Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:03

"Xiyonatchi, poraxo‘r, noinsof". Mirziyoyev tadbirkorga "to‘siq bo‘lgan" amaldorlarni ishdan oldi


Prezident Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga doir ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda. 2021, 8 - aprel.
Prezident Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga doir ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda. 2021, 8 - aprel.

Prezident Mirziyoyev ikki viloyat va to‘rt tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlarini ishdan oldi. Davlat rahbari 8 - aprelda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida, shuningdek, bank rahbarlari, bir qator tuman va shaharlar soliq idoralari yetakchilari ham ishdan olindi.

Prezidentning topshirig‘iga binoan ishdan bo‘shatilganlar ishlagan davrida olgan ish haqini to‘lig‘icha davlatga qaytarishi lozim.

Tadbirkorlikni rivojlantirishga oid o‘z hududlaridagi ko‘rsatkichlari yomonligi uchun jazolanganlarni prezident “xiyonatchi” deb atadi.

Bu voqeani sharhlab berishni Ozodlik hokim o‘rinbosari ishdan olingan viloyatlardan birida yashovchi tadbirkor, toshkentlik mustaqil iqtisodiy tahlilchi hamda huquqshunosdan so‘radi.

Prezidentning g‘azabi

Prezident Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektordagi nutqida mahalliy byudjet tushumlari tadbirkorlar faoliyatiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

– Juda og‘ir yillarda yashayapmiz. Har kuni izlanish, intilish va pirovard maqsadga ishlash kerak. Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratmasak, tadbirkorlarni ko‘paytirmasak, shahar va tumanlarda mahalliy byudjet ko‘paymaydi-ku. Biz qanchalik ko‘p mablag‘ bermaylik, farmon-qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, quyi pog‘onadagi rahbarlar dunyoqarashini o‘zgartirib, tadbirkor bilan do‘st bo‘lib ishlamasa, natija bo‘lmaydi, degan Prezident.

Davlat rahbari rasmiy sayti videselektor yig‘ilishidagi gaplarni, har doimgiday silliqlab bergan bir paytda, boshqa axborot vositalari Shavkat Mirziyoyevning emotsional gaplaridan iqtiboslar keltirdi.

“O‘zbekiston24” telekanali tayyorlagan syujetdan Prezidentning yig‘ilish qatnashchilariga qarata aytgan mana bu so‘zlari ham joy olgan:

Yana qanday tushuntiray sizlarga? !

“Yana qanday tushuntiray sizlarga? ! Ko‘p joylarda sizlar kishan bo‘lmasalaring, korrupsiya bo‘lmasa, poraxo‘rlik bo‘lmasa, banki, solig‘i noinsof bo‘lmasa, ishimiz bundan ham yaxshi ketadi. Sizlar to‘siqsizlar ko‘p joylarda”.

Prezident o‘sha “to‘siq”lardan ba’zilari: Navoiy viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Hasanovni hamda Qashqadaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Bo‘tayevni ishdan oldi.

Fermer: Hokimning zug‘umi tufayli hammamiz kuyib qoldik

Qashqadaryolik 40 yashar fermer Feruza Eldiyorova oyog‘ida mustahkam turgan tadbirkorlardan. Uning aylanma mablag‘i, o‘zining aytishicha, 1 milliard so‘mdir.

8 - aprelda o‘tgan yig‘ilish yuzasidan fikrlarini Ozodlik bilan o‘rtoqlashar ekan, Feruza Eldiyorova birgina voqeani aytib berdi:

Koson tuman hokimi A. Boyqoraev urug‘likka bug‘doyni ham tovar bug‘doy sifatida topshirishga majburladi.

“Men yashab, ishlaydigan Koson tuman hokimligi 2020 - yili bug‘doy topshirish vaqtida o‘zi chiqargan qarorni o‘zi buzdi. Bug‘doyni, odatda ikki xil shartnoma bo‘yicha topshiramiz: urug‘lik bug‘doy va tovar bug‘doy. O‘tgan yili tovar bug‘doy bo‘yicha davlat rejasi Kosonda bajarilmadi. Shu sababli Koson tuman hokimi A. Boyqorayev urug‘likka bug‘doyni ham tovar bug‘doy sifatida topshirishga majburladi. Urug‘lik bug‘doy tovar bug‘doydan qimmat yuradi. Urug‘likning bir kilosi 2700-2800 so‘m bo‘lsa, tovar bug‘doyning kilosi 2000 so‘m. Natijada fermerlar juda katta pulga kuyib qoldi”,- deydi fermer.

Feruza Eldiyorovaning aytishicha, 2020 - yilning bug‘doy hosili bilan bog‘liq zarar bu bilan cheklanmagan.

Fermerlar shikoyat qilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Prokurorning bosimi sababli jim qolaverdik

“Bug‘doydan tushadigan daromad pulini birinchi bo‘lib fermerlar olmadi. Koson tumani bir necha yillardan beri soliqdan qarz bo‘lib qolgan ekan, bizning pullarni o‘sha qarzni yopishga yo‘naltirishdi. Fermerlar shikoyat qilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Prokurorning bosimi sababli jim qolaverdik”, - dedi qashqadaryolik fermer.

Yana kimlar ishdan olindi?

Prezident 8 - aprelda ishdan olganlar orasida Qashqadaryo viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Bozorov, Markaziy bankning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rajabov, Markaziy bankning Navoiy viloyat boshqarmasi boshlig‘i Saidov va Soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadiyevlar bor.

Bulardan tashqari Ulug‘nor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, Andijon, Oltinko‘l, Olot, Qorako‘l, Oqoltin, Chilonzor, Mo‘ynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shaharlari soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan ozod etildi.

Iqtisodchi: Iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi noto‘g‘ri

Toshkentlik iqtisodchi, 90- yillar boshida tuzilgan “Iqtisodchilar” norasmiy guruhi a’zosi G‘ulomqodir Tursunov muammo prezidentning kadrlar siyosatida ekanini aytadi.

Prezident aybni eng avvalo o‘zidan, o‘zining kadrlar siyosatidan, o‘z atrofiga kimlarni yiqqanidan qidirishi kerak.

“Prezident aybni eng avvalo o‘zidan, o‘zining kadrlar siyosatidan, o‘z atrofiga kimlarni yiqqanidan qidirishi kerak. Poraxo‘r, o‘g‘rilar to‘lib yotibdi. Bir qarashi kerak: balki muttahamlarni vazir qilib qo‘ygandir, hokim qilib qo‘ygandir? Bu savolni prezident o‘zidan so‘rab ko‘rsin. Balki javobini topar”, - deydi iqtisodchi.

G‘ulomqodir Tursunovning fikricha, kichik va o‘rta biznes, umuman iqtisodiyotning rivojiga, albatta, katta-kichik amaldorlarning ishga layoqatsizligiyu poraxo‘rligi sabab bo‘lmoqda, biroq eng katta to‘siq – iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi noto‘g‘riligida.

Masalaga kompleks yondashish kerak. Bizda mana shu narsani yo tushunadiganlar yo‘q yoki tushunishni istamayaptilar.

“Bu yil mana bu sohani, kelasi yil ana u sohani rivojlantiramiz” bilan iqtisodiyot joyidan jilib qolmaydi. Masalaga kompleks yondashish kerak. Bizda mana shu narsani yo tushunadiganlar yo‘q yoki tushunishni istamayaptilar”, - dedi iqtisodchi.

G‘ulomqodir Tursunovning fikricha, iqtisodiyot oqsayotganining yana bir katta sababi aholining qashshoqligi, xarid quvvatining o‘ta zaifligi bo‘lib qolmoqda.

"Xiyonatchilar olgan maoshini qaytarsin!"

Prezident hokim muovinlari, bank va soliq idoralari boshliqlari yoki ularning o‘rinbosarlarini ishdan olar ekan, “Ishdan olinganlar ishlagan davri uchun hamma oyligini davlatga topshirsin. Televizorda rasmini chiqarib, «xiyonatchi» deb berish kerak”, dedi.

Huquqshunos: Prezident jazolashga haqli, lekin...

Toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovning fikricha, davlat rahbari masalani bunday qo‘yishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93- moddasida mamlakat prezidentiga juda keng vakolatlar berib qo‘yilgan va davlat rahbari kecha o‘z vakolatlari doirasida ish ko‘rdi. Men prezidentning harakatlarini huquqiy to‘g‘ri, deb baholayman”,- deydi Ruhiddin Komilov.

- Prezident oyliklarni sudsiz, tergovsiz qaytarishni talab qilishi qanchalik to‘g‘ri? - degan savolga huquqshunos bunday javob berdi:

- Prezidentning bu gapidan keyin tegishli tashkilotlar ularning ishini ko‘radi. Huquqiy mexanizm bor. O‘sha mexanizm bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari shug‘ullanishi mumkin. Ish sudgacha yetib bormaslik ehtimoli ham bor. Chunki mediatsiya instituti mavjud. Ya’ni suddan tashqari, tergovdan tashqari hal qilish mumkin masalani. Demak,ularga “o‘zingni bilib, to‘lab qo‘y” deyilishi mumkin. To‘lamasalar...

Huquqshunos shu joyda, hokimlar va boshqa amaldorlar chindan ham ishlamayotgani, ular chindan ham tadbirkorlar yo‘lidagi to‘siq ekanligi haqida gapirdi. Bu gapni u bir necha yil oldin boshlagan biznesi davlat amaldorlari aybi bilan barbod bo‘lgani, o‘shandan beri, qonunlarni bila turib, o‘z haqini tiklay olmayotgani uchun bemalol aytayotganini pisanda qildi.

- Demak, siz hozir savollarimizga huquqshunos emas, balki alamzada tadbirkor sifatida javob beryapsiz ekan-da?

Bu savolga Ruhiddin Komilov: “Yo‘q, hech kimga xusumatim yo‘q. Savolingizga qonundan kelib chiqib javob berdim. Prezidentning so‘zlarining qonuniy talqini, mening nazarimda shunday”, - deb javob berdi.

- Prezident ishdan olinganlarni xiyonatchi, deb atadi. Bunga nima deysiz?

Bu gap hech bir qonun me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Jinoyat kodeksida  faqat “Davlatga xoinlik qilish” degan modda bor.

- Bu gap hech bir qonun me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Jinoyat kodeksida faqat “Davlatga xoinlik qilish” degan modda bor. To‘g‘ri, prezident amaldorlarni ko‘p ogohlantirgan, lekin ular quloq solmadi. Prezident shu nuqtai nazardan gapirgan gap bu. Lekin ishdan olinganlarni Jinoyat kodeksining “O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar” bobidagi moddalar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Biroq agar harakatsiz hokimlarni chindan ham jazolashni istasalar, Jinoyat kodeksida yetarlicha boshqa moddalar bor”, - dedi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

XS
SM
MD
LG