"Janob Prezident, Marg‘ilondagi "Xonaqoh madrasa"ni saqlab qolishga yordam bering!"

OzodMaktub rukni e’tiboringizga Marg‘ilon shahar, Yovqochar MFY, Vodil ko‘chasi 33-uyda yashovchi Bannobjon Mo‘minovdan kelgan xatni havola qilmoqda. Xatda keltirilgan ma’lumotlar va iddaolar rukn formatidan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rganilgani yo‘q. Ozodlik xatda nomlari keltirilgan barcha tomonlar bildirishi mumkin bo‘lgan munosabatlarni yoritishga tayyor.

***

"Shaharning Burhoniddin Marg‘iloniy ko‘chasi 172-uyda joylashgan tarixiy yodgorlik - "Xonaqoh madrasa" (Xalq banki) binosi bugungi kunda tarixiy qiyofasini yo‘qotish arafasida turibdi.

Byurokratik idoralarda sarson-sargardon bo‘lib, rosa ovoragarchiliklardan keyin ikki yil badalida Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi tarixiy-badiiy ekspertizasining 2009 yil, 15 dekabrdagi ilmiy xulosasi va 2010 yil 7-yanvardagi 5P-sonli buyrug‘iga asosan "Xonaqoh madrasa" (Xalq banki) binosi madaniy meros obyekti tariqasida davlat muhofzasiga olingan edi.

Bu madrasadan yuzlab ulamolar, qozilar,aziz avliyolar, qorilar, shayxlar yetishib chiqqan va o‘ziga xos tarixga ega.

Shu davr ichida bu yodgorlik binosidan foydalanuvchi bo‘lgan na Xalq banki Marg‘ilon filiali, na hokimlik, na Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi tomonidan ushbu madaniy meros ob’ekti na restavratsiya qilindi va na joriy ta’mirlandi.

Bunisi ham yetmaganday ota-bobolarimizdan qolgan mazkur Madrasa yodgorligidan uzoq yillardan buyon tekinga foydalanayotgan Xalq banki Marg‘ilon shahar filialiga egalik huquqini tiklash haqida Marg‘ilon shahar hokimi 2015 yil 23 yanvardagi 34-sonli qarorini chiqarib bergan ekan.

Aynan shu qaror qabul qilindiyu barcha mash-mashalar boshlandi. Xalq banki Marg‘ilon shahar filiali shundan so‘ngra ushbu yodgorlikning oldiga yangi bino qurish uchun yana Marg‘ilon shahar hokimining qarorini chiqartirishga erishibdi.

Achinarlisi shundaki, tamal toshi dastlab o‘n beshinchi asrda qo‘yilgan, so‘ngra yigirmanchi asrning boshida qayta tiklangan bir qavatli madrasaning tarixiy derazalari va eshiklarini to‘sgan holatda, eng xayratlanarlisi esa, oraliq muhofaza xududini bir metr ham qoldirmasdan ikki qavatli Xalq bankining binosi qurilmoqda.

Eng yomoni ajdodlarimizdan qolgan obida va yodgorliklarni muhofaza qilish asosiy vazifasi bo‘lgan Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Farg‘ona va Namangan viloyatlari bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i To‘lqin Sobirov bu tarixiy madrasani saqlab qolish o‘rniga aynan mana shu Xalq bankining ikki qavatli yangi noqonuniy qurilayotgan binosining loyihasini "tasdiqlab" bergan ekan.

Men bir oddiy fuqaro sifatida 2017 yil apreldan buyon bu muammoni xal etish, obidani saqlab qolish, noqonuniy qurilishni to‘xtatish uchun shahar va viloyat hokimiyatlariga, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga, Viloyat va Bosh prokurorga, Respublika milliy xavfsizlik xizmatiga, Prezident Xalq qabulxonasiga, Madaniyat vazirligiga, Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasiga va Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Farg‘ona va Namangan viloyatlari bo‘yicha davlat inspeksiyasiga, Milliy tiklanish demokratik partiyasining viloyat kengashiga, Oliy Majlisdagi bu partiyaning fraksiyasiga bir necha bor murojaat qildim.

Ammo ming bor afsuski murojaatlarim natijasiz qolmoqda. Inspeksiya boshlig‘i To‘lqin Sobirov va uning uddaburon xodimlari esa, har safar mening qo‘ynimni puch yong‘oqqa to‘lidirish bilan ovora. Negaki bo‘lar ish bo‘lib bo‘lgan va bu noqonuniy qurilishning ikkinchi qavati ham tiklanmoqda va keyin esa o‘sha To‘lqin Sobirov noqonuniy tasdiqlagan loyihaga asosan madrasa yodgorlik binosining ichini ham alohida devorlar bilan ajratib bir necha yordamchi xonalar qurishar ekan...

To‘lqin Sobirov o‘zi bunday madaniy meros obyektlarini muhofaza qiladimi yoki buzadimi?! Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi va uning Inspeksiyasi o‘zi nima bilan shug‘ullanadiyu va qanday vakolati bor?!

Nima emish, bu qurilish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 avgustdagi 683-sonli qarori bilan qurilayotgan emish.

Axir bu Hukumat qarorida rekonstruksiya deyilgan, yangi kapital qurilish deyilmagan va eng asosiysi bu qarorda Xalq banki binosi moddiy madaniy meros obyekti deyilmagan. Agarda Hukumatdagilar bu obyektning tarixiy yodgorlik ekanligini bilishganida, menimcha, boshqacha qaror qabul qilinar edi.

Bugungi kunda mamalakatimizda turizm sohasi iqtisodiyotimizning strategik ustuvor yo‘nalishi sifatida jadallik bilan rivojlanayotgan bir paytda Marg‘ilon shahrimizdagi sanoqli obidalardan bo‘lgan Xonaqoh madrasasining tarixiy qiyofasini saqlab qolgan holda xorijiy sayyohlarga ko‘rsatmasak unda nimamizni ko‘rastamiz?!

Viloyat hokimimiz Shuhrat G‘anievning asl voqealardan, menimcha, xabari yo‘q. Agarda to‘liq xabari bo‘lganida men ishonamanki shijoatli, ishchan va haqiqiy ijrochi hokimimiz bu holatga chek qo‘yar edi.

Ammo Viloyat hokimimizni ham bu masaladagi mansabdorlar har xil vajlar bilan chalg‘itishmoqdalar shekilli...

Aslida Marg‘ilonda tarixan 57 ta madrasa bo‘lgan shundan ikkitasi, ya’ni Sayyid Ahmadxo‘ja Eshon va Xonaqoh madrasalari bugungi kungacha etib kelgan xolos. Shahardagi deyarli barcha moddiy meros obyektlari sinchdan va guvaladan qurilgan bo‘lib, shu ikkita madrasa pishgan g‘ishtdan qurilgan xolos va bugungi kungacha saqlanib qolgan.

Milliy tiklanish demokratik partiyasining Viloyat kengashi va Markaziy kengashi hamda deputatlari ishtirokida bu muammo atroflicha chuqur o‘rnanildi va noqonuniyligi o‘z isbotini topdi. Milliy tiklanish demokratik partiyasining Oliy Majlisdagi fraksiyasi Madaniyat vazirligiga va Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasiga mazkur muammo bo‘yicha so‘rovi ham e’tiborsiz qoldirilmoqda. Barcha organ va tashkilotlar muammoni o‘rganish bilan ovorayu ammo ijobiy natija esa, hamon yo‘q!

Menimcha, Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi va uning Inspeksiyasini isloh qilish vaqti keldi!

Bugungi kunda Sizning tomoningizdan milliy qadriyatlarimiz, osoru-atiqalaru merosimiz, dinu diyonatimiz va xullas o‘zligimizni saqlab qolish uchun bir necha farmonlar, farmoyishlar qarorlarni qabul qilib, topshiriqlar berib fidoyilik bilan urinayotgan bir paytingizda yuqorida zikr etilgan tashkilot va ularning rahbarlari bu muammolarga panja orasidan qaramoqdalar.

Endi menda bir oddiy fuqaro sifatida bunday noqonuniy xolatlar bo‘yicha haqli ravishda quyidagi savollar tug‘ilmoqda:

1. Tarixiy bino qurilishiga o‘z hisobidan mablag‘ sarflamagan, uzoq yillardan buyon bu yodgorlikdan bepul foydalanayotgan Xalq banki Marg‘ilon filialiga Marg‘ilon shahar hokimining egalik huquqini tiklash haqidagi qarori qonuniymi?

2. Tarixiy obida bo‘lgan Xonaqoh madrasasining uzoq yillardan buyon tekinga foydalanuvchisi bo‘lgan “Xalq banki” nomi bilan moddiy madaniy merosi sifatida nomlanishi to‘g‘rimi, asli nomlanishi bilan atalsa bo‘lmaydimi va bunga nima to‘sqinlik qiladi?

3. Vazirlar Mahkamasining qarorida Xalq banki Marg‘ilon filiali binosini rekonstruksiya qilish deb qayd etilganku, yangi kapital qurish deyilmagan va nega bu qarorga taklif berishda mutasaddi rahbarlar bu tarixiy binoni moddiy madaniy meros ekanligini, davlat tomonidan muhofaza etilishini, tarixiy-me’moriy qiyofasini buzilishini va to‘silishini e’tiborga olmasdan yangi ikki qavatli bino qurishmoqda?

4. Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bilan shug‘ullanadigan Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan ilmish ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi Farg‘ona va Namangan viloyatlari bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i To‘lqin Sobirov nega noqonuniy qurilishning loyihasini tasdiqlab berdiyu keyin nima uchun bu qurilishni to‘xtatish uchun natijasiz xatlar yozadi, qani mantiq?

5. Aslida Inspeksiya boshlig‘i To‘lqin Sobirov o‘zi bu yodgorlik bo‘yicha loyihani tasdiqlashga va yangi kapital qurilishga ruxsat berishga vakolati bormi va bu masalada mutaxassis sifatida layoqatlimi?

6. Yodgorliklarni moddiy madaniy meros ob’ekti sifatida davlat ro‘yxati va muhofzasiga olishdan maqsad nima o‘zi, ularni saqlashmi yoki buzib yo‘q qilishmi?

7. Eng asosiysi amaldagi qonunchiligmizda davlat muhofazasida bo‘lgan ushbu moddiy madaniy meros,tarixiy yodgorlikning tarixiy kirish eshigi va derazalarini to‘sib, bir metr ham oraliq muhofaza maydonini tashlamay oldiga ikki qavatli yangi kapital qurilish qilish mumkinmi?

Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sobiq tuzumda abgor bo‘lgan ushbu madrasani hozirgi mustaqillik davrimizda ham o‘sha tuzumdagi korchalonlarni ish yuritishiga o‘xshab ketmoqdalar.

Men rosa ovorayu sarson bo‘lib, hech bir natijaga erisha olmay shu orqali Sizga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Men ishonamanki, yuzlab ulamoyu aziz avliyolar yetishib chiqqan ushbu Xonaqoh madrasasida olib borilayotgan noqonuniy qurilishlarni to‘xtatib,bu qurilishni buzdirib, milliy me’moriy obidani saqlab qolasiz va bu bilan buyuk ajdodlarimiz ruhi poklari oldida ulug‘ va savobli amalni bajargan bo‘lasiz, ham ularni shod etasiz va imonim komilki, bu obidaning qadriga yetib yana tashlandiq, yaroqsiz holatda yo‘q bo‘lib ketishini oldini olasiz. Sizdan iltimos qilgan xolda bu muammo bilan bog‘liq qoidabuzarlarga chora ko‘rishingizni so‘rayman.

Sizga ikki dunyo saodatini tilab,

Marg‘ilon shahar, Yovqochar MFY,

Vodil ko‘chasi 33-uyda yashovchi Bannobjon Mo‘minov".

******************************************************************************

Rezyume

"Sizdan Telegram" loyihasida Sizdan kelayotgan xabarlar, foto va videolar o‘rin oladi. Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz: +420 724 971 539; +420 724 740 755. Elektron pochtamiz: ozodlikmail@gmail.com 60 yildan ziyod vaqt mobaynida xolis jurnalistika andazalari asosida faoliyat yuritayotgan Ozodlik radiosi, agar istasangiz, shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi. ******************************************************************************

Iltimos, "Sizdan Telegram" loyihasiga yuborayotgan xabaringizga, imkoni bo‘lsa, foto, video yoki boshqa hujjatlarni ilova qiling!​