O‘sh shahrida 10-iyun kuni 2010-yilgi O‘sh voqealari qurbonlarini xotirlash tadbiri o‘tkazildi. Mahalliy rasmiylar va voqeada yaqinlaridan ajragan bir necha o‘n kishi fojia qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan “Onalar ko‘z yoshi” deb atalmish yodgorlik poyiga gul qo‘ydi va qur’on o‘qildi. Poytaxt Bishkekda esa prezident Sadir Japarov murojaat bilan chiqdi.
“Bu kun bizga qonli voqealarni xotirlatish bilan birga, do‘stlik va inoqlik munosabatlarini mustahkamlash majburiyatini eslatib turadi! Mamlakat rahbariyati e’tiborida esa doimo millatlar orasidagi birlik va etnoslar orasidagi inoqlikni himoya qilish masalasi turishi darkor”, - deyiladi prezident murojaatida.
2010-yilning 7-aprelida Bishkekda ko‘tarilgan xalq isyoni ortidan prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ag‘darilgan edi. O‘shanda Bakiyev Bishkekdan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jalolobod viloyatiga qochgandi. Ammo ijtimoiy-siyosiy, jumladan, millatlararo vaziyat qaltislashib borishi oqibatida Bakiyev Belarusdan boshpana so‘rashga majbur bo‘lgandi. Bakiev Qirg‘izistonni tark etganidan so‘ng iyun oyining boshlarida mamlakat janubida millatlararo nizo yuz bergan.
O‘sha paytda Qirg‘iziston hokimiyatini boshqarib turgan Muvaqqat hukumat “millatlararo nizoda separatistik kayfiyatdagi o‘zbek liderlari”ni ayblagan edi.
2010-yildan to shu kungacha Qirg‘izistonda to‘rtta prezident - Ro‘za O‘tunbayeva, Almazbek Atambayev, So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov almashdi. Ayni paytda Sadir Japarov hokimiyatni boshqarmoqda.
Qirg‘izistonning 2010-yildan to shu kungacha bo‘lgan barcha prezidentlari nizo uchun mas’uliyatni O‘sh voqealari chog‘ida hukumat teppasida bo‘lgan u yoki bu amaldorga yuklash harakatida bo‘lgan.
Amaldagi prezident Sadir Japarov ham bundan mustasno emas. Biroq boshqalardan farqli ravishda Japarov davrida Muvaqqat hukumatning uch a’zosiga rasman ayblov bildirildi.
Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi 2010-yilning iyunida sodir etilgan “O‘sh voqeasi” bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida o‘sha vaqtdagi Muvaqqat xukumat a’zolari bo‘lgan Keneshbek Duysho‘bayev, Ismail Isaqov va Bektur Asanovga ayblov bildirdi.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bir yil avval iyun voqeasi yuzasidan 2010-yildagi Muvaqqat hukumat a’zolariga nisbatan ochilgan jinoyat ishi qayta tergov qilina boshlaganini bildirgan.
Bunga qadar prezident Sadir Japarov maxsus xizmatlarga iyun voqeasining kelib chiqish sabablarini qayta tergov qilishga ko‘rsatma bergan edi. Mazkur ish bo‘yicha Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 25-aprel kuni, prezident Sadir Japarov 27-aprelda Bosh prokuraturada guvoh sifatida so‘roq qilingan.
Hozirgacha O‘sh voqealari chog‘ida rahbarlik lavozimida bo‘lgan 15 kishi tergovga chaqirildi.
“Iyun voqeasi” nomi bilan ataluvchi mazkur voqeada rasmiy hisob bo‘yicha 446 odam halok bo‘lgan, 2 mingga yaqin odam turli jarohat olgan, 57 odam bedarak ketgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 17 nafari bugungacha topilmagan.
Xalqaro ekspertlardan iborat mustaqil komissiya bu nizo “qirg‘iz hukumatning etnomillatchilikka asoslangan siyosati mahsuli ekani” to‘g‘risida xulosaga kelgan. Ammo Qirg‘iziston parlamenti bu xulosadan norozi bo‘lib, komissiya raisi Kimmo Kilyunenni mamlakatda “istalmagan shaxs” sifatida e’lon qilgandi.
Qirg‘iziston hukumati komissiyasi va parlament deputatlaridan iborat komissiya esa O‘sh voqealarining sodir etilishida Qirg‘izistondagi bir qator o‘zbek liderlarini ayblagan.
Jumladan, hukumat tomonidan ayblangan o‘zbeklar ro‘yhati boshida bo‘lgan Qodirjon Botirov 2010-yildagi davlat to‘ntarishi chog‘ida muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlagandi.
Qonli voqealar ortidan Qodirjon Botirov 2011-yilda Shvetsiyadan boshpana olgan. 2018- yil 4-dekabrida 62 yoshida vafot etgan Botirov 8-dekabr kuni Toshkent viloyatining Zangiota qabristoniga dafn etilgan.
2010-yil iyun voqealari bo‘yicha hozirga qadar 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakillaridir.
Xyuman Rayts Uotch tashkilotining 2010-yilgi hisobotida O‘sh qirg‘ini kunlari odam o‘ldirganliklarda ayblanib, bir umrga qamalgan 30 kishining 28 nafari o‘zbek ekani aytilgan.