1 - fevraldan boshlab Samarqand viloyat, Toyloq tumanidagi Nayman mahallasida 1 oylik hashar e’lon qilindi.
Ozodlikka bog‘langan hasharchilarga ko‘ra, tumandagi barcha idora va tashkilotlar ushbu mahallani obodonlashtirishga majburan jalb qilingan.
Bir oy davomida mahalladagi uylar fasadi yangilanib, ko‘chalarga shag‘al yotqizilishi rejalangan.
Hokimlik mulozimi Nayman mahallasini obodonlashtirish uchun byudjetdan pul ajratilganini aytib, hasharchilar o‘z xohishi bilan yordamlashayotganini ta’kidladi.
Ozodlikka 11 - fevral kuni bog‘langan Toyloq tumanidagi tashkilotlardan birining mulozimi Nayman mahallasidagi hasharga majburan jalb qilinganliklarini aytdi:
“Hamma uylarning faqat ko‘cha tomoni remont qilinyapti ya’ni uylarning fasadi yangilanmoqda. Bu ishni qilish tumandagi idora va tashkilotlarga yuklangan. Xalq ta’limi, moliya, soliq, banklar, sog‘liqni saqlash kabi hamma tashkilot hasharda qatnashyapti. Ular o‘z hisobidan shu ishlarni qilib beryapti. Har bir tashkilotga katta-kichikligiga qarab, 4-5ta uydan bo‘lib berilgan”.
Ishdan haydalish xavfi sabab anonim qolishni istagan mulozim hisob-kitobicha, 1 ta uyning fasadini yangilash 2,5 million so‘mga tushyapti:
“Uylarni devori shtukaturka qilinyapti. Keyin qaymoq rangga bo‘yalyapti. Shtukaturka 1 kvadrat metri 15 ming so‘m bo‘lsa, uyning devorini 100 kvadrat deb olsak, 1,5 million so‘m suvoqqa ketyapti. Devorni bo‘yash uchun 2 chelak bo‘yoqqa 500 ming so‘m ketyapti. 1 ta uyning fasadi usta haqi bilan taxminan 2,5 million so‘mga tushyapti. Bitta tashkilotga 4ta uy berilgan bo‘lsa, 10 million so‘m sarflashga majbur bo‘lyapti. Bu yerni tugatgach Bulung‘urga hasharga borish kerak ekan. O‘z ishimiz qolib, hashardan boshimiz chiqmay qoldi”.
Toyloq moliya boshqarmasiga ham Nayman mahallasidagi 5ta uyning fasadini yangilash topshirilgan. Ozodlik bog‘langan moliya idorasi mulozimi ular tadbirkorlar homiyligidan foydalanayotganini yashirmadi.
“Bizga biriktirilgan uylarning egalari unchalik kambag‘al emas ekan. Uylarida mashinalari bor odamlar. Ular o‘zlari ham hashar harajatlariga yordamlashmoqda. Yetmaganiga homiylarni jalb qilganmiz. Tumandagi tadbirkorlar yordam beryapti. Biz o‘zimiz harajat qilmadik”.
Hasharga jalb qilingan idoralardan yana birining xodimi hokimlik tomonidan hashar uchun ayrim narsalar berilayotganini ham aytdi:
“Qum bilan ohakni hokimlik beryapti. Keyin sementni ham hokimlik olib kelib beryapti. Boshqa hamma narsa uylarga biriktirilgan idora zimmasida. Kichkina idoralar o‘zi harajat qilyapti. Tadbirkorlarga buyurishga haddi sig‘adigan idoralar homiylardan foydalanyapti”.
Hasharda qatnashayotganlardan yana birining ismini ochiqlamaslik sharti bilan aytishicha, kambag‘al oilalar uylari shifer bilan bepul yopib berilmoqda:
“Qaysi idoraga berilganini bilmadim. Lekin bir nechta uyga shifer ham qilinyapti. Keyin uylarning oldidagi naves eski bo‘lsa, ular ham yangilanyapti. Uylarning devorini bir xil rangga bo‘yayapmiz. Lekin shifer va naveslarning
tunukalari rangining farqi yo‘q deyishdi. Ko‘chaga shag‘al to‘shash IIB idorasiga topshirilgan. Ular yuk mashinalarini ushlab, shag‘al qatnatmoqda”.
Toyloqlik tadbirkorlardan biri Nayman mahallasidagi hashar uchun 4 million so‘mlik qurilish materiallari olib berganini aytdi:
“Tadbirkorlarni tekshiradigan idoralardan biri Naymandagi hashar uchun homiylik qilishimni aytdi. Ertaga ishimdan kamchilik topib, muammo chiqarmasin, deb homiylikka rozi bo‘ldim. Bozordan 4 million so‘mga qurilish materiallari sotib olib, hasharchilarga berdim”.
Ozodlik suhbatlashgan hasharchilarga ko‘ra, ular uchun har kuni tekinga osh pishirilyapti:
“Har kuni ertalab soat 8dan ish boshlaymiz. Bir kunda 35 kilo gurunchdan osh damlanyapti. Mahalladagi maktab hovlisida tushlik qilamiz. Ovqat uchun tadbirkorlar homiylik qilayotganini aytishdi”.
Toyloq tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi, Nayman mahallasidagi obodonlashtirish ishlari hokimlik byudjetidan ajratilgan pul hisobiga amalga oshirilayotganini iddao qildi:
“Butun tuman Nayman mahallasiga ko‘chib kelgan. Hamma hasharda qatnashyapti. Butun kuch shu yerga tashlangan. 1 oy ichida hammasini tugatishni rejalaganmiz. Harajatlar uchun hokimlikning mahalliy byudjetidan pul ajratilyapti. Qancha sarflanganini aniq ayta olmayman. Lekin hech kim hasharga majburlanmadi. Hamma o‘z xohishi bilan ishtirok etyapti”.
Hokimlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, Nayman mahallasi tumandagi “eng qoloq mahalla” bo‘lgani uchun u yerni obodonlashtirishga qaror qilingan:
“Bu mahalla “Obod mahalla” dasturiga kirmay qolgan. Lekin bu mahalla ijtimoiy-iqtisodiy orqada qolgani uchun uni rivojlantirishga qaror qilindi. Hashar davomida 4 ta transformatorni ta’mirlash, 1 ta yangi transformator o‘rnatish, 47 ta eskirgan simyog‘ochlarni yangi beton ustunlarga almashtirish, ichki ko‘chalarga 4,0 km shag‘al va tosh yotqizish, har bir xonadon va ko‘chani obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish rejalangan. 12 - fevral kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev mahallaga kelib, hashar ishlari bilan tanishib ketdi".
Ozodlik uyi hashar davomida bepul ta’mirlanayotgan naymanliklardan biri bilan bog‘landi. U hashar natijasida uyining fasadi yangilanganiga xursandligini aytdi
“Biz juda orqada qolgan mahallamiz. Bizdan oldinda bo‘lgan mahallalarni “Obod mahalla” dasturiga kirgizib, yanayam obod qilishdi. Biz bir guruh naymanliklar prezidentimizga yozib, bizning mahallani ham obod qilishni so‘ragandik. Arzimiz prezidentimizga yetib bordi shekilli, mana hashar boshlashdi. Bizning uyimizni shtukaturka qilib, suvashdi. Keyin bo‘yab ham berishdi. Faqat ko‘cha tomonini qilishdi. Boshqa tomonini o‘zlaring qilib olinglar deyishdi. Baribir xursand bo‘ldik, hech bo‘lmasa uyimizning ko‘cha tomoni yangilandi”.
Mahallalarni obodonlashtirish dasturi doirasida tadbirkorlarning homiylikka majburlanayotgani haqida Ozodlikka avval ham ko‘p bora xabar kelgan.
Jumladan, 11 - fevral kuni Qashqadaryo viloyat Koson tumani “Obod mahalla” dasturi bahona tadbirkorlar, korxona va tashkilotlarga norasmiy soliq solingani haqidagi xabar keldi.
Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hokimining talabi bilan fermerlardan “Obod mahalla” dasturi uchun 3 million so‘mga olingan bank cheklari Ozodlikda yoritilgach, fermerlarga qaytarib berilgandi.