Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:22

O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi chegaradan ID karta bilan o‘tishga ruxsat berilganidan bexabar


O‘zbekistonning Marhamat hamda Qirg‘izistonning Aravon tumanlari o‘rtasidagi Mingtepa-Qorabag‘ish chegarasining ochilishi marosimi. 1 sentyabrь, 2023-yil.
O‘zbekistonning Marhamat hamda Qirg‘izistonning Aravon tumanlari o‘rtasidagi Mingtepa-Qorabag‘ish chegarasining ochilishi marosimi. 1 sentyabrь, 2023-yil.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidan fuqarolarni yengillatilgan tarzda ID karta bilan o‘tishiga ruxsat berilganiga o‘n kundan oshdi. Ammo qirg‘iz chegara rasmiylariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning asosiy qismi bu imtiyozdan foydalanmayapti.

Ozodlik muxbiri ikki davlat o‘rtasidagi “Do‘stlik” nazorat-o‘tkazish punktiga borib, qator o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi. Suhbatdoshlarning ayrimlari muxbirimizga chegaradan ID karta bilan o‘tishga ruxsat berilganidan xabarsiz ekanliklarini aytishdi.

- Chegaradan ID karta bilan juda oson o‘tdim. Avvalgidek, uzoq tekshirish yo‘q, pasportga “pechat urish” yo‘q... Vaqtim ham tejaldi... Juda qulay ekan, - dedi O‘zbekistondan Qirg‘izistonga ilk marta ID karta bilan o‘tgan Andijon viloyatining Yorqishloq qishlog‘i turg‘uni Masturaxon Abdubekova.

Masturaxon so‘nggi o‘n kun ichida chegaradan ID karta bilan o‘tgan kam sonli o‘zbekistonliklardan biri. Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiylariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning asosiy qismi bu imtiyozdan foydalanmayapti.

- 1-sentabrdan beri o‘tgan o‘n kun ichida chegaradan ID karta bilan o‘tganlarning asosiy qismi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lmoqda. Bu imtiyozdan foydalanayotgan o‘zbekistonliklar soni oz. Bunga sabab nima ekanini biz bilmaymiz. Balki ularga bu boradagi ma’lumotlar yetib bormayotgandir. Shu o‘rinda aytib qo‘ymoqchiman, ID karta bilan chegaradan o‘tish juda qulay: birinchidan, juda ko‘p vaqt tejalib qolinadi va natijada chegaradan o‘tish jarayoni tezlashadi. Buning oqibatida esa uzundan uzoq navbatlar yuzaga kelmaydi. Qisqa aytadigan bo‘lsam, chegaradan o‘tkazish ikki-uch marotaba tezlashadi,- dedi Qirg‘izistonning “Dostuk” nazorat-o‘tkazish punkti boshlig‘i Nurlan Attoqurov.

Ozodlik muxbiri mikrofon tutgan qator o‘zbekistonliklar chegaradan ID karta bilan o‘tishga 1-sentabrdan boshlab ruxsat berilganidan bexabar ekanliklarini aytishdi.

-1-sentabrdan boshlangan ekan. Men buni kecha eshitdim. Bu haqda ma’lumot berilgandir, lekin eshitmagan ekanmiz. Kecha tamojnyaga kelsam, odamlar ID pasport bilan o‘tib ketishayapti. Shundan keyin bildim bu haqda, - dedi o‘zbekistonlik Xayrulla Usmonov.

Paxtaobodlik Asalxon Ataxanova o‘zi yashayotgan hududda chegaradan o‘tish tartibi o‘zgargani to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlar yo‘qligini, faqat odamlar orasida mish-mishlar yurganini aytdi:

-ID karta bilan chegaradan o‘tishga ruxsat berilibdi, degan gaplar yuribdi odamlar orasida. Shuning uchun meni “bir tekshirib kelingchi, rostimikin shu gaplar”, deb jo‘natishdi. Shuni aniqlashga kelgan edim.

Bu masalada O‘zbekiston rasmiylari yoki chegarachilaridan munosabat olish imkoniyati bo‘lmadi.

Qirg‘iziston parlamenti 3-may kuni O‘zbekistonga ID-karta bilan o‘tishga ruxsat berish nazarda tutilgan qonun loyihasini birdaniga uch o‘qishda qabul qilgan edi.

Bundan avval O‘zbekiston Oliy Majlisi ham Qirg‘izistonga ID-karta bilan o‘tishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-aprelda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidan ID-karta bilan o‘tishga ruxsat beruvchi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagandi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidan yengillashtirilgan tarzda o‘tilishiga oid shartnoma ikki davlat prezidentlarining Bishkek va Toshkentdagi uchrashuvlari doirasida qabul qilingandi.

1-sentabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikkita chegara punkti ham qayta ochildi. O‘zbekistonning Marhamat hamda Qirg‘izistonning Aravon tumanlari o‘rtasidagi Mingtepa-Qorabag‘ish chegara o‘tkazish punkti, O‘zbekistonning Xonobod shahridan Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatiga o‘tiluvchi Xonobod-Bekobod chegara o‘tkazish punkti uzoq yillik tanaffusdan so‘ng ishga tushdi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida 15 ta chegara nazorat-o‘tkazish punkti bor. Ularning aksari 2005-yilda O‘zbekiston tomonidan bir tomonlama ravishda yopib qo‘yilgan edi.

2016-yildan rasmiy Bishkek va Toshkent aloqalari yaxshilana boshlangach, chegaralar ochildi. Bugungi kungacha ikki davlat o‘rtasidagi 9 ta chegara bekati ishlamoqda.

May oyida Qirg‘iziston Chegara xizmati Jaloloboddagi "Bekobod", O‘shdagi "Qarabag‘ish", "Qorasuv" chegara nazorati bekatlarini ochishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi 1314 kilometrli chegara chizig‘i to‘liq aniqlab bo‘lingan. 2022-yil noyabrida Toshkent va Bishkek chegara bo‘yicha 30 yildan buyon davom etib kelayotgan bahslarga nuqta qo‘yilganini bildirishgan.

XS
SM
MD
LG