Shahrisabzda 7-sinf o‘quvchisi o‘zini osib o‘ldirdi

Illyustrativ surat.

28 noyabr kuni Shahrisabzdagi 1- litseyning 7- sinfida o‘qiydigan bola o‘z uyida osilgan holda topildi.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisining Ozodlikka aytishicha, yuz bergan voqea yuzasidan tuman prokuraturasi o‘z surishtiruvini boshlagan.

Bolalari ushbu litseyda o‘qiydigan shahrisabzlikning iddao qilishicha, o‘quvchiga litseyda dakki berilgani ortidan u o‘z joniga qasd qilgan.

Litsey direktori Sharofiddin Zayniddinovga ko‘ra, maktab a’lochilaridan biri bo‘lgan bu o‘quvchini hech kim izza qilmagan.

Qo‘shnining deganlari

Marhumning qo‘shnilaridan biriga ko‘ra, voqea 28 noyabr kuni kechki soat 4:30larda sodir bo‘lgan.

“Bolaning oilasi juda tartibli oilalardan biri. Ziyoli oila. Bu oila haqida hech yomon gap eshitmaganmiz. Oilasida ikki qiz, bir o‘g‘il bor edi. Endi faqat qizlari qoldi. Eshitib shokka tushdik. Bola ham a’lochi bo‘lgan deb eshitganmiz. Har xil mish-mish tarqaldi. Kimdir litseyda bolaga rosa dakki berganini aytishdi. O‘sha kuni uni ko‘rganlar, bolaning kayfiyati yaxshi bo‘lganini aytishdi”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan ayol.

Ozodlikka ushbu voqea haqida xabar bergan boshqa bir shahrisabzlikning iddao qilishicha, 7-sinf o‘quvchisi maktabda izza qilishgani uchun o‘z joniga qasd qilgan.

“Mening ikkita bolam shu litseyda o‘qiydi. Bu voqea haqida bolalarim aytib berdi. Keyin o‘qituvchilari bilan gaplashdim. Ularning aytishicha, o‘sha kuni bu o‘quvchi litsey sinflaridan birining derazasini sindirib qo‘ygan. Shuning uchun o‘qituvchisi bolaga rosa dakki bergan. Bola uyiga borib, o‘zini osib qo‘ygan”, dedi shahrisabzlik yigit ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Direktor inkori

Litsey direktori Sharofiddin Zayniddinov Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchiga o‘qituvchisi tomonidan dakki berilganini mutlaqo inkor qildi:

“Bizning “Hamma bir-birini sizlashi lozim” degan shiorimiz bor. Litseyda birorta ham o‘quvchiga dakki berilmaydi. O‘quvchilarimizni tanlab olganmiz. Hammasi tartib-intizomli o‘quvchilar. Bu bola ham yaxshi o‘qirdi. Faqat "4", "5" ga o‘qirdi. Keyin litseyda deraza singani va uni o‘qituvchisi urishgani bo‘lmagan gap. Hech ham bunday narsa bo‘lmagan”.

Ayni paytda Zayniddinov yaqinda litseyda o‘tgan ota-onalar yig‘ilishida marhum o‘quvchining baholari faqat "5" emasligi haqida gapirilganini aytdi.

“O‘sha yig‘ilishda bu o‘quvchining onasi ham qatnashgan. Bolaning 4-5 ta "4" bahosi borligi aytilgan. Keyin bolaning onasi kelib, o‘g‘lining darsida ham qatnashib ketdi. Onasi bizga rahmat aytib ketdi. Lekin hech qaysi o‘qituvchisi bolani "4" baho olgani uchun urishgani yo‘q”, dedi litsey direktori Sharofiddin Zayniddinov.

Shahrisabz tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisining Ozodlikka aytishicha¸ yuz bergan voqea yuzasidan tuman prokuraturasi o‘z surishtiruvini boshlagan.

Mamlakatda suitsid holatlari oshayotgani Hukumat majlisida aytilgan

Ozodlik joriy yilda Yakkabog‘¸ Andijon¸ Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘quvchilarning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar qilgan edi.

Jumladan, 17 sentabr kuni ota-onasi Rossiyada ishlayotgan yakkabog‘lik 16 yashar o‘quvchi buvisining uyida osilgan holda topildi.

26 sentabrda Andijon viloyat, Oltinko‘l tumanidagi 4- o‘rta maktabning 7- sinf o‘quvchisi o‘z uyining og‘ilxonasida osilgan holatda topildi.

Prezident Mirziyoev o‘tgan yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

Joriy yil 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.