OzodTa’sir: Mahkumi qochgan koloniya boshlig‘i ishdan haydaldi

Toshkentdagi 51-manzil koloniya binosi

Toshkentdagi 51- manzil koloniya boshlig‘i Anvar Valiyev Ozodlik maqolalaridan so‘ng ishdan olindi.

Hozirda koloniyaga mayor Husniddin Ubaydullayev boshliq etib tayinlandi.

Ozodlik mahkumlardan birining koloniyadagi majburiy mehnatdan bezib, qochib ketgani haqida xabar bergan edi.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi (JIEBB) koloniyadan qochgan mahkum haqidagi Ozodlik xabarini tasdiqlab, uni qidirish ishlari davom etayotganini bildirdi.

Ayni paytda JIEBB koloniyadagi majburiy mehnat haqidagi iddaolarni izohsiz qoldirdi.

Toshkentdagi 51-manzil koloniya boshlig‘i Anvar Valiyev Ozodlik maqolalaridan so‘ng ishdan olingan, uning o‘rniga JIEBBning Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i mayor Husniddin Ubaydullayev tayinlangan.

Toshkentdagi 51-manzil koloniya binosi

Bu haqda Ozodlikka 27 avgust kuni 51-manzil koloniya mahkumlaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan xabar qildi.

“Ozodlikda maqola chiqmaguncha, hamma narsa yopiqligicha qolayotgandi. Olimjon Abdullayev Rossiyaga qochib ketganiga 3 hafta bo‘lganida ham hech qanday chora ko‘rilmagandi. Ozodlik bu haqda yozgach, maxsus prokuratura tekshiruv boshladi. Valiyevni ishidan olib tashlashdi. O‘rniga GUINdagi bo‘lim boshlig‘i Ubaydullayevni olib kelishdi”, dedi xavfsizlik sabab ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mahkum.

51-manzil koloniyada boshliq o‘zgarganini koloniya mulozimlari ham tasdiqladi.

Ozodlik 13 avgust kuni 51-manzil koloniyada jazo o‘tayotgan 43 yashar mahkum Olimjon Abdullayev majburiy mehnatdan bezib, qochib ketgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston Ichki ishlari vazirligi saytida e’lon qilingan JIEBB rasmiy ma’lumotida mahkum Abdullayevning koloniyadan qochib ketgani tasdiqlanadi. Biroq JIEBB mahkumning majburiy mehnatga jalb qilingani haqidagi iddaolarni izohlamagan.

"51-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tagan mahkum O.Abdullayev jazo o‘tash tartibi va shartlariga, jamiyatda qabul qilingan xulq- atvor qoidalariga to‘liq rioya qilib kelganligi sababli, muassasa rahbariyati va xodimlari tomonidan e’tirozlar bildirilmagan, jazoni o‘tash davrida unga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilmagan.

Barcha mahkumlar kabi, mahkum O.Abdullayev ham foydali mehnatga jalb etilgan va 2019 yil 26 iyul kuni shartnoma ob’ektidan o‘zboshimchalik bilan noma’lum tomonga ketib qolgan.

Hozirgi kunda unga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, ushlash choralari ko‘rilgan".

27 avgust kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaga qochib ketgani aytilayotgan mahkum Olimjon Abdullayev hanuz ushlanmagan.

Ayni paytda 51-manzil koloniyaning 27 avgust kuni Ozodlik suhbatlashgan mahkumlari bu voqeadan so‘ng o‘zlariga nisbatan tazyiq kuchayganidan ham shikoyat qilishdi.

“Boshliqlar koloniya ichkarisidagi ma’lumotlar yana matbuotga olib chiqilmasligi uchun choralarni kuchaytirdi. Doimiy ravishda tintuvlar o‘tkazilayapti. Telefonlar titkilanib, kontaktlar tekshirilmoqda. Mahkumlarga tazyiq kuchaygan. Kamida bitta mahkumni turli bahona bilan zonaga qaytarib yuborishdi. 2-3 ta mahkum izolyatorga tashlandi. Izolyatorga tashlanganlardan biri soqolini olmagani uchun jazolandi. U soqolini oldirishga pul topa olmagan ekan”, dedi yana bir mahkum anonim qolish sharti bilan.

Mahkumlarning ushbu iddaolarini 51-manzil koloniyaning yangi rahbariyati hech bir ko‘rinishda izohlamadi.

Mazkur koloniya mahkumlari Sergelidagi qurilishda ishlatilayotgani va ular maoshining 21%i koloniya foydasiga ushlab qolinayotganidan ham shikoyat qilishgan edi.

JIEBBga ko‘ra, 51-manzil koloniya mahkumlarining Sergelidagi qurilishlarda ishlashi uchun “UY JOY QURILIS” MChJ bilan pudrat shartnomasi tuzilgan va ular oyligidan koloniya foydasiga ushlab qolish qonuniy asosda amalga oshirilgan.