Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:49

"O‘z jinoyatiga sherik qilmoqchi". Rossiya qamoqdagi o‘zbeklarni ham urushga yollamoqda


Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21-sentabrbdan buyon 222 ming kishi urushga safarbar qilinganini aytgan. Illyustrativ surat.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21-sentabrbdan buyon 222 ming kishi urushga safarbar qilinganini aytgan. Illyustrativ surat.

14-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin safarbarlik keyingi ikki haftada yakunlanishi va hozirga kelib 222 ming kishi urushga safarbar qilinganini bildirdi.

Putinning bayonoti Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbek, tojik va qirg‘iz muhojirlari Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmasa-da, chaqiruv qog‘ozi olishni boshlagani haqidagi xabarlar ko‘paygani manzarasida yangramoqda.

Ayniqsa, Rossiya qamoqxonalari va koloniyalarida qolayotgan o‘zbekistonlik mahkumlarning yaqinlari ularni urushga yollash uchun turli usul, jumladan, qiynoqlar qo‘llanayotganini aytishmoqda. Jamoatchilik tashkilotlari va huquq faollari muhojirlarning keyingi taqdiridan xavotir bildirmoqda.

O‘zbekiston fuqarosiga Rossiya voyenkomatidan chaqiruv qog‘ozi keldi

O‘zbekistonlik Sirojiddin Nabiyev Rossiyada ommaviy tartibda Ukraina urushiga safarbar qilinayotganlardan biri.

Haqiqatan, Sirojiddin chaqiruv yoshida, uni urushga jo‘natish Putin Rossiyasi qonunlariga zid emas. Biroq, bu yerda masala boshqa narsada: Sirojiddin hech qachon Rossiya fuqarosi bo‘lmagan - u O‘zbekiston fuqarosi.

- Ertalab uyqudan turib, tashqarida quyosh charaqlab turganini ko‘rib, yuvinib, tezroq tashqariga sayrga chiqish haqida o‘ylab turganingda qo‘lingga telefon olib, onangdan va akangdan 30ta qo‘ng‘iroq bo‘lganiga ko‘zing tushadi. Xavotir bilan «Nima bo‘ldi?» deb so‘rasang, ona: «Men infarktdan o‘lay dedim – senga povestka keldi!”, deydi. Nima bo‘layotganini anglamay turgan paytingda u “Prezident buyrug‘i bilan senga povestka keldi, mobilizatsiya haqida”, deydi. Qanaqasiga?! Tushunmayapman, qanaqasiga ular O‘zbekiston fuqarosiga povestka yuborishi mumkin? , deya taajjublanadi Sirojiddin.

Rossiyalik taniqli huquq faoli va siyosatchisi Olga Romanova o‘zining Telegram-kanalida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi xorijliklarni Ukrainadagi urushga yollanayotganini yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonalardan Belarus, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon fuqarolari urushga olib ketilayotgani haqida xabarlar olgan.

“Hech qanday pul yoki kompensatsiya haqida gap yo‘q. O‘tgan hafta Yaroslavl zonalarida to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosini saqlab qoldik. Jin ursin, axir ular chet ellik! Bugun tunda esa, Boshqirdistonda bo‘lgan o‘zbeklarning qarindoshlari menga murojaat qilishdi. Ularni olib ketishdi. O‘zbekiston elchixonasidan bizga yozishdi, biz ular bilan aloqadamiz. Hoy, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston elchixonalari, nima uchun fuqarolaringizni ukrainaliklarni o‘ldirish uchun yuborishayotgani bilan qiziqib ko‘rmayapsiz?”, deya xitob qildi "Qamoqdagi Rus" tashkiloti rahbari Olga Romanova.

“Xorij fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqiy holati to‘g‘risida”gi federal qonunning “Xorij fuqarolarining harbiy xizmatga bo‘lgan munosabati” deb nomlangan 15-moddasida aniq-tiniq ko‘rsatma berilgan:

“Xorijlik fuqarolar harbiy xizmatga (alternativ fuqarolik xizmatiga) chaqirilishi mumkin emas”.

Shu moddaning 2-qismida chet elliklar kontrakt asosidagina Rossiya Qurolli Kuchlariga yollanishi yoki ishga qabul qilinishi mumkinligi ham qo‘shimcha qilingan.

"Ukamni urushga borasan deb kamerada kaltaklashyapti..."

Oxirgi paytlarda ayniqsa qamoqxona, koloniya va tergov izolyatorlarida saqlanayotgan o‘zbek muhojirlari jiddiy xatar ostida qolayotgani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda.

Urushga yollovchi kontraktni imzolashga majburlanayotgan migrantlar qamoqxona ma’muriyati, ularning qo‘l ostidagi, mahkumlar ta'biri bilan aytganda “loxmachlar”, politsiya va boshqa kuchishlatar tizim xodimlari qattiq bosimi ostida qolgani to‘g‘risida yaqinlariga xabar qilmoqda.

Ozodlikka ismi-sharifi oshkor etilmasligi sharti bilan gapirgan Boshqirdistondagi qamoqxonalardan birida saqlanayotgan mahkumning akasi qamoqxona ma’muriyati ukasini Ukraina frontiga yollanishga majburlaayotganini iddao qildi.

- Ukam Boshqirdistonda bir necha yildan beri o‘tiribdi. Uni urushga majburlab olib ketishmoqchi. Hali Ukrainaga olib ketishgani yo‘q, chunki u imzolamayapti, lekin har kuni kamerada kaltaklashyapti ekan. Kim urushga borsa, katta pul berish va qolgan muddati kesilishini va’da qilishyapti. Qanday yordam berishni ham bilmayman, boshim qotgan. Bilmadim, qanchagacha kuchi yetishini, - deydi xavfsizlik sabab ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik yigit.

Huquq faoli Karimjon Yorov rus hukumati aynan muhojirlar va Rossiyaning rus bo‘lmagan mintaqalari aholisini urushga jalb qilishga urinayotganini aytadi.

- Odamlarni yollanishga majburlashmoqda, kaltaklashmoqda. Bir o‘zbek yigiti 9 yil o‘tiribdi, qolgan 3 yilini o‘tirmasdan, urushga borib kelishni taklif qilishmoqda. Aniqrog‘i ularni urishmoqda. Nafaqat bizlarning o‘zbek-tojiklar. Kecha bir belarus ayolning o‘g‘lini kaltaklab, kontrakt imzolatishibdi. Hozir Luganskda ekan bu yigit, telefon qilibdi. Kecha bir Tojikiston fuqarosi telefon qilib, unda shartli muddat bo‘lishiga qaramay, povestka kelganini xabar qildi. Yana bir qirg‘iz yigit murojaat qilib, unda ham shartli muddati borligi, Ukrainaga ketishga majburlanayotganini ma’lum qildi. Ya’ni, bu biz bilgan holatlargina!

Hozir kimda doimiy va vaqtinchalik yashash guvohnomasi bo‘lsa ham povestkalar kelmoqda. “Keling, sizga tezlashtirilgan tartibda fuqarolik beramiz! Katta pul ishlab olasiz. Aks holda hujjatlaringizni bekor qilamiz”, deb qo‘rqitishyapti. Hozir asosan, muhojirlar bilan birga Rossiyaning mayda xalqlari mobilizatsiya qilinmoqda. Bu turgan bitgan irqchilikku! Hukumat bu xalqlarni qo‘lini qonga botirib, o‘z jinoyatiga sherik qilmoqchi.

Huquq faoli: O‘zbekiston hukumati "norozilik notasi" yuborishi kerak

Migrantlar masalalari bo‘yicha ekspert Valentina Chupik hozirda o‘zi ham oilasi bilan muhojirlikda.

U o‘tgan yili Rossiya hukumati qarori bilan 30 yilga Rossiyadan badarg‘a qilingan. Migrantlar himoyachisi deportatsiya qilinishini o‘zining kasbiy faoliyati bilan bog‘lagandi.

Hozirda Armanistonda vaqtinchalik qo‘nim topgan Valentina Valentinovna muhojirlar mobilizatsiyasi masalasiga Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston hukumati e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidlaydi.

- Bizga migrantlardan juda ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda, ularning asosiy qismi Rossiyada katta pul, fuqarolik berish va boshqa imtiyozlar bilan yurtdoshlarimizni yollash ishlari avj olgan. Murojaatlarning 35-40 foizi majburiy yollash masalasiga doir. Majburiy yollash ko‘rinishidan birinchisi-qo‘rqitishdir: unga jinoyat ishi ochish bilan tahdid qilish, masalan pasportidagi bitta muhr qalbaki, deb yoki narkotik modda tashlab qo‘yish bilan. Majburiy verbovkaning ikkinchi ko‘rinishi – odamlarga jismoniy bosim qilish, kaltaklash. Menga bugun Moskvadan murojaat qilgan Qirg‘iziston fuqarosi uchastkovoy tomonidan qattiq kaltaklanganini aytib berdi. U 200 rubl DAN xodimiga pora bergani uchun shartli jazo olgan edi. Uchastkovoy uni Ukrainaga kontraktni imzolamasa qamoqqa tashlash bilan qo‘rqitgan, keyin esa do‘pposlagan. Yana bir usuli – aldov. Masalan, Saxarovoda migrantlarga bir dasta boshqa mayda shrift bilan yozilgan hujjatlarni imzolatishmoqda. Ulardan ikkita varag‘i “ko‘ngilli harbiy xizmat to‘g‘risida kontrakt” ekani aniqlandi.

Qamoqdagilarning huquqlari himoyalanishiga elchixonalarimizning faol harakatlarigina yordam bera oladi. Elchiliklar oddiy “so‘rovnoma” emas, “norozilik notalari” bilan TIV, koloniya ma’muriyatlari, Bosh prokuraturaga murojaat qilishsa, omma oldida chiqishlar qilishsa va bu holatlarni e’lon qilishsa, ularni urushga jo‘natmasliklari mumkin. Qamoqda bo‘lmaganlarga esa yana bir bor Rossiyani tark etishni tavsiya qilaman.

Valentina Chupik murojaat qilayotganlarning 40 foizi Qirg‘iziston, 30-35 foizi Tojikiston, 20 foizi O‘zbekiston vatandoshlari, qolgan foizlar esa belarus, ukrain, ozarbayjon, moldavan va turkmanlar ekanini qo‘shimcha qildi.

- Tushunishimcha, majburlanayotganlarning aksarini slavyan bo‘lmaganlar tashkil qilmoqda. Bunday vaziyatning yuzaga kelishiga Rossiya fuqarolarining mobilizatsiyadan qat’iyan bosh tortayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ular qochib ketyapti, sotib olyapti, yashirinyapti, armiyaga esa hukumat odam yig‘ishi kerak. Shu sababli ular eng nochor qatlam, ya’ni migrantlar hisobiga rejalarini bajarmoqda.

Ayni damda, mobilizatsiyadan qochib Rossiyani tark etayotgan erkaklar soni ko‘payishda davom etmoqda. Ammo Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda yengilayotgan va odamlarini yo‘qotayotgan Putin hukumati ruslarni ham mobilizatsiya qilishga katta kuch va mablag‘ sarflamoqda.

Povestkalarni tarqatish turar joylarda mana bunday ko‘rinishda olib borilmoqda.

yoki mana bunday:

Politsiya xodimi hamrohligida formada bo‘lmagan voyenkomat xodimlari ko‘chalarda barcha erkaklarni to‘xtatib, hujjatlarini tekshirmoqda. “Oblava”lar metro va avtobus bekatlari, bozorlar va ish joylarida amalga oshirilmoqda.

Chaqiruv qog‘ozlari hatto nogironlar va aravachada harakatlanadigan rossiyaliklarga ham kelmoqda.

Huquq faollari Ukrainaning bosib olingan va vayron qilingan hududlaridagi qurilish ishlariga ham Rossiya hukumati mehnat muhojirlarini jalb qilayotganidan xavotir bildirmoqda.

Migrantlar himoyachisi Valentina Chupik Ukrainaning Mariupol shahriga mingdan ziyod o‘zbek yigitlari yuborilgani to‘g‘risida xabar olganini aytdi. Aniqlanishicha, o‘zbek muhojirlari Moskvadagi turar-joy shirkatlari tomonidan ommaviy tartibda yollangan. U Ukrainada ishlayotgan o‘zbek migrantlari mamlakatga noqonuniy kirib kelgani va bu hududlar haligacha raketa va artilleriya zarbalari ostida ekanini o‘zbekistonliklarga eslatib qo‘yish lozimligini ta’kidlaydi.

Avvalroq Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston elchixonalari o‘z fuqarolarini Rossiya qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan taqdirda jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG