Ozod Yevropa/Ozodlik radoisining 10 nafar jurnalisti bilan 2024-yil jahon sahnida ro‘y bergan voqealar va 2025-yilda dunyoni nimalar kutayotgani haqida suhbatlashib, ularning global voqealar rivoji borasida taxminlarini tingladik.
Biz suhbatlashgan jurnalistlar quyidagi taxminlarni ilgari surdi.
- Ukrainadagi urush global mojaroga aylanib, G‘arbni hozirgi dunyo tartibidan norozi davlatlar blokiga qarshi qo‘yadi;
- Dunyo miqyosida populistik harakatlar va avtoritar yetakchilar mavqeyi kuchayib, demokratiya va demokratik institutlarga bosim ortadi.
- Ko‘p narsa Donald Trampga bog‘liq bo‘ladi. Trampning AQSH prezidentlik saylovidagi g‘alabasi allaqachon xalqaro dinamikaga ta’sir o‘tkazib, transatlantik savdodan tortib Bolqondagi siyosatgacha bo‘lgan narsalarni qayta shakllantirmoqda.
Ukraina: Putin boshlagan urushning oxiri
Vitaliy Portnikov
O‘tgan yil oxirida men 2024-yilda Ukrainada kimdir jang maydonida g‘alabaga erishgan taqdirda ham, bu siyosiy yechim olib kelmasligini aytgan edim. Bu gaplarim o‘sha paytda ham to‘g‘ri edi, hozir ham shunday. Chunki Vladimir Putinning Ukrainaga hujumi uning azaliy orzusi- Sovet imperiyasini bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda uning ta’sir doirasini tiklash maqsadining bilan bog‘liq. Oq uyda kutilayorgan o‘zgarishlar katta ehtimol bilan Ukrainadagi mojaroning kaliti bo‘lishi mumkin. AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga vositachilik qilishga tayyorligini aytib kelmoqda. Ammo shu o‘rinda Tramp bu uchun yetarlicha qat’iyatlimi, degan savol tug‘iladi.
Ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi uchun Trampning urushni to‘xtatish bo‘yicha majburiyatidan tashqari, Kiyev va Moskva o‘rtasida harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv ham talab etiladi.
Putin agarda Rossiya jang maydonida ildamlayotgan bir sharoitda mojaroga barham berishga rozi bo‘lsa, bu ikki asosiy sababga ko‘ra amalga oshishi mumkin. Birinchi sabab, Putin Rossiya iqtisodi uzoq davom etadigan urushga bardosh bera olmasligini tan olishi bo‘lsa, ikkinchisi, Putin Ukrainaga harbiy bosimdan voz kechib siyosiy ta’sir va beqarorlashtirishga o‘tishga tayyorlanadi.
Bunday holatda Ukrainaning kelajagi G‘arb tomonidan taqdim etiladigan xavfsizlik kafolatlariga hamda Ukraina jamiyatining Moskvadan bo‘ladigan turli xil buzg‘unchilik harakatlarga qarshi immunitetiga bog‘liq bo‘ladi.
Rossiyadan hamma narsa kutish mumkin. Masalan, Moskva Ukrainadagi bo‘lajak prezidentlik saylovlarida dezinformatsiya kampaniyasini avj oldirishini taxmin qilsa bo‘ladi.
Agar Putin Rossiya urushni davom ettirish uchun yetarli resurslarga ega deb hisoblasa, mojaro 2025-yilgacha va hatto undan keyin ham davom etadi.
Markaziy Osiyo: O‘sib borayotgan avtoritarizm
Kris Riklton
Garchi Ukrainadagi urush sabab Moskvaning ishlari yaxshi emasligi qaramay, 2024-yilda Markaziy Osiyoda go‘yoki Rossiya hukmdorligi qayta tiklanishi uchun shart-sharoit yetilgandek taassurot uyg‘ondi.
Ayniqsa Rossiya davlat energetika kompaniyalari “Gazprom” va “Rosatom” uchun O‘zbekiston bozorida omadli yil bo‘ldi.
Rossiyaning O‘zbekistonga gaz eksporti qariyb uch baravar ortdi, shuningdek, Moskva va Toshkent nihoyat kichik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
2024-yil oktyabrda oyidagi referendumdan so‘ng Qozog‘iston ham atom stansiyasini qurishga yaqin. Agar Rosatom qandaydir sabab bilan bu loyihalardan chetda qolsa, mana bu haqiqiy sensatsiya bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham Moskva boshchiligidagi bloklarga qo‘shilish chaqirig‘iga hozircha chap bermoqda. Ayni paytda rus tili va Rossiyaning mintaqadagi mustamlakachilik merosi borasidagi bahslar Kremlning yumshoq kuch istiqboliga hech qanday foyda keltirmayapti.
Xitoy esa kelgusi yilda tinch diplomatiya va mintaqaning rivojlanayotgan transport va qayta tiklanuvchi energiya sohalariga ko‘p milliard dollarlik sarmoya yo‘naltirish orqali Markaziy Osiyoda do‘stlar orttirishda davom etadi.
Umuman olganda, kelgusi yilda mintaqa yanada avtoritarlashadi. Tojikiston va Turkmanistonda bu deyarli imkonsiz bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin ikkala davlat ham shunga harakat qilmoqda.
Ayni paytda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda jurnalistlar va rejim tanqidchilariga qarshi yangi qonunlar joriy qilinmoqda, faollar qamoqqa tashlanmoqda. Bu hukumatlar erkinlikni bosqichma-bosqich cheklash eng yaxshi yo‘l degan fikrda ekanini ko‘rsatadi.
Eron: Qiyin davr
Xanna Kaviani
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy may oyida fojiali tarzda aviahalokatga uchrab vafot etganidan so‘ng, mo‘tadil siyosatchi Ma’sud Pezeshkiyon Eron prezidenti etib saylandi. Ba’zi eronliklar Pezeshkiyon iqtidorga kelganidan keyin mamlakatdagi qattiqqo‘l rejim yumshashiga umid qilgandi. Biroq, amaldagi prezident hali cheklovlarni yumshatish bo‘yicha va’dalarini bajara olgani yo‘q.
Pezeshkiyon oldida yechimini kutayotgan muammolar talaygina: Bular valyutaning qadrsizlanishi, ekologik inqiroz, aholining qarishi, malakali kadrlarning xorijga oqimi singari muammolardir.
Budjet taqchilligini bartaraf etish uchun yonilg‘i narxining oshirilgani 2019-yildagi kabi norozilik namoyishlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Eron xalqaro miqyosda ham murakkab sinovlarga duch kelishi mumkin. Tehronning ittifoqchilari hisoblangan Hizbulloh, Hamas jiddiy muvaffaqiyatsizliklarga uchrab, ancha zaiflashdi, Suriyaning sobiq hukumati esa biryo‘la qulatildi.
Isroilning Eronga hujumlaridan keyin, Eron rasmiylari yakuniy to‘xtatuvchi vosita sifatida yadro dasturiga qaytishni ochiq muhokama qila boshladi.
Tehronning MAGATE bilan munosabatlari ham havas qilarli emas Buning ustiga, 2024-yilda Yevropa davlatlari tomonidan ikki bor Tehronni qoralovchi bayonotlar yangradi.
Agar Eron G‘arbning xavotirlarini e’tiborsiz qoldirsa, BMTning Eronga sanksiyalari 2025-yil bahorida qayta tiklanishi mumkin.
2025-yilda Donald Tramp Oq uyga kelishi bilan Eronga nisbatan xalqaro bosim yanada kuchayishi ehtimoldan holi emas.
Trampning birinchi prezidentligi davrida AQSH Eron bilan yadro kelishuvidan chiqqan va Eronning yadroviy ambitsiyalari va mintaqaviy ta’sirini cheklash uchun Tehronga qattiq iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash tarafdori bo‘lgan.
Vengriya: Muxolifatning kuchayishi
Pablo Gorondi
Bir yil oldin Piter Magyar amaldagi bosh vazir Viktor Orbanning sodiq tarafdori bo‘lgan. Hozirga kelib u Vengriya muxolifatining mashhur yetakchisiga aylanib ulgurdi. Magyar boshchiligidagi Hurmat va Ozodlik (Tisza) partiyasi iyun oyida Vengriya siyosiy sahnasini larzaga keltirib, Yevropa parlamenti saylovlarida Vengriya uchun ajratilgan 21 o‘rinning uchdan bir qismini qo‘lga kiritdi. Uning partiyasi mahalliy so‘rovnomalarda ham yaxshi natija ko‘rsata oldi.
Tiszaning muvaffaqiyati hukmron Fides partiyasi uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘ldi. Orban rahbarligidagi Fides partiyasi demokratiya yo‘lidan qaytgani va avtoritar siyosati uchun keng tanqid qilindi.
Yilning ikkinchi yarmi Vengriyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligi bilan o‘tgani sababli Magyarning partiyasi asosiy diqqat markazida bo‘lgani yo‘q.
Orban prezidentligi bu yil o‘ziga xos va munozarali safarlar bilan o‘tdi. Iyul boshida u o‘zining ta’biricha, Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida Kiyev, Moskva hamda Pekinga, dekabrda esa Mar-a-Lagoga safar qildi. Yevropa rasmiylari uning Moskvaga tashrifini qeskin tanqid qildi.
Yumshoq qilib aytganda, Yevropa rasmiylari Orbanning ruxsat etilmagan va kelishilmagan tashriflaridan tabiiyki mamnun bo‘lgani yo‘q.
YI: Yevropa populizmi
Rikard Yozvyak
2024-yilda Yevropa davlatlari migratsiya masalasida qattiqqo‘l siyosat olib bordi. Yevroittifoq masalani uchinchi davlatlar orqali hal qilish yo‘llarini qidirmoqda. (Masalan, Italiya Albaniyada migratsiya markazlarini tashkil qildi.)
2024-yilda mahalliy va Yevroparlament saylovlarida o‘ta o‘ng va populistik partiyalar g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, markaz ham o‘z ishini davom ettirdi. Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning ikkinchi muddatga qayta saylangani ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
2025-yilda ham xuddi shunday bo‘ladi. Populist partiyalar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ichki siyosatini shakllantirishda davom etadi.
Chexiyada milliarder va sobiq bosh vazir Andrey Babis hukumatni egallash ehtimoli yuqori. Agar shunday bo‘lsa, Yevropada Andrey Babis, Viktor Orban va Robert Fitso skeptik uchligi paydo bo‘lishi mumkin.
Fransiyada prezident Emmanuel Makronning yozgi parlament saylovlaridagi muvaffaqiyatsizligidan keyin bu yil ham chap va o‘ngchilar Makronga muammo bo‘lishda davom etadi.
Keyingi parlament saylovlari 2025-yilning yozida bo‘lib o‘tadi va unda ham Makron partiyasining imkoniyatlari yuqori emas.
Germaniyada ham 2025-yil fevralida parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. So‘rovnomalarda o‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” partiyasi yetakchi. Partiya kamida 20 foiz ovoz olishi kutilmoqda. Shuningdek, yaqinlashayotgan parlament saylovi arafasida chap sotsial-demokratlar va o‘ng markazchi Xristian-demokratlar koalitsiyasini ham ko‘rishimiz mumkin. Agarda koalitsiya saylovda g‘alaba qozonsa, Xristian-demokratlar yetakchisi Fridrix Merz katta ehtimol bilan Germaniya kansleri bo‘ladi.
Donald Tramp kelgusi yil davomida Yevropa siyosatini xuddi yevropalik yetakchi singari shakllantirishga harakat qiladi. AQSHning saylangan prezidenti iyun oyida Niderlandiyada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida yevropalik ittifoqchilarini mudofaa harajatlarini oshirishga undashi mumkin.
Agar Bryussel Trampning asosiy ittifoqchisi Ilon Maskning X ijtimoiy tarmog‘ini media qoidalariga rioya qilmagani uchun milliard yevro jarimaga tortsa, AQSH-Yevropa o‘rtasida transatlantik savdo ziddiyati yuzaga kelishi mumkin.
Belarus: Lukashenko yolg‘iz qolib ketishdan qo‘rqadi
Valeriy Karbalevich
2024-yil ham Belarusda Aleksandr Lukashenkoning avtoritar rejimi kuchaygani bilan yodda qoldi. Mamlakat totalitarizm sari dadil odimlamoqda. O‘tgan yil davomida siyosiy repressiya yanada kuchaydi, zohiran demokratik saylovlarga o‘xshash ikkita saylov kampaniyasi bilan qo‘g‘irchoq parlament va mahalliy kengashlar yana bir muddatga qonuniylashtirildi. Yil oxiriga kelib, prezidentlik saylovi kampaniyasi start berildi.
Belarus va Rossiya o‘rtasidagi ittifoq, ayniqsa harbiy sohada mustahkamlandi va yanada chuqurlashdi, deyish mumkin. Lukashenko ilg‘or rus qurollarini joylashtirish orqali Belarusning strategik mavqeini mustahkamlashga harakat qilmoqda.
Belarus 2025-yilning ikkinchi yarmida Rossiyaning yangi “Oreshnik” raketa tizimini joylashtirilishini e’lon qildi.
Ukraina bo‘yicha ehtimoliy tinchlik muzokaralari natijasida shakllanadigan yangi geosiyosiy voqelikka moslashish 2025-yilda Lukashenko rejimi oldidagi asosiy muammo bo‘ladi.
Minsk Sharqiy va Markaziy Yevropaning yangi xavfsizlik arxitekturasida o‘z manfaatlari hisobga olinmay qolishidan xavotirda
Shu sababli ham Lukashenko prezidentlik saylovlarini olti oy oldin o‘tkazishga qaror qildi. Uning maqsadi tinchlik muzokaralarida ishtirok etish uchun o‘z legitimligini vaqtliroq qonuniylashtirib qo‘yishdir.
Agar Ukraina mojarosi muzlatilsa, Belarus ham yillar davomida izolyatsiyada qolib ketishi mumkin.
Kelgusi yilda ham Belarus hayotining barcha jabhalari - iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo‘lgan sohalarda degradatsiyani ko‘rsak, Lukashenko rejimi esa aksincha mustahkamlanishda davom etishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Serbiya: Vuchich dunyosi
Milosh Teodorovich
2011-yilda Yevropa Ittifoqi vositachiligidagi muzokaralardan beri Kosovo va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar eng sovuq darajaga tushdi. 2022-yilda Serb vakillarining Kosovo davlat muassasalaridan chiqib ketishi, Kosovo shimolidagi shiddatli to‘qnashuvlar hamda 2023-yil sentyabrda kosovolik politsiyachining o‘ldirilishi ortidan ikki tomonlama aloqalarni normallashtirishga qaratilgan harakatlar to‘xtab qoldi.
Shunga qaramay, Serbiya tashqi siyosatda o‘zining muvozanatli strategiyasini saqlab qoldi. Mamlakat Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagan holda Rossiyaga nisbatan sanksiyalarga qo‘shilishdan bosh tortdi. Belgrad Pekin bilan ham hamkorlikni chuqurlashtirmoqda.
Mintaqaviy siyosatda Vuchich asosiy yetakchi bo‘lib qolmoqda, ayniqsa u Bosniya va Gersegovinada katta ta’sirga egaligini ta’kidlash joiz.
U Bosniyaning ikkinchi federal qismi hisoblangan Serb Respublikasining rossiyaparast yetakchisi Milorad Dodik ustidan o‘z ta’sirini o‘tkaza oldi.
Vuchich Dodikni tinchlantirish uchun o‘zini muntazam ravishda Yevropa Ittifoqi va AQSH oldida Bolqon ekstremistlarining beqarorlashtiruvchi tendensiyalarini yumshatishga qodir mo‘tadil kuch sifatida ko‘rsatadi.
Biroq, tahlilchilarda uning noaniq pozitsiyasi barqarorlikka olib keladimi yoki beqarorlikka degan savolni paydo qiladi.
Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha Serbiya Chernogoriyadan ortda qolmoqda. Ayniqsa Podgoritsa so‘nggi bir yil ichida erishgan muvaffaqiyat Chernogoriyaning yevrointegratsiya ambitsiyalarini tezlashtirdi.
Ba’zi yevropalik diplomatlar Chernogoriya yaqin o‘n yillik ichida ittifoqqa qo‘shilishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Boshqa joyda bo‘lgani kabi Bolqonda ham Oq uydagi o‘zgarishlarga katta e’tibor qaratilgan. Trampdan ayniqsa Vuchichning umidlari yuqori. U va uning ittifoqchilari Donald Trampning AQSH prezidentligiga qaytishi AQSH siyosatida “serblarga nisbatan do‘stona” yondashuv olib kelishidan umidvor.
Kavkaz: Gruziyada g‘alayonlar, Qorabog‘ tinchlik bitimi ortga surilmoqda
Joshua Kuchera
Bir yil muqaddam Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik kelishuvi muqarrar holatda edi. O‘shanda Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazoratni tiklagan, ikkala tomon ham asosiy masalalar bo‘yicha kelishib olgani, bitim imzolashga deyarli tayyor ekanliklarini aytishdi.
Biroq negadir kelishuv hamon imzolanmay qolmoqda. Armaniston va Ozarbayjon hali ham tinchlik bitimining nozik tomonlarini muhokama qilmoqda. Ba’zan Ozarbayjon umuman kelishuvga erishmoqchi emasdek tuyuladi.
Ayni paytda Kavkaz mintaqasida e’tibor Gruziyaga qaratilgan. Gruziyada parlament saylovlari har doim muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, ammo bu galgi saylovda yuzaga kelgan inqiroz kutilganidan ham jiddiyroq bo‘lib chiqdi.
Muxolifat va namoyishchilar saylov natijalarini noqonuniy deb tan olishdan bosh tortdi. Hukumatning norozilik namoyishlariga qarshi kuch ishlatgani allaqachon Gruziya tarixidagi eng qattiq zo‘ravonlik sifatida qoralanmoqda.
Vakolat muddati 29-dekabrda nihoyasiga yetishi kerak bo‘lgan amaldagi prezident Salome Zurabishvili iste’foga chiqishdan bosh tortmoqda.
Gruziyaning asosiy hamkorlari Qo‘shma Shtatlar va Yevropa davlatlari bilan munosabatlari yomonlashmoqda.
Hukumat ham, muxolifat ham, namoyishchilar ham murosaga tayyor emas. Hozir Gruziya borasida har qanday bashorat o‘rinsiz bo‘ladi. Lekin bir yildan keyin Gruziya siyosati hozirgidan ancha boshqacha bo‘lishi aniq.
Afg‘oniston: Ayollar huquqlari uchun kurash
Malali Bashir
2024-yil Afg‘onistonda ayollar huquqlari uchun yana bir murakkab yil bo‘ldi. Dekabr oyida Tolibon ayollarga akusherlik, hamshiralik va laboratoriya singari sohalarda o‘qishni taqiqladi. Oxirgi cheklovlar afg‘on qizlarini o‘rta maktablar va universitetlarda ta’lim olishiga qo‘yilgan ta’qiqlarning davomi bo‘ldi.
"Bu shunchaki o‘qish va jamiyatga hissa qo‘shish istagidagi qizlarning orzularini o‘ldirish emas balki, tibbiy yordamdan foydalana olmaydigan ayollarning o‘limiga olib kelishini ham anglatadi”, deydi Nyu-Yorkda joylashgan HRW tashkilotining ayollar huquqlari bo‘limi direktori o‘rinbosari Xizer Barr.
O‘tgan bir yil ichida Tolibon cheklovlariga qarshi dunyo bo‘ylab norozilik kuchaydi.
Afg‘onistonning Norvegiyadagi sobiq elchisi Shukriya Barakzay 2024-yilda erishilgan yutuqlarni ta’kidlar ekan, shuningdek, Tolibonni javobgarlikka tortish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga ham ishora qildi.
2024-yil noyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi qo‘mitasi insoniyatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha birinchi rezolyutsiyani ma’qulladi.
Bu esa, o‘z navbatida huquq faollari uzoq vaqtdan beri ilgari surib kelgan xalqaro huquq doirasida gender aparteid muammosini hal qilish borasida katta qadam bo‘lishi mumkin.
Barakzay 2025-yilda Afg‘oniston borasida optimistik fikrda ekanini bildirdi.
“2025-yil afg‘onlar, xususan, afg‘on ayollari uchun adolat yili bo‘lishi mumkin. Chunki xalqaro hamjamiyat Afg‘oniston ichida sodir bo‘layotgan voqealarga qarshi tura boshlaydi”, - deydi u.
Biroq, Barr o‘zgarishlar doimiy xalqaro bosim va targ‘ibotni talab qilishini ta’kidladi.
Yakuniy mulohazalar: Global urush
Sergey Medvedev
Ukrainadagi urush haqiqatan ham global miqyosga yetdi. Urush asosan Ukraina yerlarida ketayotgan bo‘lsa-da, uning ta’siri Afrika, Janubiy Amerika va Sharqiy Osiyodagi o‘nlab mamlakatlarni qamrab olgan. Sovuq urush davridan beri mudofaa xarajatlari global miqyosda oshgani kuzatilmoqda.
Ukrainadagi urush NATO va Yevropa Ittifoqidan tortib, BMT va Xalqaro jinoiy sudgacha bo‘lgan xalqaro institutlarga bo‘lgan ishonchga ham putur yetkazdi.
Dunyo shartli ravishda ikki qutbga bo‘lindi, deyish mumkin. Bir tomonda Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan AQSH va NATO boshchiligidagi G‘arb ittifoqi bomlsa, ikkinchi tomonda amaldagi dunyo tartibiga qarshi chiqayotgan davlatlar bloki. Xitoy va Rossiya bu norasmiy guruhga yetakchilik qilmoqda. Eron va Shimoliy Koreya esa ularni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu davlatlar G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishning yangi mexanizmlari, kriptovalyutalarga asoslangan yangi moliyaviy tizimlar hamda BRICS va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi tuzilmalarni xalqaro globallashuvga muqobil sifatida taklif qilmoqda
Janglar Ukrainada, ammo urush hamma joyda ketmoqda. Rossiya butun dunyo bo‘ylab saylovlarga aralashmoqda (yehtimol, eng so‘nggi misol Ruminiya bo‘lishi mumkin) va ko‘plab G‘arb mamlakatlarida qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirayotgani taxmin qilinmoqda.
Ayni paytda, Yaqin Sharq yana urush o‘chog‘iga aylandi; Venesuyela qo‘shnisi Gayanaga qarshi hududiy da’volar qilmoqda; Xitoy esa Ukraina mojarosini diqqat bilan kuzatmoqda, chunki Xitoy qachon bo‘lsa ham Tayvanni egallashni maqsad qilgan.
2025-yilda ham global urush kuchayib boradi. Ukrainadagi vaziyatdan qat’iy nazar, xalqaro mojarolar yanada kengayishi mumkin. Kutilayotgan otashkesim Rossiyaning ekspansion shijoati, Kremlning Ukraina davlatchiligini yo‘q qilish hamda NATO va AQSHga qarshi kurashish istagi u yoqda tursin global beqarorlikni ham to‘xtata olmaydi.
Ukrainadagi urush boshqa mojarolar boshlanishiga ham turtki berdi. Antigloballashuv elitasi bo‘lmish islomchilardan tortib revanshistlargacha qon hidini seza boshladi. Dunyoning boshqa kutilmagan joylarida yangi mojarolarga guvoh bo‘lsak ajab emas.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Putin Ukraina mojarosini global tus oldirish va dunyo tartibiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining uzoq muddatli rejasini amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi Jahon urushi davriga qiyoslaydigan bo‘lsak, hozir 1938-yildagi kabi, global raqib mavjud bo‘lgan, G‘arb esa ikkilanayotgan, shu bilan birga, yangi Myunxen kelishuvi yaqinlashayotganga o‘xshash bir vaziyatda turibmiz. Bizda navbatdagi 1945-yilni ko‘rish qoldi, xolos.