Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:22

Murad Buildings hamkori qamoqdan chiqdi. Toshkentdagi me’moriy obida ustidan navbatdagi sud boshlanmoqda


Jurnalist Nikita Makarenko Bobur ko‘chasi 7 - uy oldida.
Jurnalist Nikita Makarenko Bobur ko‘chasi 7 - uy oldida.

Xususiy shirkat O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tarafidan me’moriy obida deb topilgan binoni buzib, o‘rnida ko‘p qavatli turar joy qurish uchun navbatdagi sud instansiyasiga da’vo arizasi kiritdi.

So‘z Toshkent shahar Bobur ko‘chasida 20-asrning eng ulug‘ me’morlaridan biri Shchusev qurgan ikki qavatli g‘ishtin bino haqida bormoqda.

Taniqli developer Murod Nazarov va O‘zbekiston prezidentining sobiq yordamchisi Ulug‘bek Mirzamuhamedov Bobur ko‘chasidagi obidani buzib, o‘rnida turar joy majmuasi qurishni rejalagani haqidagi hujjat Ozodlikda mavjud.

29 - dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi «Universal Packing Masters LLS» qurilish shirkatining da’vo arizasini ko‘rishni boshlaydi.

Shu kungacha uchta mahkama bu ish bo‘yicha nihoiy qarorga kelmagan.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros boshqarmasi vakiliga ko‘ra¸ bino davlat himoyasiga olingan.

"Jami 3 marta Ilmiy kengashda ko‘rilgan. Madaniy meros ro‘yxatiga olingan. Biroq investorlar tinchimayapti. Investor 2 yil avval zapros berganida, madaniy meros ro‘yxatida bo‘lmagan. Bu yil madaniy meros ro‘yxatiga olingan. Shuning uchun sud bo‘lyapti. Bilganim-shu. Masala bir necha marta Bosh prokuraturagacha ko‘tarilgan. Xalqaro tashkilotlar, elchixonalar aralashgan”, - deydi Madaniy meros boshqarmasi vakili.

Murad Buildings hamkori qamoqdan chiqdi

Binoni obida statusidan mahrum qilish uchun sudlashayotgan shirkat xujjatida ega sifatida Murod Nazarov¸ Umida Nazarova va O‘zguvan O‘zgur O‘nur ko‘rsatilgan. Yana bir hujjatda esa, O‘zbekiston prezidentning sobiq yordamchisi Ulug‘bek Mirzamuhamedov ismi zikr qilingan.

Сурат баъзи кишиларнинг таъбини хира қилиши мумкин.
Shirkatning 50 foizi sobiq davlat mulozimiga oid.
Shirkatning 50 foizi sobiq davlat mulozimiga oid.

Ozodlikka yetib kelgan ma’lumotga ko‘ra, sud arafasida DXX izolyatorida jinoyat ishi figuranti sifatida saqlangan sobiq mulozim Ulug‘bek Mirzamuhamedov tilxat ehtiyot chorasi bilan qamoqdan ozod etilgan.

Mavjud ish bo‘yicha hujjatlar bilan tanishgan huquqshunos Marimboy Rajabovga ko‘ra¸ “Me’moriy obidani buzib, o‘rnida tijoriy turar joy quraman, deb sudlashayotgan tadbirkor - Murad Buildings egasi Murod Nazarovdir.”

“Konstitutsiya va tarixiy obidalar bo‘yicha qonunlarga ko‘ra¸ hech qanday sud binoni tarixiylik statusidan ma=rum qilish vakolatiga ega emas. Bino covet davrida ham, mustaqillik davrida ham davlat muhofazasida bo‘lgan. 2007 - yili Toshkent shahar hokimi To‘xtayev hech bir asossiz¸ Ilmiy kengash xulosasi bo‘lmasdan, binoni tarixiy-me’moriy obidalar ro‘yxatidan o‘chirtirgan. O‘tgan yili esa, Madaniyat vazirligi bu binoni qaytadan tarixiy obidalar ro‘yxatiga kiritib, davlat muhofazasiga oldi. Tarixiy binoni davlat himoyasidan chiqarish bo‘yicha sudda vakolat yo‘q”,- deydi huquqshunos.

Ozodlikda Toshkent shahrining sobiq hokimi To‘xtayev imzolagan hujjat nushasi mavjud. Hujjatda Toshkent shahridagi 300 dan ziyod tarixiy- me’moriy obidaning ro‘yxatdan chiqarilishi haqida so‘z boradi. Ro‘yxatdan chiqarilgan binolar ichida 1900 - yilda art nuvo uslubida qurilgan shifokor Shvarts uyi va hovlisi¸ "Pushti hammom" nomi bilan tanilgan Azimboy masjidi¸ toshkentlik zodagon Shaxovskiyning klassik romantizm uslubida qurilgan dang‘illama saroyi¸ Shayxontohurdagi 16-asrda bunyod etilgan jome masjidi binosi¸ 1865 - yil klasitsizm uslubida qurilgan shahar Dumasi binosi kabi o‘nlab noyob imoratlar bor.

Shubhaliu tarzda ro‘yxatdan chiqarilgan obidalar
Shubhaliu tarzda ro‘yxatdan chiqarilgan obidalar

Bu imoratlar ro‘yxatdan o‘chirilgani ortidan buzilib, o‘rni shubhali mulozimlar tarafidan egallangan.

100 yillik bino

Bobur ko‘chasidagi 7-uy ham buzilib, o‘rnida xususiy shirkatga oid tijoriy turar joy qurilishi ko‘zda tutilgan edi.

Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi qariyb 100 yillik binoni buzib, uning o‘rnini «Universal Packing Masters» («Murad Buildings» shirkati savdo belgisi) berish haqida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 - yil oktabrida qaror chiqargan edi.

Madaniyat vazirligining bu uy tarixidan yaxshi xabardor mulozimi Ozodlikka 1550-sonli qaror chiqarilishidan oldin mazkur binoning "tushunarsiz tarz"da Madaniy meros obyektlari ro‘yxatidan chiqarilganini bildirdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi¸ Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi joriy yil mart oyida binoning tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ekanli bo‘yicha barcha hujjatlarni to‘plab¸ yakuniy xulosaga keldi.

Bu xulosa asosida Jahongir Ortiqxo‘jayevning ikki yil oldingi qarori ijrosi to‘xtatildi va bino yaqin kunlar ichida madaniy meros obidalari ro‘yxatiga qayta kiritiladigan bo‘ldi.

Ushbu boshqarma taqdim qilgan ma’lumotnomada yozilishicha¸ bino yigirmanchi asrdagi ulug‘ rus-sovet arxitektori Aleksey Shchusev (1873 -1949 ) tomonidan loyihalashtirilgan.

Konstruktivizm oqimining yirik vakili bo‘lgan Shchusev Moskvadagi Lenin maqbarasi¸ Qozon vokzali va Toshkentdagi Navoiy nomli opera-balet teatri binosi muallifidir.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Ozodlikka taqdim qilgan hujjatda “konstruktivizm usulida ortiqcha bezaklardan xoli bunyod etilgan va mashhur me’morning Toshkentda loyihalashtirgan oz sonli asarlaridan biri bo‘lgan bino noma’lum sababga ko‘ra Toshkent shahar hokimining 697-sonli qarori bilan tasdiqlangan madaniy meros obyektlari ro‘yxatining 3-ilovasiga binoan¸ ro‘yxatdan chiqarilgani” aytiladi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan vazirlikning ayni sohaga ma’sul vakili “binoning madaniy meros ro‘yxatidan chiqarilishiga hech qanday jiddiy asos bo‘lmagan”ini aytadi.

"Bino ikki qavatli. Pishiq g‘ishtdan qurilgan. Shiftlari baland. Zilzilaga bardoshli¸ 1966 - yilgi zilzilada shikastlanmagan. Binoning 1935 - yilgi dekor va uslubi o‘zgarmagan. Bino avariya holatida ham emas. Ushbu bino sobiq Nizomiy nomli (hozir Navoiy nomli O‘zbek tili va adabiyoti universiteti- tahr.) pedagogika instituti me’moriy ansamblining bir qismi sifatida va shahar qiyofasini belgilovchi estetik unsur sifatida ham qadrli".

Mulozimning aytishicha¸ “bino shahar hokimi va «Murad Buildings» shirkati changalidan so‘nggi minutda qutqarib qolingan”.

Ozodlik 28 - dekabr kuni gaplashgan Toshkent shahar hokimiyati mulozimi Bobur ko‘chasidagi uy qadimiy obidalar reestriga qaytarilgani va bu yakuniy qaror ekanini ta’kidladi.

Toshkent shahar hokimligining joriy yil 11 - noyabrida Bobur ko‘chasi 7-uy yashovchilariga yo‘llagan xati nushasi Ozodlikda mavjud. Toshkent shahar hokimligi Madaniyat Bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh. Hamroyev imzolagan hujjatda Bobur ko‘chasi 7-uyning me’moriy obida ekanligi va davlat himoya orderi bilan ta’minlangani ta’kidlanadi.

Toshkent hokimligiga oid hujjat
Toshkent hokimligiga oid hujjat

Ortiqxo‘jayev va Murad Buildings tandemi

Avvalroq toshkentlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev Ozodlik bilan suhbatda binoning qutqarilishini "shahar madaniy jamoatchiligining hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev volyuntarizmi ustidan g‘alabasi" deb atagandi.

"Ortiqxo‘jayev va «Murad Buildings» tandemi olma ichidagi qurt kabi Toshkent qiyofasini belgilovchi qator binolardan bizni mosuvo qildi. Masalan¸ “Dom kino”ni buzib¸ o‘rniga dom qurib, sotishdi. Sxema oddiy. Avvaliga bino madaniy meros ro‘yxatidan chiqariladi. Keyin hokim qaror chiqaradi. «Murad Buildings» kelib, ko‘p qavatli bino qurib, sotadi. Shu tariqa qarichma-qarich Toshkent markazidagi tarixiy binolar joylashgan yerlar shubhali developerlarga hech qanday tendersiz o‘tib ketadi".

Bunday tanqidiga dalil sifatida Turdiyev nushasi Ozodlikka yuborilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzolagan 1550-sonli qarorni tilga oladi.

"Qarorda “o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra”¸ degan jumla yo‘q. Buning o‘rniga “Vazirlar Mahkamasining 01-05-121-1 sonli bayonnomasiga asosan¸ Bobur ko‘chasidagi 7-uy buzilib, o‘rni «Universal Packing Masters» shirkatiga ko‘p qavatli bino qurish uchun ajratib berilsin"¸ deyiladi. Nega aynan bu shirkat? Nega boshqasi emas¸ degan savol tug‘iladi. Toshkentni qarich-qarich bo‘lib, sotish uchun bayonnomalar berayotgan Vazirlar Mahkamasidagi mulozim kim¸ degan savol ham bor. Ortiqxo‘jayev va "Murad Buildings»dan yuqorida turadigan mulozimlar ham e’tiroz nishonida bo‘lishi kerak. Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin “shahar markazini shubhali developerlarga sotish” biznesi urchidi".

Me’mor va san’atshunos Turdiyev Bobur ko‘chasidagi 7-uyda ulug‘ arxeolog Vasiliy Shishkin (1894-1966) yashab¸ ijod qilganligining o‘zigina "binoni buzmaslik uchun asos bo‘la oladi", deb hisoblaydi.

"Vasiliy Afanasyevich bois dunyo Samarqanddagi Afrosiyob freskalari borligidan voqif bo‘ldi. Bugun "mana qadim tariximiz" deb ko‘ksiga mushtlayotgan amaldorlar bu tarixni kim tuproq tagidan qazib topganini biladimi o‘zi? Vasiliy Afanasyevich qadim Varaxsha shahri qoldiqlarini topgan va Ulug‘bek rasadxonasi qazishmalarida ishtirok etgan. Qadim Buxoroning me’moriy xaritasini chizib¸ shaharni vandallardan himoya qilgan ham Vasiliy Afanasyevich Shishkin domla edi. Shu odam yashagan uyni buzib¸ o‘rniga ko‘p qavatli bino qurib, boyimoqchi bo‘lgan amaldorga STOP! deyilganidan mamnunman."

30 yildan beri buzilayotgan Toshkent

Keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘payib borayotgan tarixiy binolarni buzish yoki fasadlariga qoraytirilgan shisha qoplab, asl tarzini o‘zgartirish holatlari san’atshunoslar tashvishiga sabab bo‘lmoqda.

2016 - yilda ToshMIning Nikolay davrida g‘ishtdan qurilgan eski binosi¸ Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) bosh binosining sirtqi qismi batamom buzib tashlangan edi.

Toshkentlik general Jo‘rabek tarafidan 1897 - yilda qurilgan va “Jo‘rabek “ masjidi deya tarixiy yodgorlik sifatida maxsus ro‘yxatga tirkalib, asrab kelingan masjid butunlay buzilib¸ o‘rnida Islom Karimov nomidagi “alyukobond masjid” qurildi.

2019 - yilda Toshkentning Mustaqillik maydonidagi gorizontal favvora buzib tashlandi. Toshkent timsoli sifatida 52 yil otilib turgan fontanni buzishda bevosita qatnashgan mutasaddilardan biri uning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev buyrug‘i bilan buzilganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG