2019 yilgi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining nufuzli adabiy mukofoti g‘olibi bo‘lgan ”Jinlar bazmi” romani muallifi¸ taniqli yozuvchi Hamid Ismoil O‘zbekiston axborot agentligi savollariga javob berishni istamadi.
Yozuvchi agentlik muxbiriga yozgan xatida “Meni O‘zbekistondan chiqarib yuborgan mulozimlar rasman uzr so‘ramagunicha¸ ular o‘ziniki qilib olgan yerni yelkamni chuquri ko‘rsin”¸ deya bildirgan.
Bu maktub to‘lig‘icha O‘zA saytida e’lon qilindi.
2017 yilning mart oyida Bi-Bi-Si Markaziy osiyo xizmati muxbirlari va Britaniya diplomatlaridan tarkib topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga kelgan Hamid Ismoil Toshkent aeroportida to‘xtatilib¸ Londonga qaytarib yuborilgan edi.
Delegatsiya tarkibini tasdiqlab rasman taklifnoma bergan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘shanda nega Hamid Ismoil O‘zbekistonga kiritilmagani borasida izoh bermagan edi.
”Jinlar bazmi” romaniga 2019 yilgi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki adabiy mukofoti berilishi yuzasidan Londonda o‘tkazilgan tadbirga O‘zbekistonning Britaniyadagi elchisi rasman taklif qilingan bo‘lsa ham¸ Toshkent diplomatlari bu tadbirda qatnashmadi.
27 yilllik ta’qib
Taniqli jurnalist va yozuvchi Hamid Ismoil davlat komissiyasi o‘zi suratga olishda ishtirok etgan hujjatli filmni «ma’naviyat tendensiyalariga mos kelmaydi» deb topganidan so‘ng¸ 1992 yilda O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan edi.
1992 yili Hamid Ismoil Bi-Bi-Si televizion guruhi bilan O‘zbekiston haqida film olish ustida ishlagani ortidan unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va yozuvchining hukumatni ag‘darish urinishiga aloqadorligi haqida bayonot berilgan edi.
Hamid Ismoilni qoralashga urinish bu bayonotdan 27 yil o‘tib ham davom etmoqda
Joriy yilning 11 mart kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan nasr kengashining hisobot yig‘ilishida uyushma rasmiysi Risolat Haydarova “xalqaro adabiy mukofotni qo‘lga kiritgan “Jinlar bazmi” romanini "asar ostida siyosiy manfaat yotibdi” deya tanqid qildi.
“O‘tgan asr boshidagi voqealarni qayta ko‘tarishga nima hojat bor edi? Arxivlar, o‘sha davrdagi matbuotni qayta titkilash nima uchun zarur bo‘lib qoldi? Bilamizki, Buyuk Britaniya va Rossiya O‘rta Osiyo uchun kurashgan. Muallif sovetlarning zulmini ko‘rsatish orqali siyosiy manfaat ko‘zlagan bo‘lishi mumkin. Biz bu asarga munosabat bildirishimiz kerak. Aks holda yoshlar ijtimoiy tarmoqdagi shov-shuvlarga uchishi mumkin”, – deya gapirgan uyushma rasmiysi Risolat Haydarova.
“Jinlar bazmi” romani ikki qismli. Yozuvchi Hamid Ismoilning Ozodlikka aytishicha birinchi qismda Oyxon taqdiri qalamga olinadi. Ikkinchi qismda esa taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning qamalishi va 30-yillardagi ziyolilar qatag‘oni fojiasi ochib beriladi.
Romanni ingliz tiliga ingliz tarjimonlari Donald Reyfild va Jon Farndon o‘girgan.
Hamid Ismoil o‘z asarlarini o‘zbek va rus tillarida yozadi. Uning "Temir yo‘l" romani 2006 yilda taniqli ingliz yozuvchisi Robert Chandler tarafidan inglizchaga o‘girilib Londonda chop qilingan.
Hamid Ismoilning she’riy asarlari Ingaborg Baldauf va Zigrid Klaynmixel tarjimasida nemis tilida ham chop qilingan.