Belarus quruvchilari toshkentliklarga qurib bergan uy devoridagi mozaika o‘chirib tashlandi

Asarning o‘chirilishidan oldingi xolati

Toshkent shahri Chilonzor tumani 24-kvartaldagi to‘rt qavatli uyning yon devoridagi mozaika o‘tgan hafta tuman hokimligi ishchilari tarafidan o‘chirib tashlandi.

Tuman hokimligi vakilining Ozodlik muxbiriga aytishicha ¸ devordagi san’at asari «Obod mahalla» dasturi doirasida o‘chirilgan.

Chilonzor tumani 24 -kvartaldagi 3- uy 1966 yil Toshkentda yuz bergan zilzila ortidan Belarus quruvchilari tomonidan shaharga tortiq qilingan edi.

Uy devorida «Belarus xalqidan toshkentliklar baxtli bo‘lishi uchun sovg‘a » degan yozuv saqlanib qolgan. Shu uyda 50 yildan beri yashayotgan ayol devordagi rasm o‘chirilishini qoraladi.

- Bu vandalizmdan boshqa narsa emas. Qolaversa bizga uy sovg‘a qilgan belarus quruvchilari bilan bog‘liq xotira ustiga chiziq tortilishidir,-dedi suhbatdosh ayol.

Ozodlik suhbatlashgan va ayni uyda istiqomat qilgan ayol zilziladan keyin tug‘ilgan avlod vakili.

Uning aytishicha¸ uy devoridagi “kulib turgan qiz rasmi o‘chirilishi salbiy xolat”

Ayni paytda Ozodlik muxbiri suhbatlashgan ba’zi mahalliy aholi vakillari bu mozaika asarining o‘chirilishiga befarqligini namoyon qilishdi.

Turmush tashvishlari bilan band bu uyning ba’zi yashovchilari 1966 yil shaharga sovg‘a sifatida qurilgan uy devoridagi esdalik suratning o‘chirilganidan habarsizligini aytishdi.

Rassom Aleks Pushkin

Taniqli belarus rassomi 54 yashar Aleks Pushkin Ozodlik bilan 7 mart kungi suhbatda Toshkentdagi mozaika asari vayron qilinganidan havotir bildirdi:

- Toshkentdagi o‘chirib tashlangan mozaikani tarixiy va madaniy obida sifatida madaniyat vazirligida rasmiylashtirib qo‘yish kerak edi. Menimcha bunday qonun O‘zbekistonda bor. Toshkentdagi dahshatli zilziladan 40 yil o‘tib bu mozaika tarixiy, madaniy qiymat kasb etdi. Toshkendagi boshqa bir uy devoridan Belarus yozuvchisi Yakub Kolos nomi olib tashlangan edi. Buni qaytarilgani mo‘’jiza bo‘ldi. Rahmat. Shu o‘rinda boshqa muloxaza ham bor. Devoriy rasmlarni faqat Toshkent mulozimlari o‘chirayotgani yo‘q. Belarusda ham mulozimlar rassom Zoya Litvinovani devoriy asarlarini o‘chirib tashlashgan. Vandal mulozimlar bizning umumiy falokatimizdir. O‘zbek mulozimlari vandalizm borasida Belarus mulozimlaridan qolishmas ekan.

Men Toshkentdagi mozaika asari o‘chirilganidan afsusdaman¸ dedi rassom.

Toshkentdagi 1966 yildan keyin tiklangan uylar devoriga ishlangan mozaika pannolari Fransiyada tug‘ilib, SSSRda ijod qilgan taniqli aka-uka rassomlar Petr va Nikolay Jarskiylar tarafidan yaratilgan. Toshkentda Jarskiylar bezagan yuzlab binolar hanuz bor.

Yunusoboddagi qayta tiklangan mozaika asari

O‘nlab mozaik lavhalar esa sovet timsoli bor deya o‘chirib tashlangan. 2018 yilning iyun oyida Yunusobod tumanidagi uy devoridagi mozaika pannosi o‘chirib tashlangan edi.

Ozodlikda e’lon qilingan maqoladan keyin o‘chirilgan mozaika san’atshunos - akademik Marina Borodina nazoratida qayta tiklangan edi.

Mozaika ustiga bo‘yoq surtgan Yunusobod tuman kommunal ta’mirlash-tiklash avariya xizmati va Yunusobod tuman hokimi ustidan xizmat surishtiruvi boshlangan.

Madaniyat vaziri Baxtiër Sayfullaev 2018 yili Ozodlikka Toshkentdagi mozaika buzilishlarini ” vandalizm” deya atagan edi.

2019 yili Chilonzordagi mozaikani o‘chirishga buyruq bergan mulozimlar jazolanadimi? Mozaika ustidagi bo‘yoq qatlami olib tashlanib qayta tiklanadimi? Bu savollarga bugun javob yo‘q.