O‘zbekistonda diniy va siyosiy motivlar bilan ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan 4 mahkum 27 avgust kuni birin-ketin ozodlikka chiqarildi.
Ozod qilingan bu to‘rt mahkum prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgustda imzolagan farmon bilan afv etilgan 113 mahbusdan bir guruhidir.
“Vahhobiylik" oqimining O‘zbekistondagi yetakchilaridan biri sifatida ayblangan toshkentlik sobiq imom Ruhiddin Faxriddinov,
"Salafiylik" oqimining O‘zbekistondagi yetakchilaridan biri sifatida ayblangan Iskandar Xudoyberganov,
Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblangan navoiyshunos olim Akrom Malik,
Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi sobiq xodimi Rustam Abdumannopovlar muddatidan avval ozod qilindi.
Bir kunda ketma-ket qamoqdan chiqarilgan mahkumlarning yaqinlari va himoyachilari, ularning ozod etilishi haqida 26 avgust kuni Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan xabar olishganini aytmoqda.
Rustam Abdumannopovning huquqiy himoyasi bilan shug‘ullanib kelgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati yetakchisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, unga 26 avgust oqshomida xabar berilgan.
Inson huquqlari faolining aytishicha, O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi prezidentning avf qaroriga muvofiq mahkum muddatidan avval ozod qilinishi haqida 26 avgust kuni rasman ma’lum qilgan.
Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi sobiq xodimi bo‘lgan Rustam Abdumannopov konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatishda ayblanib, 2017 yilda 9 yilga qamalgan edi.
Huquq faoli 27 avgust kuni ertalab, Abdumannopov saqlangan Toshkent viloyat, Pskent tumanidagi 64/50-sonli muassasaga borganida, u yerda mahalliy jurnalistlarni uchratganini aytdi:
“O‘zbekiston-24” telekanalidan muxbirlar bor ekan. Ular 27 avgust oqshomida efirga uzatiladigan maxsus ko‘rsatuv uchun 4 mahkum va ularning yaqinlaridan intervyular olishdi. Koloniya ma’muriyatining ta’kidicha, ozod qilinayotgan mahkumlar, jumladan, Rustam ham prezident afviga binoan ozod qilingan”.
Shuningdek, 27 avgust kuni qamoqda 15 yil jazo o‘tagan Ruhiddin Faxriddinov ham ozod etildi. Yaqinlari uning qamoqdan chiqish jarayonini davlat telekanallari jurnalistlari to‘liq tasvirga olganini xabar qildi.
Yaqinlariga ko‘ra, Faxriddinov 27 avgust kuni ertalab jazo muddati tugashidan 2 yilu 3 oy oldin ozodlikka chiqarilgan.
"Qamoq muddati 17 yil edi, 2 yilu 3 oy oldin chiqarishdi. Afv bilan chiqdilar, prezidentga afv so‘rab, yozdirib olishgan edi", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Faxriddinovning yaqinlaridan biri.
27 avgust kuni ozod qilingan yana ikki mahbus: "Salafiylik" oqimi yetakchilaridan biri sifatida ayblangan Iskandar Xudoyberganov hamda konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblangan navoiyshunos olim Akrom Malik ham ozodlikka chiqarildi.
Akrom Malik muddatidan 2 yil oldin, Iskandar Xudoyberganov esa 5 yil oldin ozod qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 avgust kungi farmoni bilan jami 113 mahbus afv etildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, prezident Mustaqillikning 29 yilligi arafasida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan.
Afv etilgan shaxslarning 5 nafari asosiy jazodan ozod etilgan, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan.
Shuningdek, 40 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilgan.
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov uzoq yillardan buyon qamoqda saqlanib kelgan bu mahbuslarning bir kunda ketma-ket ozod etilishi quvonarli hol, dedi:
“Bilishimcha, Ruhiddin Faxriddinov, Akrom Malik, Rustam Abdumannopov va Iskandar Xudoyberganovlarning ozod qilinishida Prezident afvi qo‘llanilgan. Ular oylik maoshlaridan 20 foiz ushlab qolish sharti bilan ozod qilinishgan. Rustam Abdumannopovning ozod qilinishi jarayonida ko‘plab mahkumlarning ozodlikka chiqarilayotganiga guvoh bo‘ldim. Do‘stlarimizning ozod qilinishi juda quvonarli holdir” .
Akrom Malikning ozod etilishiga munosabat bildirgan «Erk» demokratik partiyasi yetakchisi Muhammad Solih ham, bu jarayonni olqishladi va hukumatni boshqa siyoiy mahkumlarni ham ozod qilishga chaqirdi:
“Bu harakatlar tendensiyaga aylanib orqaga qaytmaydigan tus olganda esa biz uzoq yillardan beri orzu qilgan siyosiy islohotlarning boshlanganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Boshlangan bu ijobiy jarayon yaqinda Qozog‘istondan ekstraditsiya etilib, Toshkentda tuhmat asosida xibs etilgan “erk”chi muallim Hurram Berdiyev va hur fikri uchun to‘rt yildan beri qamoqda ushlanayotgan Rustam Abdumavlonov, soxta ayblar bilan qamalgan ko‘plab dindorlarning ham ozod qilinishiga umid uyg‘otmoqda”, deb yozdi Muhammad Solih Facebook tarmog‘idagi sahifasida.
O‘zbekistonni 30 yilga yaqin boshqargan prezident Islom Karimov 2016 yilning sentabrida vafot etishi ortidan, 13 yil O‘zbekistonga bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka keldi.
Shundan beri siyosiy va diniy motivlar bilan uzoq yillarga qamalgan 50 ga yaqin mahkum ozod etildi.
Ammo, diniy motivlarda ayblangan yana minglab mahkum panjara ortida qolmoqda. Ularning safida, 27 avgust kuni ozod etilgan 4 kishidan tashqari, yana bir qancha nomi jamoatchilikka tanilgan shaxslar bor.
Jumladan, Xyuman Rayts Votch tashkiloti 2019 yilgi hisobotida kinorejissyor Mirsobir Hamidqoriyev, jurnalist Vladimir Kaloshin, sobiq harbiylar Ravshan Qosimov, Viktor Shin, Alisher Ochildiyevlar hanuz qamoqda qolayotganini ta’kidlagan.
Quyida 27 avgust kuni ozod qilingan 4 kishi haqida qisqacha ma’lumot bilan tanishing:
Ruhiddin Faxriddinov:
Toshkentdagi “Xo‘ja Nuriddin” masjidining sobiq imomi.
2006 yil yozida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158- (“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish”), 159- (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 242- (“Jinoiy uyushma tashkil etish”) va 244- (“Ommaviy tartibsizliklar”) kabi qator moddalarida ayblanib, 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari aybloviga ko‘ra, Ruhiddin Faxriddinov 90-yillar o‘rtalaridan O‘zbekistonda "islomiy davlat qurish yo‘lini tanlagan turli ekstremist oqimlar", jumladan, "vahobiylar oqimi rahnamolaridan biri"ga aylangan. Yaqinlari Ruhiddin Faxriddinovning esktremistik oqimlarga aloqasi borligi haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.
Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekiston SSR O‘rmon xo‘jaligi vaziri bo‘lgan Fazliddin Faxriddinovning farzandi - Ruhiddin Faxriddinov Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti arab tili bo‘limini tugatgan. 1992 yildan boshlab, besh yil davomida Toshkentdagi "Xo‘ja Nuriddin" masjidi imom-xatibi bo‘lgan.
Faxriddinov 27 avgust kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 14-sonli manzil koloniyada ozodlikka chiqarildi.
Rustam Abdumannopov:
Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi sobiq xodimi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 159- (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 244- (“Ommaviy tartibsizliklar”) moddalari bilan ayblanib, 2017 yilning yanvarida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Jinoyat ishi maeriallariga ko‘ra, Rustam Abdumannopov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazi xodimi sifatida O‘zbekiston Xalq harakati internet nashrida jamiyatga tahdid soluvchi, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan maqolalar yozib kelgan.
Shuningdek, 2016 yil avgustida Turkiyaning Istanbul shahrida "Erk" partiyasi rahbari Muhammad Solih bilan uchrashib, undan 150 AQSh dollari miqdorida qalam haqi olgani jinoyat ish materiallariga tirkalgan.
Rustam Abdumannopov 27 avgust kuni Toshkent viloyati, Piskent tumanidagi 64/50-sonli manzil koloniyadan ozodlikka chiqarildi.
Iskandar Xudoyberganov:
O‘zbekiston San’atshunoslik instituti talabasi bo‘lgan.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir yo‘la 14 ta moddasi, jumladan, 159- (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 242- (“Jinoiy uyushma tashkil etish”) va 244- (“Ommaviy tartibsizliklar”) kabi qator moddalarida ayblanib, 2002 yilning 28 noyabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘tkazilgan mahkamada o‘lim jazosiga hukm qilingan.
Xavfsizlik idoralari tomonidan "Salafiylar" diniy oqimining O‘zbekistondagi yetakchilaridan biri sifatida ko‘rilgan.
O‘zbekiston o‘lim jazosi ijrosiga moratoriy e’lon qilishi ortidan 2007 yilda bu jazo umrbod qamoqqa almashtirilib, jazo muddati 25 yil qilib belgilangan edi, so‘ngra bu muddat yana 2 yilga qisqartirilgan.
I. Xudoyberganov 27 avgust kuni Toshkent viloyatidagi 64/3-sonli Tovoqsoy qamoqxonasidan ozod qilindi.
Akrom Malik:
Abdulloh Nusrat taxallusi ostida muxolifat nashrlarida qator tanqidiy maqolalar yozgan, navoiyshunos olim.
2016 yilning 22 iyulida qo‘lga olingan, 2017 yilning 13 yanvarida JKning 159- (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244- (“Ommaviy tartibsizliklar”) moddalari bilan ayblanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi hukmi bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Tergov hujjatlarida qamoqqa olingan paytda Akrom Malikning cho‘ntagidan "Islom davlati" jangari guruhining qora bayrog‘i surati joylashtirilgan flesh-karta yozilgan.
Bu hujjatlarda Akrom Malikning 2015 yilda "Erk" partiyasi rahbari Muhammad Solih bilan elektron pochta orqali yozishgani ham jinoyat sifatida malakalangan.
Akrom Malikning (Akrom Malikov) ijodiy ishlari O‘zbekistondagi gazeta va jurnallarda nashr qilingan. “Buyur, ko‘ngiljonim” (2007), “O‘zlikka talab” (2012) she’riy to‘plamlari chop etilgan. Mumtoz o‘zbek adabiyoti, xususan , Alisher Navoiy ijodiga oid tahliliy maqolalari chop qilingan. "Alisher Navoiy ensiklopediyasi" mualliflaridan biri.
27 avgust kuni Toshkent shahridagi manzil koloniyadan ozodlikka chiqarildi.