O‘zbek qo‘shiqchilarining Turkiyaga borishi ustidan nazorat kuchaytirildi

Abdulaziz Karimning turk pasporti o‘zbek qo‘shiqchilarining yo‘lini to‘sdi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Turkiyaga gastrol safariga ketayotgan xonandalarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirdi. Endilikda xonandalar "O‘zbeknavo" bilan shartnoma imzolashdan tashqari MXXning maxsus suhbatidan o‘tkaziladi. Turkiyaga dam olish yoki sayohat maqsadida bormoqchi bo‘lgan xonandalar ham tegishli idoralardan ruxsat olishi lozim. Ushbu tartibning joriy qilinishi o‘zbekistonlik xonanda Abdulaziz Karimga Turkiya fuqaroligi berilganidan paydo bo‘lgan xavotirlar o‘laroq izohlanmoqda.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasidagi manba ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistondan chiqib ketgan xonanda Abdulaziz Karimga 10 oy ichida Turkiya vatandoshligi (Turkiyada "fuqaro" so‘zi o‘rniga "vatandosh" so‘zini qo‘llashadi) berilgani ma’lum bo‘lgach, xonandalar orasida bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun qator tadbirlar amalga oshirilayapti:

“Abdulaziz Karimning lizentsiyasi 2014 yilda qaytarib olingan. U chiqib ketgan paytda “O‘zbeknavo”ga umuman aloqasi bo‘lmagan. Lekin xonandalarimiz buni takrorlamasliklari uchun jiddiy choralar ko‘rayapmiz. Har bir o‘tkazilgan yig‘ilishlarda bunga e’tibor qaratilayapti”, dedi “O‘zbeknavo”dagi ismini oshkor qilmayotganimiz manba.

O‘zbek xonandalaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, ko‘rilayotgan choralardan asosiysi xonandalarning Turkiyaga chiqishini cheklashdan iborat:

“Kecha Madaniyat va sport vazirligida Abdulaziz Karimga Turkiya fuqaroligi berilgani bo‘yicha majlis bo‘libdi. Majlisda qatnashganlar bundan keyin xonanda va sozandalarning Turkiyaga chiqishi shaxsan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev nazoratida bo‘lar ekan, deb aytishayapti. Yana Turkiyada yurgan o‘zbekistonlik san’atkorlarni qaytarib olish kampaniyasi ham boshlanar ekan”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz xonanda.

2012 yil bahoridan boshlab chet elga gastrolga boradigan ashulachiga “O‘zbeknavo” bilan maxsus shartnoma imzolash majburiyati yuklangan. Endilikda Turkiyaga gastrolga bormoqchi bo‘lgan xonandalar ushbu shartnomani imzolashdan tashqari MXXga xorijdagi kontserti bo‘yicha batafsil ma’lumot berishi lozimligi aytilayapti.

Keyingi paytlarda Turkiyada konsert berish o‘zbek xonandalari orasida urfga aylanayotgan edi. Jumladan, Nilufar Usmonova, Jahongir Otajonov, Rayhon kabi xonandalar Turkiyada konsert dasturi bergani xabar qilingan.

O‘zbekistonlik xonandalar Turkiyadagi o‘zbek diasporasining to‘y va tomoshalarida ham tez-tez ishtirok etayotgan edi.

Shuningdek, keyingi paytlarda Turkiya O‘zbekistonda taqiqqa uchragan san’atkorlarning "bosh uradigan" joyiga aylangan.

O‘zbekistonda konsert faoliyati norasmiy taqiqlangan Yulduz Usmonova ham bir necha yil davomida Turkiyada yashab ijod qildi.

O‘zbekistonda taqiqlangan o‘ndan ortiq xonanda va san’atkorlardan biri sifatida tilga olinadigan Ozoda Saidzoda (Nursaidova) ham Turkiyada katta kontsert bergani ma’lum.

Endilikda esa Turkiyaga gostrol uchun emas, balki sayohat qilmoqchi yoki biror turk sanatoriysida dam olmoqchi bo‘lgan xonanda ham “O‘zbeknavo”ga bildirishi va tegishli idoralardan ruxsat olishi lozim.

Maxsus iznsiz Turkiyaga chiqqan xonanda taqiqdagi san’atkorlar safiga qo‘shilishi mumkin.

Shu paytgacha ruxsatsiz xorijga chiqqan xonandalardan biri Botir Qodirov Birlashgan Arab Amirliklariga beruxsat borgani uchun litsenziyadan mahrum qilgan edi.

"Nihol" mukofoti sovrindori Feruza Jumaniyozova ham yaqin xorijga chiqqani uchun litsenziyadan mahrum qilingan edi.

O‘zbekistonda shou dunësini nazorat qilish avvaliga madaniyat vazirligiga oid filarmoniyalar tarafidan amalga oshirilgan.

1990 yilda Turkiyaga ketib qolgan o‘zbek qo‘shiqchisi Shohsanam Qilichevaga qarshi jinoiy ish ochish tashabbuschisi Xorazm viloyat filarmoniyasi bo‘lgan edi.

Ayni paytda qo‘shiqchilar "jilovini" tutib turish “O‘zbeknavo” zimmasiga yuklatilgan.