GM Uzbekistan xaridorlardan tilxat olinayotganini tasdiqlamadi

Hozirgi kunda "Damas" avtomobilining yangi narhi jamlanganiga ya’ni komplektatsiyasiga qarab 25 million so‘mdan 26 million 7yuz ming so‘m tepasida bo‘lmoqda. 

O‘zbekistondagi avtomobil salonlarida “Damas” mashinasi xaridorlari bilan shartnoma imzolanishdan oldin ulardan mashinaning ayrim ehtiyot qismlari, jumladan "magnitofon, g‘ildirak qalpoqlari, oyoq qo‘ygichlari bo‘lmasligi mumkin, shunga roziman", degan mazmunda tilxat olinayotganini GM Uzbekistan tasdiqlamadi. Shirkat matbuot xizmatining Ozodlik so‘roviga yozma javobida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar haqiqatga zid ekanligi aytilgan.

O‘zbekistondagi aksar avtomobil salonlarida GM Uzbekistan korxonasida ishlab chiqarilgan “Damas” mashinasiga shartnoma imzolamoqchi bo‘lgan xaridorlardan uni ayrim kamchiliklari bilan olishga roziman, degan mazmunda tilxatlar olinayotgani haqida so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda xabarlar tarqaldi.

Facebook sahifasidagi “Voditeli Tashkenta” guruhida “Avtomobilni qabul qilish vaqtida antenna, yon tomonidagi DLX belgisi, orqa eshik pastidagi oyoq qo‘ygich va g‘ildirak qalpoqlari bo‘lmasligini menga ma’lum qilishdi, ushbu shartlarga rozi bo‘lgan holda shartnomani imzoladim”, deb yozilgan tilxat nusxasi ham e’lon qilindi.

"Damas" mashinasi haridorlaridan olinayotgani aytilgan tilxat nusxasi.

Bunday tilxatlar olinayotgani haridorlar e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

"Bu borishda mashinani g‘ildiraklarisiz olishga roziman, olgani kelganda to‘rtta g‘ildirak ko‘tarib kelishingiz kerak, deb tilxat olishsa ajablanmayman", - deya kinoyali izoh qoldirgan “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolaridan biri.

Ozodlik Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi bir qancha avtosalonga bog‘landi va avtosalon xodimlari xaridorlardan shunday mazmunda tilxat olinayotganini tasdiqlashdi.

Toshkentdagi "Poytaxt Avtosavdo" salonining ismi sir qolishini istagan xodimi faqat “Damas” mashinasi GM Uzbekistan korxonasidan shunday kamchiliklar bilan kelayotgani va haridorlarni bu haqda oldindan ogohlantirayotganliklari va ulardan shunday tilxat olinayotganini aytdi.

- Oldindan tilxat olmasak qalpog‘i qani, unisi qani, bunisi yo‘q, deb janjal ko‘taradiganlari ham bor-da. Shuning uchun oldindan shu haqda rozilik olyapmiz. GM Uzbekistan korxonasidan “Damas”lar shunday kelar ekan, o‘z navbatida shu yetishmovchilik sabab mashina narxlari ham pasaygan, - dedi salon xodimi.

GM Uzbekistan korxonasiga yaqin Ozodlik manbalari ham “Damas”larda o‘zgarish bo‘layotgani, hozir ishlab chiqarishga tushgan “Damas”larning 5ta optsiyasi qisqarganini aytishdi.

“Oyoq qo‘yadiganlari, qalpoqlari, magnitola va boshqa narsalar bo‘lmaydi”, - dedi Ozodlik manbasi.

GM Uzbekistan korxonasi matbuot xizmati esa Ozodlik so‘roviga yozma javobida korxonada ishlab chiqarilayotgan “Damas” rusumli avtomobilning ayrim detallarini olib tashlanayotganligi to‘g‘risida tarqalgan xabarlarni tasdiqlamasligini biildirdi.

Ozodlik so‘roviga javoban kompaniya “tarqalgan ushbu xabarlarni tasdiqlamaydi va haqiqatga zid ekanligini ma’lum qiladi. Cotuvdagi avtomobillar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar va o‘zgarishlar “GM Uzbekistan” AJ rasmiy sayti, hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali e’lon qilinadi" deb javob qildi.

“GM Uzbekistan” AJ zavodlarida jami 8 turda avtomobil ishlab chiqarilmoqda.