Qoraqalpog‘istonda to‘rt yashar qiz bolalar poezdi tagida qolib halok bo‘ldi

2015 yilda Andijonning Shahrixon tumanida charxpalak qulab ketgan edi.

To‘rtko‘l shahridagi “Yoshlar” istirohat bog‘idagi attraksionda 31 may kuni to‘rt yashar qiz nobud bo‘ldi. Voqea guvohlarining aytishicha, bolalar poezdi qizaloqni bosib o‘tib ketgan.

Tuman hokimining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagan tadbirkor javobgarlikka tortilganini aytdi.

“Yoshlar” istirohat bog‘idagi attraksionlar umrini yashab bo‘lgani, boshqa shaharlardan arzon-garovga sotib olib kelinib o‘rnatilganini bog‘dagi vaziyatdan yaxshi xabardorlar aytmoqda.

Voqea Xalqaro bolalar kunidan bir kun oldin, 31 may kuni sodir bo‘ldi.

To‘rtko‘l shahridagi “Yoshlar” istirohat bog‘ida o‘ynagani onasi bilan birga kelgan 4 yashar qizaloq o‘yinchoq poezd ostida qolib halok bo‘ldi.

To‘rtko‘l tuman hokimining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xayrulla Matnazarov 31 may kuni to‘rt yashar qizaloq attraksionda halok bo‘lganini tasdiqladi:

“Panjarasi bor, lekin egasi xavfsizlikka rioya qilmagan. Bu attraksion davlatniki emas, tadbirkorlarniki. Xavfsizlik kamarlari bor. Hozir mazkur voqea bo‘yicha ichki ishlar tekshiruv olib borilyapti. Attraksionning o‘zi ham xavfsizlik bo‘yicha yana tekshirilyapti. Natijasi chiqsa aytamiz”, dedi Xayrulla Matnazarov.

To‘rtko‘llik onalardan birining voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan qo‘shnisining gapiga tayanib aytishicha, attraksion egalarining oddiy texnika xavfsizligiga rioya qilmagani bu falokatga sabab bo‘lgan:

“Bola 1 iyundan bir kun oldin onasi bilan bog‘ga aylanishga borgan. Bolalarni mindirib aylanadigan poezd o‘yingohining atrofidagi panjaraning orasi katta-katta qilib, bola o‘tadigan darajada qilingan ekan. Bola o‘sha yerdan o‘tib ketib, poezdning oldiga borib ko‘rib turgan. Shunda xavfsizlikni tekshirmagan operator poezdni yurgizib yuborgan va bolaning qornidan bosib ketgan. Qo‘shnimning aytishicha, poezd bolaning qornidan bosib ketgan, ichaklari chiqib ketibdi. Bola o‘sha joyning o‘zida halok bo‘lgan”, dedi to‘rtko‘llik onalardan biri.

Ismi sir qolishini so‘ragan yana bir to‘rtko‘llik otalardan birining aytishicha, istirohat bog‘iga qurilgan attraksion umrini o‘tab bo‘lgan:

“Bir yil oldin Toshkentdan, u yoq, bu yoqdan eski attraksionlarni olib kelib qurishdi. Xavfsizlik kamarlari yo‘q, bo‘lsa ham eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgan. Bularga pul bo‘lsa bo‘ldi, xavfsizlikka umuman e’tibor berishmaydi. Men bolalarimni bu atrraksionga olib borishga qo‘rqaman”, dedi to‘rtko‘lliklardan biri.

O‘zbekistondagi aksar istirohat bog‘lariga o‘rnatilgan attraksionlar eski ekani aytiladi.

Jumladan, o‘tgan yillar davomida, Andijon bog‘laridagi attraksionlarning eskirganligi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani uchun bir necha halokatli voqealar sodir bo‘lgan.

2015 yilning 18 sentabrida Andijon viloyatining Shahrixon tumani markazidagi madaniyat va istirohat bog‘ida charxpalak ag‘darilishi oqibatida jarohatlangan to‘rt nafar o‘quvchi kasalxonaga yotqizilgan edi.

2013 yilning 8 may kuni Andijon shahrida yangi ochilgan “Kamolot” yoshlar bog‘idagi attraksion izdan chiqib ketishi oqibatida to‘rt bola tan jarohati olgan edi.