Iqlim isishi oldini olish yo‘lidagi "genqadam": karbonat angidrid "yeydigan" bakteriya yaratildi

Illyustrativ surat.

Olimlar odatda shakar "yeyydigan" bakteriyalarni genetik o‘zgartirib, ularni uglerod dioksidini (karbonat angidridini) "yeyishga" o‘rgatdi.

Isroilda yaratilgan E. Coli bakteriyasi organik birikmalar o‘rniga CO2 ni o‘zlashtiradi.

Buni amalga oshirish uchun bakteriya geni o‘simliklarnikiga o‘xshash qilib o‘zgartirilgan. Xususan, bakteriyalarga uglerod dioksidini hal qiluvchi genlar qo‘shilgan, shakar birikmalarini parchalaydigan genlar esa olib tashlangan.

Tajribani o‘tkazgan olimlar guruhi erishilgan natija bakteriyalardagi metabolizmning moslashish qobiliyatini ko‘rsatishini aytishmoqda.

Tadqiqot mufalliflaridan biri, Veytsman fan instituti biologi Ron Milo:

- Asosiy maqsadimiz CO2 fiksatsiyasini yaxshilovchi qulay ilmiy platforma – oziq-ovqat mahsulotlari hamda yoqilg‘ilarni barqaror ishlab chiqarish hamda CO2 gazlari tufayli iqlim isishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga ko‘maklashadigan platforma yaratishdan iboratdir, - dedi.

- Biotexnologiyalarning ishchi otlari hisoblanuvchi E. Coli bakteriyasining uglerod manbasini organik ugleroddan CO2ga almashtirish bunday platforma tuzish sari tashlangan yirik qadam, desak bo‘ladi, - deya qo‘shimcha qildi olim.

Tajribada qatnashgan olimlardan biri Shmuel Gleyzer bunday jarayon ilk marotaba amalga oshirilganini ta’kidladi.

- Tadqiqotimiz bakteriyaning o‘sish jarayoni muvaffaqiyatli ravishda o‘zgartirilgan ilk tadqiqotdir, - dedi Gleyzer.

Olimlarning aytishicha, ayni damda eng katta kamchilik o‘zgartirilgan bakteriya uglerod fiksatsiyasi orqali o‘zlashtirgan CO2 miqdori ayni jarayon davomida chiqarilayotgan CO2 miqdoridan ozligidir. Shuningdek, yangi uslubdan keng ko‘lamda foydalanishni boshlashdan avval ko‘proq izlanish olib borish kerak bo‘ladi.

Tadqiqotchilar keyingi qadam o‘laroq jarayon davomida atrof-muhitga chiqarilayotgan CO2 miqdorini ozaytirish uchun energiyani qayta tiklanadigan manbalardan olishni hamda bakteriya erkin ko‘payishi uchun lozim bo‘lgan muhitni aniqlashni rejalashtirmoqda.

Tadqiqot natijalari Cell jurnalida chop etildi.