Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:58

O‘shda AQSh korrupsioner sifatida qora ro‘yxatga kiritgan “Rayim million”ni oqlash talabi bilan miting o‘tkazildi


O‘shda o‘tgan mitingda bir necha ming odam ishtirok etgan.
O‘shda o‘tgan mitingda bir necha ming odam ishtirok etgan.

O‘shda korrupsiyada ayblanib qo‘lga olingan Bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov tarafdorlari miting o‘tkazdi. Bir necha ming kishi ishtirok etgan namoyishda “Rayim million” sifatida tanilgan Matraimovni qamoqdan ozod etish talab qilindi.

28 - fevralda o‘tgan mitingda Raimbek Matraimov asos solgan korrupsiyaviy sxemani fosh etib, bu haqda jurnalistik surishtiruv o‘tkazgan “Azattiq” radiosi va “Kloop” nashri faoliyatiga qarshi fikrlar aytildi.

Fuqaroviy jamiyat vakillari esa AQSh tomonidan 2020 - yilning 9 - dekabrida "jahondagi yirik korrupsioner" sifatida qora ro‘yxatga kiritilgan Rayimbek Matraimovni oqlash harakati bilan o‘tkazilgan mazkur mitingni demokratik qadriyatlar va so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholamoqdalar.

Miting tashkilotchilari mitingga 15 minga yaqin odam kelganini bildirishdi. Lekin mustaqil kuzatuvchilar va jurnalistlar hisobi bo‘yicha namoyishda 5 mingga yaqin odam qatnashgan.

Militsiya va O‘sh shahar hokimiyati ishtirokchilar soniga aniqlik kiritmadi, “miting tinch o‘tdi” degan ma’lumot berish bilan cheklandi.

Mitingchilar Rayim millionni "ommaviy axborot vositalaridan jabrlangan shaxs" deb e’lon qilishdi

Mitingda ishtirok etganlar safida Qirg‘iziston parlamenti deputatlari Mirlan Bakirov, Baqtibek Rayimqulov, Taabaldi Tillayev, Iskender Matraimov ham bor edi.

Deputatlarning barchasi mitingda so‘zga chiqib, Rayimbek Matraimov begunoh qamalganini aytdilar hamda Qirg‘izistondagi nodavlat tashkilotlar, “Kloop” va “Azattiq” radiosi ishini tanqid qilishdi.

“Hamma yerda holislik bo‘lishi kerak. Noto‘g‘ri, yolg‘on ma’lumotlar aytib kelindi. Rayimbek Ismailovich Matraimov ishi yuzasidan deputatlar komissiyasi tuzilib, 7 oy ishladi. 700 million dollar yuzasidan tekshiruvlar olib borilib uning 7 tiyiniga ham Rayimbek Matraimovning aloqasi yo‘qligini aniqladi”, - dedi deputat, “Mekenim Qirg‘iziston” partiyasi yetakchisi Mirlan Bakirov.

Aksiya ishtirokchilari “Matraimovga ozodlik!”, “NPO bizga kerak emas!” degan yozuvlarni ushlab turishdi. Rayimbek Matraimovning akasi Iskandar Matraimov halq qo‘lloviga muhtoj ekanini bildirdi:

“Men ukamni maqtay olmayman, uni xalq maqtasin. Ukamning gunohsiz ekanini bilaman, qo‘llaganinglar uchun ta’zim qilaman”.

Aksiya yakunida Matraimovni ozod qilish, uni “ommaviy axborot vositalaridan jabr ko‘rgan shaxs” sifatida baholash to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilindi.

Miting olib boruvchisi Aman Ibrayev esa sobiq bojgirni ozod qilish talabi bilan Qorasuv tumanining 40 ming aholisi imzosi qo‘yilgan murojat hukumatga yuborilishini aytdi. Talablar bajarilmasa 5 ming odam Bishkekda miting o‘tkazishga tayyor ekani ham aytildi.

Fuqaroviy jamiyat vakillari 28 - fevral kuni o‘tkazilgan mazkur mitingni qoralamoqda

Kuzatuvchi Asilbek Jo‘o‘do‘nbekovga ko‘ra, Matraimovlar klani katta miting o‘tkazish orqali korrupsiya bo‘yicha surishtiruv o‘tkazgan mustaqil ommaviy axborot vositalariga tahdid qilmoqda va hukumatni ogohlantirmoqda:

“Matraimov "xalqqa yordam berdi, masjid qurdi” deyishyapti. Muhtojlarga operatsiya uchun pul berdi deyishyapti. Biroq biz uning topgan puli manbaini bilishimiz kerak. Buni fikrlay olishimiz kerak. U qancha pulni, millionlarni o‘zlashtirib, uning qanchasini yordam sifatida berdi? Balki miting bo‘layotgan voqealarni tushunmagan, korrupsiya nima ekanini bilmagan odamlarni aldash orqali bo‘layotgandir. Biz bu haqida o‘ylashimiz kerak ekan. Bu, jamiyat oq va qorani ajrata olmay qoladigan darajaga yetganining belgisi”.

Huquq himoyachisi Gulg‘aqi Mamasaliyeva esa mitingni so‘z erkinligi va demokratiyaga bo‘lgan hujum deb baholadi. Unga ko‘ra, Rayimbek Matraimovning davlatga keltirilgan ziyonni to‘lab bergani – aybini tan olganidir:

“Mitingga chiqib, o‘z fikrini bildirishga har kimning haqqi bor. Biroq buning sabablari bo‘lishi kerak. Jinoyatchi odamni qo‘llash – qiziq ko‘rinish, Rasman o‘zi ham aybini tan olgan odamni oqlashga harakat qilishmoqda. Matraimovlarning biz to‘g‘rida hech kim hech narsa yozmasin degan harakati, nodavlat tashkilotlari, “Azattiq”ni yopish to‘g‘risidagi talablar – adolatni himoya qilayotgan axborot vositalari hamda jamoat tashkilotlariga qaratilgan hujumdir”.

Bishkekda korrupsiyaga qarshi aksiya

O‘shda Matraimovlar mitingi bo‘layotgan bir paytda Bishkekda fuqaroviy jamiyat faolllari korrupsiyaga qarshi va qonuniylikni talab qilgan navbatdagi yurishga chiqdi. Bu safar unga 20ga yaqin faol keldi.

"Boshidan boshla" harakati tashabbusi bilan "Qonuniylik uchun!", deb atalgan tinchlik yurishi 2020 - yil noyabridan beri, har yakshanba o‘tkazib kelinadi.

Tashkilotchilardan biri Ulan Uso‘yun, korrupsiya yo‘q bo‘lmagunicha va noqonuniy harakatlar to‘xtamaguncha bunday tadbirlar davom etaverishini aytadi.

Rayimbek Matraimov sudda o‘z aybini tan olgan

AQSh tomonidan yirik korrupsioner sifatida 2020 - yilning 9 - dekabrida qora ro‘yxatga tirkalgan Rayimbek Matraimov 11 - fevral kuni Bishkek shahar Birinchi May tuman sudi qarori bilan 260 ming so‘m (3 ming dollar) miqdorida jarimaga tortilib, sud zalidan ozod qilingandi.

Sud Bosh prokuratura Rayimbek Matraimov Qirg‘izistonga 2 milliard so‘m, taqriban 25 million dollar zarar keltirgan degan farazni ilgari surib, Matraimov bu mablag‘ni to‘lig‘i bilan davlat hazinasiga qaytarganini tasdiqlagani ortidan yumshoq hukm chiqargani aytilgan edi.

Biroq 14 - fevral kuni poytaxt Bishkekda Matraimovning ozod etilganiga qarshi ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng Matraimov 18 - fevral kuni qayta qo‘lga olingan edi.

20 - fevral kuni Birinchi May tuman sudi Matraimov tergov hibsxonasida kamida ikki oy qolishini bildirdi.

18 - fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Matraimov noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarni qonuniylashtirishda ayblanayotganini ma’lum qilgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati –“Azattiq” surishtiruvlarida Matraimov korrupsion sxema asosida Qirg‘izistondan kamida 700 million dollarni noqonuniy ravishda chet elga olib chiqib ketgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG