Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:04

O‘n bir yilga qamalgan sobiq prezident Atambayev 3,5 yildan so‘ng ozodlikka chiqarildi


Atambayev 2019-yil avgustida qamoqqa olingan edi.
Atambayev 2019-yil avgustida qamoqqa olingan edi.

14-fevral kuni 2019-yilning avgustida qamoqqa olingan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev ozod etildi. Oliy sud unga nisbatan jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish haqida ajrim chiqardi va avvalgi sud qarorlarini bekor qildi.

Uch yarim yil qamoqda o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqqan Atambayev o‘z uyida o‘tkazgan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan barcha jinoyat ishlarini asossiz deb hisoblashini aytdi.

Atambayev prezidentlik davrida erkin matbuotni sudga bergani va bosim o‘tkazganidan afsusda ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida erishilgan chegara kelishuvini, jumladan, Kampirobod suv ombori yuzasidan shartnomani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Bir necha kun oldin Qirg‘iziston Oliy sudi kollegiyasi Almazbek Atambayevga nisbatan korrupsiyaviy ayblovlar bilan ochilgan jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Unga nisbatan Oliy sudning 2021-yil 12-oktabridagi hamda 2022-yil 15- martidagi qarorlari bekor qilingan.

2020-yili Oliy sud Atambayevni 11 yilga qamash to‘g‘risidagi quyi instansiya sudlari qarorni bekor qilgandi. O‘shanda ish qayta ko‘rib chiqish uchun Birinchi may tuman sudiga yo‘llangan. Biroq 2021- yilning 12-oktabrida Bosh prokuratura talabnomasidan keyin Oliy sud o‘z qarorini bekor qilgan. 2022-yil 15-mart kuni Oliy sud Atambayevni 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi hukmni o‘z kuchida qoldirgandi.

Atambayev matbuot anjumanida nimalar haqida gapirdi?

-Menga qarshi unday qildi, bunday qildi deb yozilayotgan, aytilayotganlarning hammasi bo‘lmagan narsalar. Menga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarining ham barchasi yo‘q yerdan o‘ylab topilgan ishlar. To‘g‘risini aytsam, tezroq davolanish kerak, davolanish uchun uchib ketish kerak. Lekin men, davolanib bo‘lgach, albatta qaytib kelaman, “I’ll be back”, - dedi Almazbek Atambayev.

Sobiq prezident o‘zini Ispaniya hukumati davolanish uchun taklif etganini, samolyot chiptalarini ham Ispaniya tomoni olib berganini aytdi. Bishkekdagi Birinchi may tuman sudi 14-dekabrda Almazbek Atambayevga davolanish uchun mamlakatdan tashqariga chiqishga ruxsat berdi.

Atambayev matbuot anjumanida amalda turgan paytlarida ommaviy axborot vositalarini sudga bergani uchun afsusda ekanini ham qo‘shimcha qildi:

"Albatta, so‘z erkinligi bo‘lishi kerak. Men barcha jurnalistlarga minnatdorchilik bildiraman. Men ba’zi ommaviy axborot vositalarini sudgan berganman. Hozir shunga o‘kinaman. Men o‘sha paytlarda prezident bo‘lganim uchun sudga bermasligim kerak ekanini inobatga olmagan ekanman. Negaki sudlar kuchlilar foydasigagina hukm chiqarishiga o‘zim guvoh bo‘ldim ".

2017-yili Atambayev hukumat teppasida turganida Bosh prokuror Indira Joldubayeva "prezidentning obro‘ysiga putur yetkazdi" degan ayblov bilan “Azattiq” radiosi, “Zanoza”, “24.kg” saytlari ustidan sudga ariza bergandi. Keyinroq Atambayev arizalarini sudlardan chaqirtirib olgan.

Atambayev matbuot anjumanida sudlov tizimini isloh qilishga e’tibor qaratmagani uchun afsusda ekanini aytdi. Unga ko‘ra, sud hokimiyati to‘laqonli mustaqil bo‘lishi uchun Qirg‘izistonda parlament respublikasi tizimi o‘rnatilishi lozim:

-Men bekorga Qirg‘izistonni parlament respublikasiga aylantirishga harakat qilmagan edim. Parlament respublikasida parlament va hukumat yagona organizm bo‘ladi. Ularga prezidentlik hokimiyati posangi bo‘ladi. Shu orada uchinchi hokimiyat sud tamomila mustaqil tarzda maydonga chiqadi.

Atambayev matbuot anjumanida O‘zbekiston bilan chegara shartnomasi imzolanganini va Kampirobod suv ombori yuzasidan qabul qilingan qarorni olqishladi. Ayni paytda u Kampirobod suv omborining O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqan o‘nlab faollarning va muxolifatchilarning qamoqqa olinishini qoraladi:

-Hokimiyat tepasidagilar bu masalani qamoqqa olishlarsiz hal etishi lozim edi, deb hisoblayman. Tojikiston bilan bugungi munosabatlarimizni hisobga olganda, O‘zbekiston bilan chegara masalasining to‘liq hal etilishi katta yutuq, tarixiy qaror bo‘ldi. Xalqqa ishonchli va shubhaga o‘rin qoldirmaydigan darajada ma’lumotlarni taqdim qilish shart edi. Qamoqqa olishlar bilan esa xalqda shubhalar paydo bo‘la boshlaydi.

Atambayev matbuot anjumanida 1990-yillardayoq Qirg‘izistonda va Turkiyada besh-oltita zavodi bo‘lganini, u o‘sha paytdayoq multimillionerga aylanganini ta’kidlar ekan, prezident sifatida halol ishlaganini va davlat xazinasiga “ko‘z olaytirmagani”ni iddao qildi.

Atambayevning hokimiyatga kelishi

Atambayevning hukumat tepasiga kelish davri 2010-yil voqealaridan keyin boshlangan. O‘sha davrlarda Qirg‘izistonda tuzilgan Muvaqqat hukumatning raisi o‘rinbosari bo‘lgan Almazbek Atambayev 2011-yil oxirida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgan.

Saylovlarda prezidentlik uchun kurash olib borgan 16 nomzod orasida asosiy kurash bosh vazir Almaz Atambayev, “Ata Jurt” partiyasi raisi Qamchibek Tashiyev va parlamentning sobiq raisi Adaxan Madumarovlar o‘rtasida kechgan.

Atambayev prezident sifatida Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga qat’iy amal qilishini va Bosh qonunda belgilangani kabi bir muddatdan ortiq prezidentlik kursisida qolmasligini va’da qilgan edi.

U 2017-yilda bu va’dasiga sodiq qoldi va prezidentlikdan ketdi. Ammo saylovda o‘sha paytda "yaqin do‘stim" deb atagan So‘o‘ranbay Jeenbekovning g‘alabaga erishishini dastakladi.

Atambayev 2019-yilda Jeenbekov siyosatini tanqid qila boshladi va ko‘p o‘tmay Qo‘ytosh qishlog‘idagi uyida maxsus amaliyot paytida qo‘lga olindi.

Jeenbekov esa 2020-yilning 5-6-oktabrida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari ortidan iste’fo berishga hamda o‘z o‘rnini Sadir Japarovga bo‘shatishga majbur bo‘ldi.

Qo‘ytoshdagi qonli operatsiya

2019-yilning 7-8-avgust kunlari Bishkek yaqinidagi Qo‘ytosh qishlog‘ida jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga so‘roq berishdan bosh tortgan sobiq prezident Atambayevni qo‘lga olish uchun maxsus amaliyot o‘tkazilgan edi.

Amaliyot paytida kuch tizimi xodimlari va Atambayev tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuv natijasida milliy xavfsizlik qo‘mitasining bir zobiti halok bo‘lgan, jami 225 odam jarohatlangandi. Ulardan 91 nafari militsiya, 40 nafari milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari, qolganlari oddiy fuqarolar bo‘lgan.

Bu voqea Qirg‘iziston tarixida “Qo‘ytosh voqeasi” sifatida qayd etiladi. Maxsus amaliyot paytida Atambayev qo‘lga olingan va unga nisbatan korrupsiyaviy ayblovlar, jumladan, jinoyat olami lideri Aziz Batukayevni noqonuniy tarzda qamoqdan chiqarish ayblovi bilan tergov boshlangan edi.

Atambayev davri: O‘zbekiston bilan munosabatlar

O‘zbekiston rahbari bo‘lgan Islom Karimov va Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambayev o‘rtasidagi munosabatlar sovuq edi.

Misol tariqasida aytish mumkinki, 2015-yilda Moskvada MDHning norasmiy sammitida Atambayev o‘zbekistonlik hamkasbini Sovet Ittifoqining Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabasiga bag‘ishlangan paradga Moskvaga bormagani uchun tanqid qilgandek bo‘lgan.

Karimov o‘sha vaqtda Atambayevning tanqidiga keskin javob qaytarib, masxaromuz muomalada bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Atambayev Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanlaridan birida Karimovni tanqid qilib, uni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sovuqlashtirganlikda ayblagan.

O‘zbekiston hokimiyatiga Shavkat Mirziyoyev kelganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilana boshlandi va Mirziyoyev Atambayev bilan o‘zbek-qirg‘iz chegarasining 80 foizdan ko‘prog‘i aniqlangani yuzasidan shartnomalarni imzoladi.

Almazbek Atambayev Qirg‘izistonni 2011-yildan 2017-yilgacha boshqargan. 2019-yil avgustida militsiya maxsus otryadi sobiq prezidentning uyini shturm qilgan, uning o‘zini esa tutib ketgan. Keyingi yil iyulida u 11 yilga qamalgan.

2020-yil 6-oktabriga o‘tar kechasi Bishkekda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishi ortidan Atambayev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov hibsxonasiga bostirib kirgan namoyishchilar tomonidan ozod qilingan edi. O‘sha voqeadan bir necha kun o‘tgach, sobiq prezident yana ushlangan.

Atambayevga qarshi ommaviy norozilik chiqishlarini uyushtirish, huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshi zo‘ravonlik, noqonuniy pasport berganlik va korrupsiya doxil bir necha jinoyat ishi ochilgan. Sobiq prezident bu jinoyat ishlarini doim “siyosiy ta’qib” unsuri ekanini iddao qilib kelgan.

XS
SM
MD
LG