Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashining 7 deputati tuman hokimi Otabek Rasulov “va uning atrofiga uyushgan g‘alamislar tomonidan sodir etilayotgan jinoiy hatti-harakatlar”ni to‘xtatishni so‘rab O‘zbekiston prezidentiga rasman murojaat qildi.
Prezident bilan bir paytda ayni maktub nusxasi Bosh vazir¸ Bosh prokuror¸ Senat¸ DXX¸ Hisob palatasi¸ Soliq qo‘mitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raislariga ham yuborilgan.
Maktubga qo‘l qo‘ygan andijonlik deputatlar hokim va uning atrofidagilarni uchta yo‘nalishda jinoyat sodir etayotganlikda ayblagan.
Ozodlik gaplashgan xat mualliflari¸ uni islohotlarning joylarda nima uchun amalga oshmayotganidan prezidentni xabardor qilish maqsadida yozgani va hokimga qo‘yilgan ayblovlarni isbotlash uchun yetarli dalillar mavjudligini bildirdi.
Xo‘jaobod hokimi qo‘l telefoni kun davomida o‘chiq qolgani bois¸ Otabek Rasulovning o‘zidan deputatlar xatiga izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Hokimning 1-o‘rinbosari Ikromjon Teshaboyev xatda yozilganlarni “yolg‘on va tuhmat” deb atadi.
Prezidentga maktub nima haqda?
Ozodlikka nusxasi 24 avgust kuni kelgan sakkiz sahifalik murojaatga Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashining 7 deputati¸ shuningdek¸ tumandagi to‘rtta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari qo‘l qo‘ygan.
O‘n kuncha oldin Toshkentdagi adresatlarga yuborilgan maktubda deputat va mahallaqo‘mlar tuman hokimi Otabek Rasulov va u tayinlagan mahalliy amaldorlarga uch yo‘nalishda jiddiy ayb qo‘ygan.
“1.Davlat mulkini talon toroj qilish¸ yer sotish¸ byudjet mablag‘larini noo‘rin sarflash; 2.Kadrlar siyosatidagi shoshqaloqlik¸ tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlash o‘rniga ularning ravnaqi va taraqqiyotiga to‘sqinlik qilish; 3. Hokimning behayoligi¸ muomala madaniyatidan bexabarligi”.
Maktubda hokim Otabek Rasulovga qo‘yilgan bu ayblovlarni tasdiqlashi aytilgan qator misollar keltirilgan.
Ular orasida o‘nlab gektar sug‘oriladigan ekin yerlari va bog‘larni noqonuniy ravishda uy-joy qurish uchun pullash¸ kambag‘allarga qurilgan uylarning 80 foizini o‘z qarindosh va tanishlariga berish¸ tuman markazidagi qimmat yerlarni ochiq savdoga qo‘ymasdan o‘z qarindoshlariga rasmiylashtirish va bu ishlarda minglab dollar pora olish iddaolari bor.
Tuman hokimining noqonuniy hatti-harakatlari orasida¸ 2019 yilgi saylov jarayonida nomzodlar rasmiy ro‘yxati matbuotda chiqishidan bir kun oldin siyosiy partiyalarga tazyiq o‘tkazib¸ o‘z odamlarini ro‘yxatga kiritganlik¸ bu bilan saylovga oid qonunchilikni ochiq buzganlik ayblovi ham bor.
Maktubning so‘nggi sahifasida xalq vakillari prezidentdan tuman hokimi va unga bo‘ysunuvchi idora rahbarlarining noqonuniy hatti-harakatlarini tekshirib chiqish uchun respublika maxsus ishchi guruhi tuzish va unga o‘zlarini ham jalb qilishni so‘ragan.
Deputatlar nega prezidentga murojaat qildi?
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng oddiy o‘zbekistonliklarning joylarda hal bo‘lmayotgan muammolar¸ adolatsizlik va qonunsizlik bo‘yicha prezidentga murojaat¸ xususan¸ videomurojaat bilan chiqishi urfga aylandi.
Ammo xo‘jaobodlik deputatlarning bu maktubi¸ vakillik organi namoyandalarining Ozodlikka ma’lum bo‘lgan¸ prezidentga ilk rasmiy murojaatidir.
“Pichoq borib suyakka qadaldi”¸ deydi Ozodlikka bu maktubga qo‘l qo‘ygan deputatlardan biri.
Prezidentga yuborilgan murojaatga qo‘l qo‘yganlardan biri¸ Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashi deputati¸ 50 yashar tadbirkor Qobiljon Mamadaliyevdir.
Ozodlik bilan 24 avgust kungi suhbatda bu deputat¸ tumandagi korrupsiyaga qarshi chiqish qilgan o‘zi kabi deputatlarga bosim boshlangani¸ hokim ularni xalq oldida obro‘sizlantirish va haqoratlashga kirishganidan so‘ng¸ shunday murojaat bilan chiqishga majbur bo‘lganini aytadi.
-Prezidentning siyosatiga labbay deb¸ xalqning haq-huquqlarini¸ oddiy xalqning muammolarini ko‘tarib yurgan oddiy odammiz bir. Shaxsan men faqat adolat orqasidan prezidentga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Chunki prezident siyosatiga ishonamiz¸ prezident olib borayotgan joylardagi holatga ishonamiz biz.
Viloyat hokimligining xatga bevosita va bilvosita munosabati
Ozodlik gaplashgan maktub mualliflariga ko‘ra¸ Xo‘jaobod tuman hokimi Otabek Rasulov viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning oilaviy yaqinlaridan biri.
Maktubga respublika idoralaridan reaksiya boshlanishi bilan 23 avgust kuni tumanga Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kelgan.
Viloyat hokimi arzchi deputatlar bilan uchrashish o‘rniga kam ta’minlanganlar uchun qurilayotgan uylarni¸ hali bitmaganiga qaramay¸ kambag‘allarga namoyishkorona topshirib ketgan.
Prezidentga yozilgan maktubda¸ aynan 2 sotixlik shunday hovlilarning kambag‘allar qolib¸ hokimning o‘z odamlariga tarqatilgani yozilgan.
Ayni paytda¸ 23 avgust kuni maktub mualliflari bilan Abdurahmonovning kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari gaplashgan va arzchilar o‘z shikoyatlari mazmuni¸ nima uchun Toshkentga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytib bergan.
Bu yig‘ilish so‘ngida¸ unga tuman hokimi Otabek Rasulov ham kiritilgan va deputatlarni behayo so‘zlar bilan haqoratlagani uchun “prezident¸ xalq va deputatlardan kechirim so‘ragan”. Viloyat hokimi o‘rinbosari tuman hokimining bundan so‘ng “yakkahokimlik qilmasligi”¸ kadrlar tanlashda deputatlar bilan hisoblashishi”ni aytib¸ tomonlarni murosaga keltirishga uringan.
Bitta kechirim bilan ish bitdimi?
Ozodlik gaplashgan xo‘jaobodlik deputatlar¸ hokimning o‘zlariga qilgan haqoratlarini kechirishga tayyorligi¸ lekin maktubda keltirilgan ayblarni tekshirish so‘rovidan qaytmasligini bildirdi.
Xususan¸ tadbirkor deputat Qobiljon Mamadaliyev murojaatdan voz kechish¸ undagi fakt va ma’lumotlarni “yolg‘on”ga chiqarishga urinishlarini tasdiqlash bo‘lishini aytadi.
- Xatni qaytarib olishga vakolatimiz yo‘q. U yerda aytilganlarning qonun doirasida yuqori turuvchi organlar tomonidan tekshirilishini so‘raymiz. U yerda aytilganlardan qaytmaymiz¸ qaytsak¸ o‘zimiz tuhmatchi bo‘lib qolamizku!
Mahalliy deputat Qobiljon Mamadaliyevning Ozodlikka aytishicha¸ prezident va mamlakatning boshqa yuqori darajali amaldorlariga yuborilgan maktubga Toshkentdan ham munosabat bildirish boshlangan.
- Bosh prokuraturadan viloyat prokuraturasiga o‘rganish uchun ishchi guruhi kelgan. Bizdan kerakli hujjatlarni so‘raganda¸ hamma deputatlar haqiqatan qo‘l qo‘yganini tasdiqlab¸ noqonuniy berilib ketgan yerlar¸ fuqarolarning muammolari yechilmagani bo‘yicha¸ tumandagi barcha jabhalarda prezident siyosatiga bo‘layotgan qarshi ishlarga munosabat bildirilgan arizamizni odilona o‘rganishni so‘radik.
Ayni paytda¸ deputatlarning prezidentga murojaatda so‘ralgan asosiy talabi - tuman hokimi boshchiligida qilingan noqonuniy harakatlarni tekshirish uchun respublika ishchi guruhi tashkil etilganiga oid ma’lumot yo‘q.
Hokim va uning komandasi nima deydi?
Xo‘jaobodlik xalq vakillarining tuman hokimi Otabek Rasulovni jinoiy hatti-harakatlarda ayblab¸ prezident va mamlakat boshqa rahbarlariga qilgan murojaatini o‘rganish davomida Ozodlik Rasulovning o‘zi bilan gaplashishga urindi.
24 avgust kun davomida hokimning qo‘l telefoni o‘chiqligi bois¸ Rasulov bilan bog‘lanib bo‘lmadi.
Hokimning 1-o‘rinbosari Ikromjon Teshaboyev¸ tuman xalq deputatlari kengashi 7 nafar deputatini “yolg‘onchilik”da aybladi:
- Bu endi yolg‘on narsa¸ tuhmat. Bir qator o‘rganishadi endi. Kecha gaplashib olindi. Kecha hokimning o‘zi deputatlarni qo‘yib¸ to‘plab anashi xat bo‘yicha birma-bir o‘tirib gaplashildi. Bu gaplarni vaqt ko‘rsatadi¸ xudo xohlasa. Deputatlar bilan birga o‘rganishyapti.
Tuman hokimining o‘ng qo‘li ekani aytilgan 1-o‘rinbosar Ozodlikning boshqa savollariga “hozir bir joyda edim¸ savolingizga chiqqandan keyin javob berishim mumkin” deb¸ aloqani uzib qo‘ydi. Kun davomida qilingan boshqa qo‘ng‘iroqlarga Teshaboyev javob bermadi.
O‘zbekistonda hokimlar ham ijroiya¸ ham qonunchilik hokimiyati ustiga qo‘yilgan “yakkahokim”
Mamlakat Konstitutsiyasining 11-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi”¸ deyiladi.
Ayni paytda¸ amalda ijroiya hokimiyati namoyandasi bo‘lgan viloyat¸ shahar va tuman hokimlari vakillik (qonun chiqaruvchi hokimiyatning quyi bo‘g‘ini) tizimini ham boshqaradi – hokim xalq tomonidan saylanadigan mahalliy deputatlar kengashining tayinlanadigan raisidir.
«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning 2019 yil may oyida qabul qilingan yangi tahririda¸ “hokimlar Prezident va tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdordirlar”¸ deyilganiga qaramay¸Ozodlik gaplashgan deputat va kuzatuvchilar fikricha¸ amalda ular faqat yuqori turuvchi hokim va prezidentdan boshqani tan olmay qo‘ygan.
Prezident Mirziyoyevning“hokim mening vakilim¸ unga tekkanning pogonini o‘zim yulib tashlayman” degan baënotidan so‘ng¸ Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlarga qaraganda¸ hokimlar qonundan ustun turuvchi toifaga aylangan.
Hokimlar bedodligi haqidagi ko‘payib ketgan tanqidlar fonida joriy yil fevralida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva¸ hokimlarning vakillik organlari ustidagi hukmronligiga barham berish lozimligini aytgan edi.
– Ayni paytda vakillik va ijro organining rahbari hokim. Vaqti-soati kelib, bu ikkalasi ajratiladi. Hozircha hokim vakillarga ko‘proq erkinlik berishi lozim. Bo‘lmasa, hokim nima desa, deputatlar qo‘l ko‘tarib o‘tiraveradi.