Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:03

Rossiya muhojirlarning migratsiya muddatlarini yana uzaytirdi


Prezident Vladimir Putin o‘z farmoni bilan Rossiyada muhojirlarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning vaqtinchalik yoki doimiy yashash muddatlarini 2021 - yilning 30 - sentabrigacha uzaytirdi. Bunga koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyat sabab qilib ko‘rsatildi.

2021 - yilning 15 - iyun kuni Rossiya prezidenti “Rossiyada koronavirus infeksiyasi (COVID-19) asoratlariga qarshi kurashish davrida xorij vatandoshlari va vatandoshligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holatini vaqtinchalik boshqarish choralari to‘g‘risida” deb nomlangan 354-sonli farmonga imzo qo‘ydi.

Shu kunga qadar Rossiyada muhojirlarning vaqtincha yashash muddati 15 - iyungacha belgilangan edi. Shu sanadan boshlab Rossiyani tark etmagan muhojirlar noqonuniy yashovchilar sifatida tan olinishi belgilangandi.

Kreml rasmiy saytida e’lon qilingan Farmonga asosan, 30 - sentabrgacha muhojirlarni Rossiyadan ma’muriy ravishda chiqarib yuborish, deportatsiya qilish, vaqtincha qolish muddatini qisqartirish, qochqinlik maqomidan mahrum qilish, vaqtinchalik boshpana berish, ilgari berilgan vizalarni bekor qilish, ishlashga ruxsatnoma va patent berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinmaydi.

Shundan kelib chiqqan holda, 16 - iyundan boshlab Rossiyada yashash uchun qonuniy asoslarga ega bo‘lmagan shaxslar o‘zlari bo‘lib turgan hududdagi politsiya bo‘limlariga 30 - sentabrga qadar murojaat qilishlari shart bo‘ladi. Politsiya bunday holatdagi chet elliklarga jazo choralari qo‘llanilmasligi farmonda belgilandi.

O‘z huquqiy holatini rasmiylashtirishni istamayotgan xorijliklarga 2021 - yilning 30 - sentabrigacha chiqib ketish imkoni yaratiladi.

Shuningdek, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeAES) mamlakatlari vatandoshlari 2021 - yilning 31 - dekabriga qadar Rossiyaga kirib kelishda belgilagan maqsadlaridan qat’i nazar, mehnat va huquqiy shartnomalarni tuzishga haqli ekani ta’kidlandi.

Qolgan mamlakatlar, jumladan Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston, O‘zbekiston va Ukraina vatandoshlari hech qanday muammolarsiz ishga ruxsatnoma – patentlar muddatlarini uzaytirishlari mumkin.

Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert, yurist Botirjon Shermuhammad bu farmon noqonuniy holatda bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun hujjatlarni qonuniylashtirish imkonini ochganini aytadi.

- 30 - sentabrgacha terrorizmga, ekstremizmga aloqasi bo‘lmagan, har-xil mitinglarda qatnashmagan yoki ozodlikdan mahrum qilish joylarida o‘tirmagan, qamalmagan bo‘lsa, ularga nisbatan “deportatsiya” yoki Rossiyaga kirishga taqiq qabul qilinmaydi.

Yana bir muhim masala: 2021 - yilning 16 - iyunigacha necha yil bo‘lsa ham – 10 yilmi, 2 yilmi, - hujjatsiz yurgan odam, “zapreti-vidvoreniyesi” bo‘lmasa, 30 - sentabrgacha IIBga murojaat qilib, holatini qonuniylashtirib olishi mumkin. Uy egasi bilan borasiz, barmoq izi topshirasiz, mumkin jarima solishadi, lekin sizga yangidan registratsiya qilib berishlari mumkin bo‘ladi va keyin patent, boshqa hujjatlarni qilib olishingiz mumkin.

Yana bir yangilik – migratsiya kartasida nima yozilganidan qat’i nazar – “o‘qishga”, “shaxsiy”, “kommertsiya”, “tranzit”mi – muhojirlarimiz bemalol patentga hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi, - dedi yurist Botirjon Shermuhammad.

Suhbatdosh vaqtinchalik yashash (RVP) yoki doimiy yashash (VNJ) huquqiga ega xorij vatandoshlari hujjatlari muddati 2021 - yilning 31 - dekabrigacha uzaytirilganini ham qo‘shimcha qildi.

Putin farmonida 30 kun davomida patent rasmiylashtira olmagan va Rossiyadan bu muddat orasida chiqib ketmagan shaxslar jarimaga tortilmasligi va joriy yilning 31 - dekabrigacha bekor qilingani belgilandi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining eng so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda noqonuniy yurgan muhojirlar soni 500 mingdan ziyod va ularning aksari -332 mingni o‘zbekistonliklar tashkil etadi. Avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy “15 - iyunga qadar o‘z migratsiya maqomlarini qonuniylashtirmagan muhojirlar Rossiyani tark etishlari lozim”, deya bayonot bergandi.

Bugungi kunda mehnat muhojirlari uchun hujjatlarni rasmiylashtiruvchi ko‘plab migratsiya markazlarida, xususan yirik megapolislardagi idoralarda ulkan navbatlar yuzaga kelgani to‘g‘risida Ozodlik xabar berib keladi.

XS
SM
MD
LG