"Abu Saxiy" bozorida bir necha idora tekshirish o‘tkazmoqda

Toshkentdagi "Abu Saxiy" bozorining nomi hozirda o‘zgargan.

Toshkentdagi "Abu Saxiy" nomi bilan tanilgan, hozirda “Toshkent savdo markazi” deb ataluvchi ulgurji bozorda 5 yanvardan beri bir huquq-tartibot organlari tekshiruv olib bormoqda.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridan birining ismi aytilishini istamagan mulozimidan olingan bu ma’lumotni “Toshkent savdo markazi” rahbarlaridan biri tasdiqladi.

Ozodlikka ma’lumot bergan mulozimga ko‘ra, tekshiruvni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti muvofiqlashtirmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Toshkent savdo markazi”da 5 yanvarda boshlangan tekshiruvlar arafasida - 2019 yilning dekabrida Toshkent shahar prokuraturasi bu va boshqa bir necha sub’ektda sodir bo‘lgan jinoyatlarni taftish qilish bo‘yicha ish boshlagan.

Huquq-tartibot organlaridan birida ishlaydigan mulozimning Ozodlikka 13 yanvarda aytishicha, Davlat soliq qo‘mitasi¸ Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati xodimlari tekshiruvda qatnashib, bozordagi qator kamchiliklarni aniqlagan.

"Abu sahiy" ko‘rinishi

Tilga olingan idoralardan bu mavzuda rasmiy ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi.

Toshkent shahar prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan xodimi “Toshkent savdo markazi”da tergov guruhi ishlayotganini tasdiqladi.

Ozodlik muxbiri "Abu Saxiy"dagi tekshiruvlar doirasida tergovchilar suhbatidan o‘tgan ikki tadbirkor bilan gaplashdi. Bu tadbirkorlardan biri - 2014 yilgacha "Abu Saxiy" bozorida gazlama va oyoq kiyim sotgan Dinora Latipovadir.

Yana biri esa, ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka suhbat bergan 32 yashar ayol shu kunda “Toshkent savdo markazi”da (sobiq "Abu Saxiy" bozori) kiyim sotadi.

Ikkala tadbirkorning aytishicha, ular bundan uch yil oldingi savdo aylanmasi yuzasidan bozor mansabdor shaxslariga qarshi ochilgan jinoyat ishi doirasida guvoh sifatida so‘roq qilingan.

Dinora Latipova nusxasini Ozodlikka taqdim qilgan hujjatdan uni Toshkent shahar prokuror o‘rinbosari A. Po‘latov imzolaganini ko‘rish mumkin. Xujjatdan bozor ma’muriyatining bir guruh amaldorlariga qarshi Jinoyat kodeksining 205- moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) asosida jinoyat ishi ochilgani anglashiladi.

Hujjatdan ayon bo‘lishicha¸ “Toshkent savdo markazi”, «Mirobod dehqon bozori" va boshqa sub’ektlarda sodir bo‘lgan jinoyatlarni taftish qilish bo‘yicha tergov gruppasi 2019 yilning dekabr oyida ish boshlagan. Hujjatda "Toshkent savdo markazi" mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan, biroq konkret ism-familiyalar keltirilmagan.

Guvoh sifatida so‘roq qilinganini aytgan Dinora Latipovaning Ozodlikka bildirishicha, tergovchilar uning 2014 yilgacha "Abu Saxiy" kargo orqali Dubay va Turkiyadan mollarni qanday keltirganiga qiziqqan:

- Tergovchilar mening tadbirkor sifatida huquqlarim buzilganini va o‘zim bilmagan xolda noqonuniy sxema qurboni bo‘lganimni menga tushuntirishdi. Lekin gapning to‘g‘risi "Abu Saxiy" kargo ochilganidan keyin chetdan mol keltirish juda oson bo‘lgan edi.

“Toshkent savdo markazi”da (sobiq "Abu Saxiy" bozori) qishki kiyim sotadigan 32 yashar ayol Ozodlikka bozorning oldingi ma’muriyatiga qarshi ko‘rsatma berganini aytdi:

"Men kilosiga 5 dollar to‘lab, Dubaydan mol olib kelganman. Tergovchining aytishicha, bu kontrabanda ekan. Soddaligimdan foydalanib, meni kontrabandaga sherik qilganlari uchun ularning ustidan yozib berdim".

O‘zi va biznesining xavfsizligini o‘ylab, ismi aynilmasligini so‘ragan bu do‘konchi ayol "Abu Saxiy" bozoridagi yong‘inga qarshi holat qoniqarsiz deb topilgani va bozorning sanitariya holati do‘konchilar salomatligiga zarar yetkazgani haqida bayonnoma tuzilganini aytib berdi.

Ozodlik “Toshkent savdo markazi”ning ikki rahbar xodimi bilan gaplashdi. Ularning aytishicha¸ bozordagi tekshiruvlar tijoratga halaqit berayotgani yo‘q.

2017 yilgacha bozor prezident oilasiga mansub bo‘lgan

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi hamda Bishkekdagi Kloop axborot sayti bilan hamkorlikda 21 noyabrda e’lon qilgan jurnalistik surishtiruvda Toshkentdagi “Abu-Saxiy” bozori va shu nomdagi kargo shirkatining O‘zbekiston birinchi prezidentining kuyovi Timur Tillayevga tegishli bo‘lgani aytiladi.

“Bojxonadagi millionlar: qaroqchilik va himoya” deb nomlangan jurnalistik surishtiruv mualliflari mavzuni o‘rganish jarayonida Toshkentdagi “Abu Saxiy” bozoriga yaqinlargacha egalik qilgan Timur Tillayevning advokati Mark Raymond bilan bog‘lanib undan mana bunday javob olgan.

“2006 yili janob Tillayev Toshkent shahar hokimiyatidan bo‘sh yer uchastkasini sotib olgan va o‘sha yerda “Abu Saxiy” bozorini qurgan”.

Tillayevning advokatiga ko‘ra, bozorga janob Tillayevning o‘zi asos solgan va uni rivojlantirgan.

Advokatga ko‘ra¸ bozor 2017 yilning dekabrida Tillayevlar tarafidan sotib yuborilgan.

2017 yilda egasi va nomi o‘zgargan "Abu Saxiy" bozoriga O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimovaning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev egalik qilgani haqida Reyter agentligi ham 2018 yili yozgan edi.

2018 yilning 7 yanvarida O‘zA axborot agentligi "Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Abu Saxiy” bozorida amalga oshirilgan so‘nggi o‘zgarishlarning natijalari haqida so‘z yuritgan"i haqda xabar qilgan.

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib, sobiq «Abu Saxiy» MChJda davlat byudjetiga bir oyda 5 milliard so‘m tushganini xabar qilgan.

"Poytaxtning eng yirik bozorlaridan biri bo‘lgan «Abu Saxiy» MChJ «Toshkent ipak yo‘li» majmusiga aylantirilgandan so‘ng atigi 15 kunda tushum 35 milliard so‘mga yetgan" deb xabar qilgan O‘zA.

Milliy axborot agentligi xabarida sobiq "Abu Saxiy" «Toshkent ipak yo‘li» majmusiga aylantirilgani aytilgan. Biroq nusxasi Ozodlikda mavjud hujjatlarda bozorning hozirgi nomi "Tashkent trade center”dir.

Hujjatlarda bozorning nomi “Tashkent trade center” mas’uliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi" deyilgan. Bozor manzili "Toshkent shahar, Chilonzor tuman, Bunyodkor ko‘chasi, 156 uy" deya qayddan o‘tkazilgan.

Bu hujjatlarda bozor Bosh direktori Akmal Husainov ekani yozilgan.

Bozorning bugungi asl egasi kimligi haqida hozircha Ozodlikda aniq ma’lumot yo‘q.