Dindorlarni Suriyaga jihodga borishga chaqirgani iddao qilinib qo‘lga olingan qorasuvlik imom Rashod qori Kamolovni tergov yakunlanguniga qadar ikki oy davomida hibsda saqlash bo‘yicha O‘sh shahar sudi qarorini viloyat sudi 24 fevral kuni o‘z kuchida qoldirdi. Ayblanuvchining advokatlari qoriga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish yuzasidan Oliy sudga murojaat qilmoqchi.
Advokat: Sudlar qonunbuzarliklar bilan o‘tdi
Rashod qori Kamolovning advokatlari o‘z himoyasidagi odamga nisbatan hibsda saqlash ehtiyot chorasi qo‘llanilayotganini adolatsizlik sifatida baholamoqda.
Advokat Husanboy Soliyevga ko‘ra, 11 fevral kuni Kamolovga nisbatan ehtiyot chorasini belgilash yuzasidan O‘sh shahar sudi majlisi sud binosida emas, balki Ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib o‘tgani, 24 fevral kuni esa shahar sudi qarorini viloyat sudi o‘z kuchida qoldirgani “mazkur ish noxolis o‘rganilayapti”, degan xulosaga kelishga asos bo‘la oladi.
Advokatning aytishicha, aybsizlik prezumptsiyasidan kelib chiqilsa, sud qarori o‘z kuchiga kirmaguniga qadar hech kim Kamolovni aybdor deb atashga haqli emas. Biroq hozirda militsiya tomonidan Kamolovning to‘la aybdorligi bo‘yicha ma‘lumotlar tarqatilayapti, matbuot anjumanlari o‘tkazilayapti. Advokatga ko‘ra, bu harakatlar noto‘g‘ri va qonunga ziddir.
- Sud hukmida buni qamoqda qoldirish sababi yozilayapti. Bu shu jinoyatlarni qildi, deb ko‘rsatilayapti. Hali uning jinoyat qilgani sudda isbotlanmagan. Demak, Kamolovni hibsda qoldirishga asos yo‘q. Gumonlanuvchining jinoiy ish tergovi yakunlanguniga qadar qochib ketishi yoki tergovchilarga to‘sqinlik qilishi xavfi borligi militsiya xodimlari tomonidan isbotlangan taqdirdagina, unga nisbatan hibsda saqlash chorasi qo‘llaniladi. Sudlarda yuzlab odamlar: “Biz garov bo‘lamiz, biz kafilmiz, bu odam qochib ketmaydi”, deb tilxat yozib berishdi. Lekin yuzlab odamlarning kafolati ham Kamolovga nisbatan ehtiyot chorasi belgilanayotganida inobatga olinmadi,- deydi Husanboy Soliyev.
Advokatga ko‘ra, Kamolovga ayblov bildirish jarayonida ham bir qator qonunbuzarliklar kuzatilgan. Masalan, uni tergov davomida hibsda saqlash bo‘yicha mahkama o‘tkazishdan avval, sud unga qo‘yilgan ayblovning qonuniy ekanini tekshirish kerak edi.
Ikkinchidan,“Diniy ekstremizmga qarshi kurash” to‘g‘risidagi qonunning 13 - moddasiga muvofiq, ekstremistik material ekani iddao qilinayotgan ashyoviy dalillar prokuratura murojaati bilan sud tomonidan”haqiqatan ham ekstremistik”, deb topilishi kerak. Ammo Kamolovga nisbatan sud jarayonlarida bu modda qo‘llanilmagan, advokatlarning bu masaladagi e‘tirozlari esa inobatga olinmagan.
- Sudlar asosan Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi bergan xulosaga tayanmoqda. Lekin bizda Adliya vazirligi qoshidagi Sud ekspertizasi departamentining ekspertiza hulosalarini chiqaruvchi markazidan olingan rasmiy xat bor. Bu xatda “Din komissiyasi sud ekspertizasi tashkiloti emas”, deyiladi. Nima uchun biz ularni ekspert tashkilot emas deyabmiz, chunki ularning bergan xulosalari xech bir qonun talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, ular ilmiy jihatdan asoslab berishi kerak edi,- deydi Husanboy Soliyev.
Militsiyaning ham, qori tarafdorlarining ham o‘z iddaolari bor
Asli Qirg‘izistonning Qorasuv shahridan bo‘lgan va Farg‘ona vodiysida tanilgan 37 yoshli o‘zbek imomi Rashod Kamolov Qirg‘iziston jinoiy kodeksining 299-moddasining bir necha bandlari bilan ekstremistlikda ayblanmoqda.
U shu yilning 9 fevral kuni o‘z uyidan bir necha niqobli militsiya xodimlari va Qorasuv rasmiylari ishtirokida Qorasuv militsiyasiga olib ketilgan, so‘ngra O‘sh shahar militsiyasiga olib kelingan va hibs qilingandi.
Bundan avval Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining mulozimi Rahim Salimov shu kunga qadar militsiyaga Rashod qori Kamolov faoliyatiga oid ko‘plab shikoyatlar kelib tushganini aytgandi.
Unga ko‘ra, Kamolov xalifalik tuzishga va Konstitutsion tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga da‘vat qilganiga isbot bor. Bu borada jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, fuqarolardan Rashod qori ularning bolalarini Suriyaga jihodga jo‘natganiga oid 10 ta shikoyat tushgan.
Qorasuvlik manbalarning aytishicha, 6 fevral kuni masjidga shahar rasmiylari novqatlik bir yoshgina imomni Rashod qorining o‘rniga imom-xatib qilib tayinlash niyatini bildirishgan:
"Qirg‘iz millatiga mansub novqotlik yoshgina bir imomni Rashod qorining o‘rniga imom-xatib qilib tayinlamoqchimiz, degan gapni aytishganida masjid qavmi mutlaqo rad etishgan. Rasmiylar norozilik ko‘tarilib ketmasin, deb tezda qaytib ketishgan. Oradan 3 kun o‘tib, Rashod qorini hibsga olishdi", deb da‘vo qilgan ismi sir qolishini so‘ragan qorasuvlik namozxonlardan biri.
Rashod qori hibs qilinganidan so‘ng bir necha kun o‘tgach, uning o‘rniga Suyun aji Kalikov imom qilib tayinlangan edi. Suyun aji imom qilib tayinlanadigan kuni Qorasuvdagi Saraxsiy masjidiga eltadigan yo‘llarga blok postlar qo‘yilgan va masjid oldida o‘nlab militsiya xodimlari qo‘riqchilik qilgan.
Rashod Kamolov yaqinlari unga nisbatan ayblovlarni tuxmat deb baholamoqda
- Yaqinlari buni tuxmat deb hisoblaydi. Bu tuxmat. Lekin baribir davlatimiz odilona siyosat qiladi, deb umid qilmoqda, odilona xukmni kutib turishibdi. Ayniqsa bugungi kunda xech bo‘lmaganda uy qamog‘iga chiqarib berishsa kerak, deb umid qilayotgandi, bunday bo‘lmadi. Endi yuqoridan prezidentimizdan, parlamentdan, Oliy sudimizdan shuni umid qilib qolamiz, - deydi Rashod Kamolovning amakisi Abdurahmon Kamolov.
Rashod qori 2011 yil boshida hibsga olinib¸ 3 fevral kuni Bishkekdagi hibsxonadan ozod etilgan edi. Bishkek shahri Sverdlov tumani tergov izolyatorida 16 kun hibsda saqlangan Rashod qori Kamolov o‘shanda O‘zbekistonning ikki fuqarosi arizasi bilan hibsga olingan edi.