi kerak. Ko‘proq iqtisodiy emas, siyosiy intergatsiyaga aylanib ketayotganligidan, iqtisodiy manfaati ko‘rilmagani uchun O‘zbekiston kirgani yo‘q”, degan fikrda Jamshid Muslimov.
Tashkilot rasman iqtisodiy hamkorlikka qaratilgan, biroq ekspertlar nazdida, ko‘proq Moskvaning manfaatlarini ilgari surish uchun xizmat qiladi. Muzokaralarda Rossiyaning pozitsiyasi ustun va qarorlar birinchi navbatda Kremlning iqtisodiy ustuvorliklarini hisobga olgan holda qabul qilinadi. Bu ko‘pincha kichikroq davlatlarni mustaqil harakat qilish imkoniyatini cheklaydi.
Masalan, Qirg‘iziston Rossiyaga eksport qiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Rossiya chegarasidan ortga qaytarilgan voqealar tez-tez uchraydi. Garchi, tuzilma a’zolari o‘rtasida savdo ko‘lamini kengaytirish borasida kelishuvlar mavjud. Bu kabi muammolar Qozog‘iston va Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida ham bo‘lib turadi.
Ekspertlar YOII doirasida va’da qilingan iqtisodiy hamkorlik aslida a’zo mamlakatlar iqtisodiyotini Rossiya bozori va resurslari bilan bog‘lash yo‘liga aylanganini ta’kidlashadi. Rossiya, ayniqsa, muqobil imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa, davlatlarni qaramlikda ushlab turish uchun savdo kelishuvlaridan foydalanadi.
Tahlilchilar Rossiya hali xalqaro sanksiyalarga yo‘liqmaganidayoq YOIIni a’zo davlatlar uchun manfaatli emas, deb hisoblashardi. Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng YOII mamlakatlarida undan chiqish tarafdorlari ko‘paygan.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi. Siyosiy ta’sirning ramziy vositasi
“Sovet ittifoqi parchalangandan so‘ng o‘rniga bir tuzilma kerak bo‘lgandi va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi tashkil etildi. Iqtisodiy va texnik aloqalarni uzib tashlash yomonlikka, zararga olib kelgan bo‘lardi. Muloqot strukturasini saqlash uchun kerak bo‘lgan tashkilot edi”, deya ta’rif berdi Jamshid Muslimov.
Vaqt o‘tishi bilan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) ham Rossiyaning boshqalar siyosatiga ta’sirini saqlab qolish uchun ko‘proq foydalanadigan ramziy vositaga aylangan. Tuzilmaga sobiq SSSRdan bo‘linib chiqqan 11da davlat a’zo bo‘lgan. Boltiq bo‘yidagi uchta o‘lka boshidayoq qo‘shilmagan. Keyinchalik Gruziya bilan Ukraina xam ittifoqni tark etdi.
Ekspert Rustam Burnashevning baholashicha, MDH oxirgi yillarda diplomatik forum funksiyasini bajaryapti:
“Ya’ni, postsovet davlatlari liderlari turli tarkibda yig‘ilib, qanaqadir qo‘shimcha masalalarni muhokama qiluvchi maydoncha bo‘lib qoldi. Boshqa hech narsa emas. Bu borada Mustaqil davlatlar hamdo‘stligini “kamtarona” deb baholayman”.
Kreml MDH orqali xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni rivojlantirishini aytib keladi. Biroq tahlilchilar buni Moskvaning nazoratni kuchaytirish yo‘li xolos, deb ta’kidlashadi. Fikrlar yig‘indisiga ko‘ra, MDH, shuningdek, Rossiyaga siyosiy tashabbuslarni muvofiqlashtirish imkoniyatini beradi, bu ko‘pincha a’zo mamlakatlarning mustaqil siyosatiga zarar keltiradi, ayniqsa ular Yevropa Ittifoqi yoki AQSH kabi boshqa xalqaro maydonda aloqalarni rivojlantirishga intilayotganda.
“U o‘z vaqtida o‘zining vazifasini bajarib bo‘lgan. Hozir MDH bo‘yicha qandaydir bir loyiha amalga oshirilyatgani, qanaqadir integratsion jarayonlar – iqtisodiymi, siyosiymi, texnologikmi, ma’rifiymi, qandaydir bir tadbirlar, dasturlar amalga oshirilayotgani haqida shaxsan men eshitganim yo‘q. Uni tugatishga, to‘xtatishga alohida ehtiyoj yo‘q. Lekin fikrimcha, o‘z vaqtida o‘z vazifasini bajardi”, degan fikrda Muslimov.
Shanxay hamkorlik tashkiloti. Rossiya o‘zini erkin his qilmaydi
2001-yili Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHXT) Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Belarus, Pokiston, Hindiston va Eron a’zo. Tuzilmaga qo‘shilgan davlatlar maydoni bilan hisoblaganda, u Yevrosiyoning 65 foizini egallaydi.
Tashkilot tuzilayotganda kun tartibidagi asosiy masalalardan biri - halqaro terrorizmga qarshi turish kabi vajlar aytilgan. A’zo davlatlar liderlari har yili u yoki bu o‘lkada sammitga yig‘ilishadi. Ekspert Jamshid Muslimov buni “byurokratlarning gurungi” deya ta’riflaydi:
“Ya’ni, tadbirbozlik, uchrashuvbozlik, qandaydir bir muloqot o‘rnatish bahonasi. Buni agar tadbir desak, ehtimol davlat rahbarlari, parda ortidami, norasmiy vaziyatda iqtisodga yoki siyosatga oid masalalarni hal qilib olishadi. O‘ziga xos klub uchrashuvlari desam bo‘ladi”.
MDH va YOII farqli o‘laroq, Rossiya SHHTda boshqa muhim o‘yinchilarning, xususan, Xitoyning ta’siriga duch kelmoqda. SHHTda xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida yaratilgan, biroq uning hukmronligi Markaziy Osiyoda o‘z strategik manfaatlariga ega bo‘lgan Xitoyning faol ishtiroki tufayli unchalik bir tomonlama emas.
Pekin Yangi Ipak yo‘lini barpo etish hamda infratuzilma va energetikaga katta sarmoya kiritish orqali Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ta’sirini kengaytirmoqda.
“NATO yoki Yevropa ittifoqiga o‘xshagan blok emas bu. Nima uchun? Chunki, Yevropa ittifoqi tashkiloti ortida katta g‘oya yotadi. Yevropa umumiy uy degan ideologiya bor. Uning jiddiy katta tarixi bor. Qadriyatlar masalasi bor”, deya so‘zini davom ettirdi tahlilchi Muslimov.
Rossiya va Xitoy SHHT doirasida kuchlar muvozanatini saqlab turibdi. Birok “a’zo davlatlar manfaatlari ushbu ikki kuchning ta’siridan birini tanlashga majbur bo‘ladigan vaziyatga duch kelishi mumkin” degan fikrlar mavjud.
BRICS va O‘zbekiston. Yana bir gurungchi tuzilma?
2006-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy BRIC nomli tashkilotga birlashgan. Iqtisodiy blok deya ta’riflangan bu tuzilmaga 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasi qo‘shilgan va BRICSga aylangan.
2024-yilda unga Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Efiopiya va Misr a’zo bo‘lib kirgan. 2025-yilda Indoneziya ham a’zo bo‘lganini 6-yanvarda Braziliya hukumati rasman e’lon qildi.
Malayziya va Ozarbayjon ham BRICSga a’zo bo‘lish uchun rasman ariza yo‘llagan.
Indoneziyaning BRICSga qo‘shilishga tayyor ekani haqida Jakarta o‘tgan yil oktyabrida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda bildirgan edi. Indoneziya aholi soni bo‘yicha dunyodagi to‘rtinchi davlat bo‘lib hisoblanadi, biroq uning iqtisodiyoti hatto eng yirik iqtisodiyotlar o‘nligiga ham kirmaydi.
“Bu davlatlar BRICS asosida iqtisodiy integratsiya haqida o‘ylaydigan bo‘lsa, qanday iqtisodiy intergatsiya qiladi, agar hammasi baribir jahon moliyaviy tizimida faoliyat yuritsa?”, deya savol nazari bilan qaraydi ekspert Jamshid Muslimov.
Ushbu tuzilma dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarini birlashtirish orqali Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropaning siyosiy, iqtisodiy qudratiga qarshi muqobil kuch yaratishni maqsad qilgan. Tahlilchi Rustam Burnashev unga shunday baho beradi:
“BRICSning hozirgi ish formatidan olib qaraydigan bo‘lsak, uni shunchaki bir forum deb atasak bo‘ladi. Aniq strukturasi, kotibiyati va qat’iy talablari yo‘q. Ayrim o‘lkalarning liderlari uchrashadi, qanaqadir iqtisodiy masalalarni gaplashishadi. Ba’zida siyosiy bayonot qilib qo‘yishlari mumkin. BRICS hamkorligi teran, jiddiy loyihalarni amalga oshiryapti deb ayta olmaymiz”.
BRICS 3,5 milliardga yaqin nufucga ega. Bu dunyo aholisining 45 foizi demakdir. BRICS davlatlarining umumiy iqtisodiyoti 28,5 trillion dollardan ortiq bo‘lib, bu jahon iqtisodiyotining qariyb 28 foiziga teng.
2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran Belarus, Boliviya, Indoneziya, Qozog‘iston, Kuba, Malayziya, Tailand, Uganda davlatlari qatorida O‘zbekiston ham rasman BRICSda sherik-davlat maqomiga ega bo‘ldi. 2024-yilning oktyabrida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti yakunida Toshkentga mazkur tuzilmada sherik-davlat maqomi taklif etilgan edi.
“1-yanvardan O‘zbekiston BRICSda sherik-davlat maqomida ishtirok etishi O‘zbekistonga ushbu tashkilot uyushtiradigan diplomatik majlislarga faol ishtirok etish imkonini beradi”, dedi Burnashev.
Amaldagi tartibga muvofiq, sherik-davlatlar BRICS doirasidagi alohida majlislarga va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlariga taklif etiladi. Muslimov buning O‘zbekistonga foydali taraflarini quyidagicha ifodalaydi:
“Xo‘p, buyam yomon emas. O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin. Ya’ni, BRICS majlislari bo‘lganda, Braziliyaning prezidenti bilan uchrashishga bahona... Yoki Argentinami... Argentina albatta, BRICSga qiziqish bildirmayotgandir... Yoki Arab davlatlarimi, Afrika davlatlarimi... birrov muloqot va muzokara qilib olishga imkoniyat. Qandaydir bir yuklamar haqida gap borayotgani yo‘q”.
O‘zbekistonning bu maqomga ega bo‘lgani haqida Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov axborot vositalari orqali xabar bergan. Toshkent Kreml bayonotiga munosabat bildirmagan. Bu xabar dastlab Rossiya mulozimlari tilida yangragani mahalliy faollarda e’tiroz ham tug‘dirgan.
“Bitta narsani tushunish kerak. Jiddiy integratsion tashkilot bilan gurungchi tashkilotlarning o‘rtasidagi farqi, jiddiy integratsiyada taraflar doimo bo‘yniga majburiyatlar oladi. Majburiyat deganda, o‘zining qandaydir bir imtiyozlaridan voz kechadi, uning evaziga konkret natija kutadi. BRICS haqida bu narsani umuman bilmaymiz. Umumiy gaplar,umumiy mujdalar va qarashlar mavjud”, deydi Muslimov.
Hozirda Kreml, aniqrog‘i Vladimir Putin uchun kelajakda G‘arb davlatlariga qarshi turish imkonini beradigan turli ittifoqlarga imkon qadar ko‘proq mamlakatlarni kiritish muhim. Ekspertlarga ko‘ra, Moskva o‘zini chetlangan emas, balki koalitsiya yetakchisi ekanligini ko‘rsatishni istaydi.
Ukraina urushi sabab xalqaro maydonda yakkalanib qolayozgan va sanksiyalar ostidagi Moskva dunyoni allaqachon o‘z nazarida “do‘st” va “do‘st emas” davlatlarga bo‘lib olgan. Ammo Moskvaning “do‘st mamlakatlar” bilan ham aloqalar barqaror emas. Ozarbayjon uchog‘i halokati bilan bog‘liq so‘nggi hodisa bu aloqalarning qanchalik beqaror ekanini yana bir bor namoyish qildi. Ayrim tahlilchilar uni Rossiya uchun geosiyosiy falokat ham deb atashdi.