Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentga yana hokim bo‘ldi (VIDEO)

Yangi saylangan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi Jahongir Ortiqxo‘jayevni yana poytaxt hokimi lavozimiga tasdiqladi.

Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, Ortiqxo‘jayevni hokimlikka prezident Mirziyoyev tavsiya qilgan.

11 yanvar kuni prezident, Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli Milliy bog‘ni ko‘zdan kechirarkan, Toshkent hokimiga "noqonuniy buzilishlar qilib, mamlakat imijni buzmaslik"ni uqtirgandi.

Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasida Jahongir Ortiqxo‘jayevni poytaxt hokimi etib tasdiqlagan.

Xabarda aytilishicha, amaldagi hokim nomzodi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan, uning nomzodini Bosh vazir Abdulla Aripov o‘qib eshittirgan.

Aytilishicha, Kengashdagi deputatlar bir ovozdan ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlagan.

Qalampir.uz nashrining yozishicha, Abdulla Aripov yig‘ilishda Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodiga alohida to‘xtalib, uning boshqaruvchilik mahorati haqida gapirgan.

Aripov, shuningdek, Toshkent hokimiga tegishli Akfa, Artel va Crafers shirkatlarini ham maqtagan.

Kun.uz nashrining 11 yanvar kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezidentga poytaxtda rejalashtirilayotgan qurilish ishlari haqida ma’lumot berganini xabar qilgan edi.

Xabar mazmunidan, 3 oy muqaddam jamoatchilik va prezident tanqidiga uchragan Jahongir Ortiqxo‘jayev 2020 yilda ham poytaxtdagi qurilishlarga bosh bo‘lishi - ya’ni, hokim bo‘lib qolishi tushunilgan edi.

Nashrning o‘z muxbiriga tayanib xabar qilishicha, hokimning 2020 yilda ko‘zlagan rejalariga javoban prezident Toshkentdagi qurilishlarda e’tibor qilinishi kerak bo‘lgan muhim jihatlarni aytib o‘tgan.

"Hokimliklar buziladigan binolarning kompensatsiya to‘lovini to‘lab, aholi rozi bo‘lgachgina yangi qurilishni boshlashi kerak. Hozir hammasi oson. Ommaviy axborot vositalari rivojlanib bormoqda. Ular har bir harakatimizni kuzatib, yoritib borishmoqda. Menga uy-joyni noqonuniy buzish orqali aholini norozi qilish, shuningdek, noqonuniy buzilishlar tufayli O‘zbekiston imiji dunyoga noto‘g‘ri jihatdan ko‘rinishi kerak emas", deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident matbuot xizmati Mirziyoyevning Milliy bog‘ga tashrifini xabar qilarkan, shahar hokimi bilan muloqotning bu qismi haqida ma’lumot bermadi.

Rasmiy xabarda, poytaxtdagi yangi loyihalar rejasini ham Toshkent hokimi shaxsan taqdim qilgani aks etmadi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2019 yilning noyabrida - mamlakatdagi yetakchi Kun.uz Internet nashri muxbirlari bilan mojarosidan so‘ng Mirziyoyevning tanqidiga uchragan edi.

Mojaro o‘tgan yil 16 noyabr kuni Toshkent hokimining jurnalistlarni geyga chiqarishi, mahallasida sazoyi qilishi va jismonan yo‘q qilishi mumkinligini aytib, tahdid qilayotgani qayd etilgan audio ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgach, boshlangan edi.

Mirziyoyev o‘tgan yili 22 noyabr kungi aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishida, hokimning ismini tilga olmagan, ammo jurnalistlar bilan "muomala qilishni bilmaydigan", "ma’naviyatsiz, kekkaygan" amaldorni siyosatga xiyonatda ayblab, chora ko‘rishidan ogohlantirgandi.

45 yashar Jahongir Ortiqxo‘jayev ilk bor 2018 yil dekabr oyida Toshkent hokimi laozimiga tasdiqlangan, 2018 yilning aprelidan shahar hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.

Davlat sektoriga kelguniga qadar «Artel injiniring» kompaniyasi direktori va Tashkent City unitar korxonasi rahbari bo‘lgan.

Akfa kompaniyalar guruhi asoschisi hisoblanadi.

2018 yil sentabrida senator etib saylangan.

Poytaxt ma’muriyatining boshlig‘i Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisidir.

2015 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.